September 22, 2023

TONGDA ERTAK AYTISH BEHUDA

ORIFJON VA CHUVALCHANG

Dedi kichkina Orif:

– Men ilonni ushladim.

Tesha bilan bir urib,

To‘rtga bo‘lib tashladim!

Hamma uning gapidan,

Bo‘lib qoldi hangu-mang.

O‘sha ilon, aslida,

Edi oddiy chuvalchang!

GAPNING MAG‘ZI

Karimjon kattalarning

Gapiga bo‘ldi hayron.

Gapning mag‘zi bo‘larmi

Bu dunyoda hech qachon?

Oyisiga dedi u:

– Gapning mag‘zi bormikan?

O‘zi qanday edi u,

Ta’mi shunday zo‘rmikan?

Oyisi dedi kulib:

– Tushunmaysan bu gapga.

O‘zing olasan bilib,

Borganingda maktabga!

UYQU VAQTI

Jajji Anvar otasiga qarabdi,

So‘ng o‘ylanib otasidan so‘rabdi:

– Har kun kechda menga siz ertak aytib,

Uxlatasiz, axir bu qanday tartib?

Erta tongda ertak aytsa bo‘lmasmi?

Yo boshqa vaqt ertak esga kelmasmi?

Ota kulib, o‘g‘liga dedi shunday:

– Erta tongda ertak aytaman qanday?

O‘g‘lim, tongda ertak aytish behuda,

Axir, tongda sen bo‘lasan uyquda.

QALDIRG‘OCHNING INI

Pechkaning karnayiga

Qaldirg‘och in quribdi.

Mo‘ralasam ichida

Bolalari turibdi.

O‘ylab boqqanimizda,

Oxiri bo‘lar yomon:

Pechni yoqqanimizda,

Qushlar qolmaydi omon.

Men ularni avaylab

Karnay ichidan oldim.

Xavfsizroq joyga joylab,

Tagiga xashak soldim.

Me’morlikni o‘rgandim,

Keyin biroz oldim tin.

Hazil gapmi, qurgandim

Qaldirg‘ochga yangi in!

Shohida JO‘RAYEVA,

Qarshi davlat universiteti talabasi