Asarlar
April 11, 2020

BAHORNING O‘N YETTI LAHZASI

Avvalgi qism

«KIM ASLIDA KIM?»

 Shtirlits soat ettida, qosh qoraygan paytda qaytdi. U bu faslni juda sevardi: qor deyarli yo‘q, azonlab qarag‘aylarning uchiga quyosh nuri tushadi. Nazarida allaqachon yoz kelgandek tuyuladi, qani endi shunday bo‘lsa-yu, Mogelzeega jo‘nab, kun bo‘yi baliq ovlasang yoki maza qilib tebranuvchi oromkursida uyquni olsang.

Bu erda, Potsdamdan uncha uzoq bo‘lmagan Babelsbergda, o‘zining mo‘‘jazgina uyida yolg‘iz turardi; uning xizmatchisi bir hafta oldin Tyuringiyaga, toqqa, jiyaninikiga jo‘nab ketgan edi. Ayol ketma-ket bombardimonga bardosh berolmadi, asabi chidamadi.

Hozir uning uyini «Ovchi» qovoqxonasi xo‘jayinining qizi yig‘ishtirib turardi. U juda yosh, zehnli va chiroyli qiz edi. «Saksoniyalik bo‘lsa kerak, – o‘ylardi Shtirlits, qizning mehmonxonada katta changyutgich bilan gilam tozalashini kuzatarkan, – sochlari qop-qora, ko‘zlari moviy. To‘g‘ri, talaffuzi berlinliklarnikiga o‘xshaydi, lekin baribir, Saksoniyadan bo‘lsa kerak».

Shtirlits o‘zining eski soatiga nazar tashlab, o‘zicha o‘yladi: «Almashtirish payti kelibdi. Agar bu soatim yo tez yursa, yo orqada qolsa boshqa gap edi, unga moslashib olardim.

Lekin bu goh orqada qoladi, goh oldinga o‘tib ketadi. Shu ham soat bo‘ldi-yu».

– Soat necha bo‘ldi? – so‘radi Shtirlits.

– Yettiga yaqinlashdi...

Shtirlits kulib qo‘ydi: «Baxtli qiz... «Yettiga yaqinlashdi» deya oladi. Vaqtning oqibatidan qo‘rqmay, undan erkin foydalanadigan kishilar er yuzida eng baxtli kishilar bo‘lsa kerak... Ammo bu qiz berlincha talaffuzda gaplashar ekan, bunisi aniq. Hatto Meklenburg talaffuzidan ham nimalardir bor...»

Kelib to‘xtagan avtomobil ovozini eshitib:

– Qizaloq, bir qara-chi, kim keldi ekan? – dedi Shtirlits.

Shtirlits eshik ochilganini eshitdi, keyin qizcha u kamin yonidagi kursida o‘tirgan chog‘roqqina xona eshigidan mo‘ralab:

– Politsiyadan bir janob kelibdi, – dedi.

Shtirlits o‘rnidan turdi, suyaklarini shiqirlatib kerishdi, so‘ngra dahlizdan o‘tdi. U erda katta savat ko‘targan SS untersharfyureri turardi.

– Janobi shtandartenfyurer, haydovchingiz betob bo‘lib qoldi, oziq-ovqatlarni uning o‘rniga men olib keldim...

– Rahmat, – javob berdi Shtirlits. – Sovutgichga qo‘ying. Qizcha yordamlashib yuboradi.

U untersharfyurerni kuzatib chiqmadi. Xonaga qizcha sekingina kirdi va eshik yonida turganicha ohistagina:

– Agar gerr Shtirlits istasalar, men tunab qolishim ham mumkin, – dedi.

«Qizcha shuncha oziq-ovqatni birinchi marta ko‘rgan bo‘lsa kerak, – payqadi u, – bechora qiz». U ko‘zini ochdi, yana kerishib, javob qildi:

– Kerak emas... Go‘sht bilan pishloqning yarmisini shusiz ham olib ketaverishing mumkin.

– Yo‘g‘-e, gerr Shtirlits, – dedi u, – men ovqat uchun emas...

– Meni sevib qoldingmi, meni-ya? Sevaman degin? Yoki oppoq sochlarim tushingga kiradimi?

– Sochi oqarganlarni yoqtiraman...

– Mayli, qizaloq, oq sochlar haqida keyinroq suhbatlasharmiz... Turmushga chiqqaningdan so‘ng... Isming nima?

– Mari... Aytgan edim-ku... Mari...

– Ha-ya, aytgan eding, to‘g‘ri. kechir meni, Mari. Mariya Magdalina. Jajji Marilarning hammasi ham gunohga botadigan bo‘ladimi deyman-a? Yo‘lini qilmay, go‘shtni olaver.

Yoshing nechada?

– O‘n to‘qqizda.

– E, kap-katta qiz bo‘lib qolibsan. Saksoniyadan kelganingga ancha bo‘ldimi?

– Ancha. Ota-onam bilan ko‘chib kelganmiz.

