August 11, 2023

QUSHLAR KABI QANOT QOQ  

Xurram RAYIMOV

* * *

Bola, bola, jon bola,

Orzusi jahon bola.

Keng olamni rom etgan,

Shodmon, bearmon bola.

O‘yin birla banddirsan,

Asaldirsan, qanddirsan,

Jonlarga payvanddirsan,

Bola, bola, sen bola.

Sharqiraysan, soydaysan,

Yoqimlisan, oydaysan.

Nazarimda bugun sen

Gijinglagan toydaysan.

Keng olamga kulib boq,

Qushlar kabi qanot qoq.

Bugun hamma, hammadan

O‘zingdirsan baxtliroq.

Bola, bola, jon bola,

Yuzlari shirmon bola.

Dunyolarning dardiga

Bo‘lguvchi darmon bola.

TOSHCHUMCHUQ

Bu qushning ziynati ko‘p,

G‘ayrati to‘lib-toshar.

Yaqindan taniganlar

Toshchumchuq deb atashar.

Ko‘rinishdan nozik u,

Patlari oqish-oqish.

Tumshuqchasi qop-qora,

Dumi kalta, mitti qush.

Moshdek bir juft ko‘zlari,

Olamga xushnud boqar.

Chug‘ur-chug‘ur sayrashi

Ko‘ngil shamlarin yoqar.

Bu qush shunchalar go‘zal,

Bu qush shunchalar nodir.

Tumshug‘i qattiq juda,

Toshni teshishga qodir.

SAVOL-JAVOB

– Hayotda eng ovqatxo‘r,

Kim bilar, qaysi hayvon?

Shermi, bo‘ri yo yo‘lbars,

Ayting-chi, qay tirik jon?

– Tinglagin, do‘stim Ali,

Ninachi u hoynahoy.

Qirqtalab pashsha har kun,

Qornidan oladi joy.

– Eb to‘ymas aniq bo‘ldi,

Javobing to‘g‘ri, Vali.

Shu bois qoyil qolib,

Aqlingga deymiz, balli!

ILONBALIQ

Na baliqsan, na ilon,

Qaysi turga mansubsan?

Ko‘rinishing g‘alati,

Aytgin, qanday maxluqsan?

Maqsading turli zotlar

Bir vujudda qolishmi?

Hayvonot dunyosida

Yangi dovruq solishmi?

Baliq, to‘rga tushishdan,

Yo cho‘chib qolganmisan?

Ilon, zahar solishdan,

Yo chindan tolganmisan?

XONQIZI

Termulib xonqiziga,

Nigohimiz qadaymiz.

Erkagini qanday qilib,

Shu nom bilan ataymiz.

TILLA QO‘NG‘IZ

Tilla qo‘ng‘iz deydi seni,

Balki tilla emassan.

O‘zgartirsak nomingni,

Misim chiqdi demassan.

MAQTANCHOQ

Uchar shishingan pufak,

Maqtanib keriladi.

Shamolga bo‘lib ermak

Paq etib yoriladi.

Xurram RAYIMOV