November 10, 2023

UYCHASINI KO‘CHIRDI ARANG  

Dilfuza KAMOLJONOVA

KUTILMAGAN MEHMON

Yelkasida kosasi,

Shilliqqurt shoshmay yurar.

Yashar gul yaprog‘ida,

Mevalarni xush ko‘rar.

Poliz to‘la noz-ne’mat,

Ziyofat xo‘p avjida.

Do‘stlarini mehmonga

Chorlab turar gohida.

Mayda pishar qulupnay,

Biram totli, mazasi.

Tovlanadi yoqutday,

Mevalarning sarasi.

Ishtaxasi ochilgan

Shilliqqurtga bir qarang.

Qulupnayzorga uychasin

Ko‘chirib o‘tdi arang.

XONQIZIGA

“Toqqa boring,

Boqqa boring,

Uchib keting”.

Tog‘dagi gul

Kosasiga

Ko‘chib keting.

Qir-adirda

Bolarilar

Asal terar.

Sizga demay,

Bolalarga

Bol, qand berar.

Egningizda

Atlasmi u

Alvon ko‘ylak.

Menga ham bir

Shoyi ko‘ylak

Tashlab keting.

BESHIKTEBRATAR

Beshiktebratar,

Beshik tebrating.

Gulning bargini

Qo‘shib tebrating.

Xamir qoring-u

Kulcha non yoping.

Somon soching-u

Pishiq loy teping.

Beshiktebratar

Yumushi qator,

Dam oling desam,

Boshin tebratar.

CHUMOLI POLVON

Chim ustida chumoli,

Yurar askar misoli.

Kun bo‘yi u yuk tashir,

Tartib bilan birma-bir.

Do‘stlari karvon-karvon,

Safda – chumoli polvon.

XO‘RAK

Qalin qamishzor ichra,

Qo‘shiq aytib “vaq-vaqa”.

Ko‘kda uchgan chivinni

Sanab o‘tirar baqa.

– Buncha shirin ovozi,

Qulog‘imga xush yoqar.

Ishtahamni ochgudek

Chiroyli qanot qoqar.

Yesammikan tushlikka,

Yo ilinsam do‘stimga.

Do‘mboq, totli chivinni

Yo‘q, bermayman hech kimga.

Og‘zini lang ochgancha

Uzoq tanladi xo‘rak.

Ilib ketdi baqani

Shartta, qorni och laylak.

Dilfuza KAMOLJONOVA