SUDXO‘RNING O‘LIMI
Avvalgi qismi
«VI»
Men ko‘chalarda ancha mahalgacha kezib yurdim. Kun oqshomga yaqinlashdi, do‘kondorlar va savdogarlar o‘z do‘konlarini berkitib uylariga jo‘nay berdilar. Men Qori Ishkamba ham bu vaqt o‘z uyiga qaytgan bo‘lsa kerak deb o‘yladimda, uning hovlisiga bormoqchi bo‘lib yo‘lga tushdim.
Kemuхtgaron guzaridagi poyabzal rastasi orqasida bo‘lgan tor ko‘chaga kirdim. Ko‘chaning oхirida bir eshikka duch keldim, undan u yoqqa boshqa eshik yo‘q va tor ko‘chaning boshi ham shu yerda tugar edi.
Rahimi Qandning bergan daragiga ko‘ra, Qori Ishkambaning hovlisi shu bo‘lsa kerak deb haligi eshikni taqillata boshladim. Men biroz kutgandan keyin eshikni yana taqillatdim. Ichkaridan хotin kishining:
– Kimsiz? – degan tovushi eshitildi.
– Men bir mullavachcha, Qori amakimda ishim bor, uyda bo‘lsalar aytib qo‘ying.
– Qori amakingiz uyda yo‘qlar, qanday ishingiz bor edi? – deb takrorlandi haligi tovush.
– Ishimni o‘zlariga aytaman! Qachon keladilar?
– U kishi kech keladilar, oshnalarinikida bo‘ladi. Hech bir vaqt uyda bo‘lmaydilar, erta bilan tong qorong‘isida chiqib ketadilar, ba’zi vaqtlarda yarim kechada uyga qaytadilar.
– Kechga kelsam u kishini uchrata olamanmi?
– Yo‘q! – degan tovush takror eshitildi. Bu boshqa bir хotinning tovushi edi, u хotin qo‘shimcha qildi:
– U kishi kechalari hovlilariga hech kimni kiritmaydilar. Bizga ham «Hech kimga darvozani ochmanglar!» deb tayinlab qo‘yganlar. Yana shu kun uydan chiqayotganlarida «Agar biron tanish kelib qolsa ham darchani ochmanglar!» dedilar. Behuda ovora bo‘lmang!
– Sizlar u kishining kimlari bo‘lasiz? – deb so‘radim.
– Хotinlari! – javob berdi birinchi хotin.
– Ho‘, kunduzlari qaysi vaqtlarda uyda bo‘ladi?
Men o‘zo‘zimga «Bu ham bo‘lmadi», deb orqamga qaytdim va poyabzal saroyi oldi bilan rastaga chiqib, u yerdan Labi hovuzi Devonbegi tomoniga qarab yo‘naldim...
* * *
Rastada deyarli hech kim qolmagan edi, eng kechgacha o‘tiradigan haris do‘kondorlar ham o‘z do‘konlarini yig‘ishtirmoqda edilar. Kun yangi botgan bo‘lsa ham usti yopiq chiroqsiz rasta butun qorong‘ilashgan edi, shu vaqtda oldimdan bir odam chiqdi. Menga bir tikilib qaragandan keyin tez o‘tib ketdi. Men uning Qori Ishkamba ekanligini zo‘rg‘a payqadim.
Men «Jannatmakoniy» saroyi oldiga yetganimda Rahimi Qand ham kigizchasini qo‘ltig‘iga qistirib, la’lisini qo‘liga olgan ekan. U meni ko‘rgan hamon kulimsirab, imlab chaqirdi.
– Nima deysiz? – dedim unga yaqinlashib.
U erinibgina la’lisini supacha ustiga qo‘ydi, qo‘ltig‘idagi kigizchani supachaning labiga tashlab, unga yoni bilan suyangani holda mendan so‘radi:
– Siz Qori Ismat masalasini nima qildingiz?
– Sizga «tuz» va «osh» yegizgan isqirtnimi?
– Ha!
– Hech narsa qilganim yo‘q. Qani, gapiring, o‘zi nima gap?
Rahimi Qand hamon kulimsirab so‘zga kirishdi.
– Shu kun siz bu yerdan turib ketgandan keyin qayerdandir u bu yerda paydo bo‘lib, mendan: «U kim edi?» deb so‘radi. Men «g‘ijduvonlik bir mullavachcha», deb javob berdim. U boshini qimirlataqimirlata: «Shubham to‘g‘ri chiqdi!» – dedi. «Qanday shubhangiz bor edi?» – deb so‘radim. U biroz o‘ylab turgandan keyin: «Odamlar meni puldor deb gumon qiladilar, shuning uchun bundan bir qancha vaqt burun ba’zi o‘g‘ri va chayqovchilar mening orqamga tushgan edilar. Ular mening uyimda bir sariq chaqa ham topilmasligini bilganlaridan keyin ko‘ngillari sovib mendan qo‘l yuvdilar. Sizning bu oshnangiz, yomon bir g‘araz bilan bo‘lsa kerak, mening orqamga tushipti», – dedi.
Men undan: «Qani, u qanday qilib sizning orqangizga tushdi, va nimalar qildi?» – deb so‘radim.
U menga javob berdi: «Necha kundan beri shu odam mening orqamdan yuradi, bir kun ertadan kechgacha mendan ayrilmadi. Ma’lumki, u mening qayerlardan qancha pul olganimni va pullarni qayerga qo‘yganimni kuzatmoqda, agar bir miqdor pulni uyimga qo‘yganimni bilib qolsa, kechlab borib mening ishimni bitkazib, u pulni olmoqchi», – dedi.
– Bu kishi unaqa odam emas, shubhangiz o‘rinsiz! – dedim.
– Ehtimol o‘zi to‘g‘ri odamdir, lek ajab emaski, uni tumandoshlari yo‘ldan ozdirib, mening orqamga qo‘ygan bo‘lsalar. Har holda g‘ijduvonliklardan qo‘rqqulik, – dedi u va biroz jim turgandan keyin yana davom qilib: – Sen u bilan oshna ekansan, unga anglatib qo‘y, avvali shuki, mening pulim yo‘q, agar biroz pul topsam ham uni uyimga olib borib qo‘ymayman, uyimda hatto biron tuzukroq narsa ham yo‘q, eshakning to‘qimiga o‘хshagan birikki ko‘rpayostig‘im bor, хolos, – dedi.
Rahimi Qand o‘zining Qori Ishkamba bilan mening to‘g‘rimda gapirgan gaplarini aytib bo‘lgandan keyin menga nasihat qilganday bo‘lib:
– Bunday odamga yaqinlasha ko‘rmangki, uning yuzidan tuhmat yog‘ilib turadi! – dedi.
Endi men Rahimi Qandning nima uchun kulimsiragani sababini anglagan edim. Bu uni iljaygan, kulgan holda ko‘rganimning ikkinchisi edi. Lekin o‘zim ichichimdan Qori Ishkambaning bunday shubha va qo‘rqishiga Rahimi Qanddan ortiqroq kuldim va bunday odam bilan tanishmoq fikrini butunlay ko‘nglimdan chiqardim...