OSON DARS
“Nolinchi” sinfda
O‘qiydi Jamol.
Qiziqib, unga
Berdim bir savol:
– Maktabda darsning
Osoni qaysi?
Deydi: “Eng osoni –
Tanaffus darsi”.
MISI CHIQDI
– Yuzingni yuvib
Kelgin, jon qizim.
– Yuvdim, oyijon,
Top-toza yuzim.
– Qo‘llaring kir-ku,
Yashirma bizdan.
– Qo‘llarimmi, vo-oy,
Chiqibdi esdan.
QOROVUL
– Ur-re!!!
Yutdik futboldan
Bugun 5-“B”ni, –
Maqtanadi Matqovul
Yig‘olmay lunj-labini.
Xol kiritdi ikkita,
Jasur urdi uchta gol.
O‘tkazmadik bitta ham,
Hisob bo‘ldi beshu nol.
– Xo‘sh, ne qilding sen o‘zing,
Ayt-chi bizga, Matqovul.
– Menmi… o‘yinchilarning
Papkasiga qorovul.
OVCHI
Maqtanadi Alisher:
– Otdim kecha katta sher.
Yana ikkita “paq-puq”,
Qarabsizki ayiq yo‘q.
Qushni oldim mo‘ljalga,
U ham quladi jarga.
Keyin uchta bo‘rini
Quritib xo‘b sho‘rini,
Qirib tashladim birga,
Kecha men kirib…TIRga.
MERGAN AKAM
Mergan akam
Bir o‘q bilan
Qulatadi
To‘ng‘izni.
Ammo qo‘lda
Tutolmaydi
Qo‘rqib, oddiy
Qo‘ng‘izni.
G‘AMXO‘R AKA
G‘olibjon ukasidan
Olar ekan olmasin,
Deydi: – Ma, kichikrog‘i,
Qo‘ling tolib qolmasin.
Xudoyberdi KOMILOV