October 6, 2023

TOMCHIVOY KURASHISHGA SHAYLANDI

MUZQAYMOQ

Dadam berdi singlimga

Muzqaymoq uchun ko‘p pul.

Do‘konga ketdi shoshib,

Juda xursand, misli gul.

Keldi quvonchdan yayrab,

Qo‘lida esa qaymoq.

Muzqaymoq olmadingmi?

Savol berdim o‘sha chog‘.

Javob berdi shodlikdan:

Opa, rangi ham oppoq.

Muzlatgichga solsak biz

Zo‘r bo‘ladi muz qaymoq.

Tasanno ABDUVAHHOBOVA,

Erkin Vohidov nomidagi

ijod maktabi 9-sinf o‘quvchisi

TOMCHI

Tarnov uzra bir tomchi

Maqtanarkan tinmasdan.

Shu on kelib izg‘irin

Gapin bo‘ldi bilmasdan.

Jahli chiqdi tomchining

Izg‘iringa baqirdi.

O‘z kuchiga ishonib

Jang qilishga chaqirdi.

Shiddat bilan tomchivoy

Kurashishga shaylandi.

Mag‘lub bo‘lib, afsuski,

Sumalakka aylandi.

Nodirabegim SAIDJONOVA,

Erkin Vohidov nomidagi

ijod maktabi 9-sinf o‘quvchisi

DOVUCHCHA

Yegim kelar dovuchcha

Qani bo‘lsa bir hovuch.

Istak shu bog‘ga bordim,

Orzu dedi meni quch.

Daraxt shoxidan ushlab,

Sanadim: bir, ikki, uch.

Va silkita boshladim,

G‘o‘ralar men tomon uch.

G‘azablangan daraxtdan

Tushdi kattakon g‘o‘ra.

Meni mo‘ljalga olib,

Boshimni qildi g‘urra.

Gulyora HOSHIMJONOVA,

Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi

9-sinf o‘quvchisi