August 18, 2023

MO‘JIZALAR OLAMI  

ANTIQA JAVOB

Geometriya darsida

Borar bahs, munozara.

Savol shunday berilgan:

– Nima asli doira?

Sinfdagi bolalar

Chuvillashar tinmasdan.

Javobni aytmoq bo‘lar

Bilib yoki bilmasdan.

Eng oxirgi partadan

Qo‘l ko‘tarar Tamtumboy.

To‘g‘ri javobni, balki,

Bilsa kerak, hoynahoy.

Birma-bir qarab ustoz,

Tamtumboyga yuzlandi.

Sal jilmayib qo‘ydi-da:

– Mayli, aytaqol, – dedi.

– Ustoz, – dedi Tamtumboy, –

– Doirani bilaman.

Ishonsangiz gapimga,

Har kun chalib ko‘raman.

Ustozi hayron bo‘lib:

– Rostdanmi? – deb so‘radi.

Sinfdoshlar javobdan

Lol qolib o‘tirardi.

– Rost, rost, – dedi Tamtumboy.

– Doira bu – chirmanda.

Sizga aytsam taka-tum

Tovushiga borman-da!

Shogirdining so‘zidan

Ustoz ham hayron edi:

– Bunday noyob javobni

Sira kutmovdim, – dedi.

* * *

Tamtumboy mana shunday

Lol qoldirar barchani.

Bundan to‘g‘ri javobni

Bilsangiz, ayting, qani!

MANTIQIY JAVOB

Ona tili darsida

Ustoz savol beradi.

Shogirdlar bilimini

Shunday sinab ko‘radi.

– Qani, aziz bolalar,

Birma-bir javob bering.

Qofiyaga misolni

O‘ylabroq aytib ko‘ring.

Tamtumboy darhol turib

– Sigir va biya, – dedi. –

Ikkalasi shubhasiz,

Bo‘lar qofiya, – dedi.

Ustozi hayron bo‘ldi

Tamtumboyning so‘zidan.

– Izohini aytgin, – der

Kulgi balqib yuzidan.

Dadil edi Tamtumboy

Bu savoldan qo‘rqmasdi.

Aniq javobni chunki

Sinfdoshlar bilmasdi.

– Qofiya, asli, ustoz,

So‘zdir juda ohangdosh.

Sigir va biya esa

Bir-biriga qarindosh.

Ikkisi ham sog‘ilsa,

Bir xil tiniq sut berar.

Bunday go‘zal qofiya

Yana qayerda bo‘lar?

* * *

Mantiqiy bu javobga

Bo‘lmadi hech e’tiroz.

Qofiyaga misolni

Siz ham ayting, iltimos.

ZIYRAK O‘QUVCHI

Botanika darsida

Ustoz berar ko‘p savol.

Bilimin sinab ko‘rar

Sinfdoshlar bemalol.

– Xo‘sh, ayting-chi, bolalar,

Tarvuz nega dumaloq?

Qovunning ayrim turi

Raketaday cho‘zinchoq?

Javob bo‘ldi betinim,

Ustoz qabul qilmasdi.

To‘g‘ri уechimni, afsus,

Qarang, hech kim bilmasdi.

Qo‘l ko‘tardi Tamtumboy,

Eng so‘ngida iymanib.

– Mayli, sen ham aytaqol, –

Dedi ustoz jilmayib.

– Ustoz, – dedi Tamtumboy, –

Javobini bilaman.

O‘simliklar urug‘in

To‘rqovoqda ko‘rganman.

Tarvuz urug‘in shakli

Oyga o‘xshash dumaloq.

Siz aytgan qovunlarning

Urug‘lari uzunchoq.

Qovun-tarvuz shu sabab

Urug‘iga o‘xshaydi.

Afsus, ayrim do‘stlarim

Buni nechun bilmaydi?

Tamtumboyning aqlidan

Ustoz ham hayron qoldi.

Ziyrakligi uchun u

Ikki karra “besh” oldi.

* * *

Siz ham aziz bolalar,

Sal ziyrakroq bo‘lingiz,

Har bir meva urug‘in

Bir-bir ko‘rib qo‘yingiz.

KIMYOGAR TAMTUMBOY

Kimyo fani ustozi

Shunday savol beradi:

– Qani, ayting, bolalar,

Suv qanday olinadi?

Ikki qo‘lin ko‘tarar

Sal shoshilib Tamtumboy.

Do‘stlaridan oldinroq

“Besh” olmoqchi, hoynahoy.

– Mayli, – dedi muallim,

Sen javobni aytaqol.

Tamtumboy qilig‘idan

Sinfdoshlar qoldi lol.

– Ustoz, – dedi Tamtumboy,

– Suv chelakda olinar.

So‘ngra uni taqsimlab

Chovgumlarga solinar...

Tamtumboy javobidan

Ustoz ham hayron edi.

Shogirdiga jilmayib,

Senga “dumli besh” dedi.

* * *

Mo‘jizalar olami

Kimyo fani, aslida.

Tamtumboy o‘qigandi

Uni bog‘cha, yaslida!

Bahrom AKBAROV