– Bora qol, Mari, bor, damingni ol. Yana bombardimon boshlanib qolmasin, ketishda qo‘rqib yurma, men ham xavotir olib o‘tirmay.

Qiz ketdi. Shtirlits yorug‘lik o‘tkazmaydigan deraza pardalarini yopdi-da, chiroqni yoqdi. Engashib kaminga qarasa, o‘tin o‘zi yoqtirganiday quduq shaklida taxlab qo‘yilgan ekan, qalin ko‘k tovoqchada esa qayin po‘stlog‘i ham bor edi.

«Men unga bu haqda gapirmagandim... Yo‘q, aytgan ekanman. Shunchaki... Qizcha es-hushli ekan, – o‘yladi u, po‘stloqni yoqar ekan, – biz yoshlar haqida xuddi keksa o‘qituvchilar kabi o‘ylaydigan bo‘lib qolganmiz, chetdan qaraganda bu xiyla kulgili bo‘lsa kerak. Men bo‘lsam o‘zimni chol deb hisoblashga o‘rganib qolganman: har holda, qirq to‘qqiz yosh...»

Shtirlits quruq qayin o‘tin lovillab yonguncha kutib turdi-da, keyin radioning yoniga kelib, uning qulog‘ini buradi. Moskva ovozi: qadimiy romanslar ijro etilmoqda. Shtirlits bir vaqtlar Geringning o‘z shtabidagilarga: «Dushman radiosini tinglash vatanparvarlik emas, albatta, ammo men ba’zan biz haqimizda qanday safsatalar sotishayotgan ekan deb tinglagim ham kelib qoladi», deganini esladi. Geringning fahmsiz va qo‘rqoq odamligini Shtirlits o‘shandayoq sezgan edi: uning dushman radiosini eshitishini Myuller yollagan xizmatkor va haydovchi etkazib turardi. Agar «Ikkinchi raqamli fashist» shu yo‘sinda o‘zini oqlamoqchi ekan, bu uning qo‘rqoqligi va ertangi kuniga butunlay ishonchi yo‘qligini ko‘rsatardi, xolos. «U aksincha qilishi kerak edi, – o‘ylardi Shtirlits, – dushman radiosini tinglayotganini yashirmasligi lozim edi. Dushman bergan eshittirishlarga o‘ziga xos izoh berib, uning ustidan kulib hazil-mazax qilib yursa bas edi. Bu narsa tafakkuri sayoz Gimmlerga ta’sir qilishi mumkin edi.

Romans ohista fortepiano sadolari bilan tugadi. Moskva boshlovchisining – aftidan, nemis bo‘lsa kerak – uzoqdan eshitilayotgan ovozi juma va chorshanba kunlari beriladigan eshittirishlar to‘lqinlarini bera boshladi. Shtirlits raqamlarni yoza boshladi: bu – unga berilayotgan shifrlar, ya’ni, kalit edi. U buni olti kundan beri kutayotgan edi. U raqamlarni bir tekisda ustuncha tarzida yoza boshladi. Raqamlar ko‘p edi, shuning uchun ham boshlovchi, ularni yozib olishga ulgurolmas deb, yana bir bor takrorladi.

Keyin yana orombaxsh rus romanslari yangray boshladi.

Shtirlits kitob javonidan Monten asaridan bir jildini olib, raqamlarni so‘zga ko‘chirdi hamda buyuk va mo‘‘tadil fransuz mutafakkirining dono fikrlari bitilgan asarlari orasiga yashirilgan maxsus kodga solishtirdi.

Olingan radiogrammaning ma’nosini chaqib bo‘lgach, u raqamlar va so‘zlar yozilgach, qog‘ozni yondirib, kulini kamindagi kulga aralashtirib yubordi-da, yana ozgina konyak ichdi.

«Ular meni kim deb hisoblashyapti o‘zi? – o‘ylanib qoldi u. – Dohiy yoki har ishga qodir ilohiy odam debmi? Bunga aql bovar qilmaydi... Men bunday aloqalar borligiga ishonmayman...»

Shtirlitsning bunday deb o‘ylashiga asos bor edi, chunki Moskva radiosi orqali berilgan topshiriqda shunday deyilgan edi:

 

«ALEKS – YUSTASGA

Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, Shvetsiya va Shveysariyada SD xavfsizligi xizmati va SSning oliy zobitlari paydo bo‘lib, ular ittifoqchilar rezidentlari bilan aloqa bog‘lash yo‘llarini topishga uringanlar. Xususan, Bernda SD odamlari Allen Dalles xodimlari bilan aloqa bog‘lamoqchi bo‘lganlar. Siz aloqa bog‘lashga qaratilgan bunday urinishlar: 1) qalbaki ma’lumotmi, 2) SD oliy zobitlarining shaxsiy tashabbusimi, 3) markaz topshirig‘i bilan bajarilayotgan ishmi – ana shularni aniqlashingiz zarur.

Agar SD va SSning shu xodimlari Berlin topshirig‘ini bajarayotgan bo‘lsalar, ularni topshiriq bilan kim jo‘natganligini aniqlang. Aniqrog‘i: reyxning oliy rahbarlaridan qaysi biri G‘arb bilan aloqa bog‘lashni istayotganligini aniqlash zarur.

A l e k s».

Yustas uning o‘zi, shtandartenfyurer Shtirlits bo‘lib, u Moskvada polkovnik Maksim Maksimovich Isaev sifatida faqat uch oliy rahbargagina ma’lum edi...

* * *

...Bu kalit so‘zlar Shtirlitsning qo‘liga tegishidan olti kun burun, Stalin sovet xufiya laridan olingan so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishib, Yaqin oradagi boqqa maxfiy kuzatuv xizmatining boshlig‘ini chaqirib, unga bunday degan edi:

– Faqat chalasavod siyosatchilargina Germaniyani uzil-kesil kuchsizlangan va shu sababli xavfli emas deb hisoblashlari mumkin... Germaniya bamisoli oxirigacha qisib qo‘yilgan prujinadirki, uni ikki tomondangina katta kuch sarflab sindirish mumkin. Aks holda, bu prujina bir tomondan qisilaversa, u to‘g‘rilanib, ikkinchi tomonga zarba berishi mumkin va bu juda kuchli zarba bo‘ladi, birinchidan, shuning uchunki, gitlerchilarning ixlosmandligi ilgarigidek juda kuchli, ikkinchidan, Germaniyaning harbiy kuch-qudrati hali tugaganicha yo‘q. Shuning uchun fashistlarning G‘arbdagi sovet dushmanlari bilan bitim tuzishga qaratilgan har qanday urinishlariga siz birinchi galdagi vazifa deb qarashingiz zarur. Tabiiyki, – davom ettirdi Stalin, – yuz berishi mumkin bo‘lgan bunday separat muzokaralarda asosiy shaxslar Gitlerning partiya apparatida ham, xalq orasida ham obro‘-e’tiborga ega eng yaqin safdoshlari bo‘lishi mumkinligini hisobga olib qo‘ying. Xuddi shularni, ya’ni, uning yaqin safdoshlarini doimo ko‘zdan qochirmang. Shubhasiz, jar tepasida osilib qolgan zolimning yaqin safdoshlari o‘z hayotlarini saqlash uchun unga xoinlik qila boshlaydilar. Bu har qanday siyosiy o‘yin jabhasidagi aksiomadir. Agar yuz berishi mumkin bo‘lgan ana shu jarayonlarni ilg‘amay qolsangiz – unda o‘zingizdan ko‘ring.

* * *

Qaerdadir uzoq joyda havo hujumi trevogasi sirenalari uvillab, ketma-ket zenit to‘plari tilga kirdi. Elektr stansiyasi chiroqlarni o‘chirdi, Shtirlits esa kamin oldida uzoq vaqt qoramtir-qizg‘ish o‘tinlarni ko‘m-ko‘k olov chirmab olayotganini tomosha qilib o‘tirdi.

«Agar tutun yo‘lini bekitib qo‘ysam, – xayol sura boshladi Shtirlits, – uch soatdan keyin uxlab qolaman. O‘tirgan joyimda qotaman-qolaman... Bir vaqtlar Yakimankada buvim bilan menga is tegishiga oz qolgan edi. O‘shanda buvim xuddi shunday qoramtir-qizg‘ish o‘tinlarni ko‘m-ko‘k olov yamlab turgan paytda, vaqtidan burun pechka eshikchasini yopib qo‘ygan ekanlar. Biz zaharlangan gazning tusi ham, hidi ham yo‘q edi... Menimcha...»

Shtirlits kamindagi chalalar qop-qorayguncha kutib turdi, so‘ngra tutun yo‘lini bekitib qo‘ydi-da, shampan shishasi uchiga o‘rnatilgan shamni yoqdi va sham erib, shisha sirtida hosil bo‘lgan antiqa shaklni ko‘rib g‘oyatda taajjublandi. U juda ko‘p sham yoqqan edi, shishaning asl shaklidan esa hech nima qolmagan, qadimgi ko‘zachalarni eslatardi, faqat tusi oqimtirqizg‘ish edi. Shtirlits Ispaniyaga borgan do‘stlaridan o‘zi uchun rangli shamlar olib kelishlarini iltimos qilardi: keyin esa ajoyib shakldagi bunday mum ko‘zachalarni tanish-bilishlariga sovg‘a qilardi.

Yaqingina joyda ikki marta ketma-ket portlash ovozi eshitildi.

«Bombalar, – deb qo‘ydi u. – Nihoyatda bahaybatlari... mana, boplab tashlashyapti. Ha, qoyil qilishyapti. Urushning so‘nggi kunlarida bomba tagida qolish alam qiladi, albatta. Unda o‘zimiznikilar izimni ham topisholmaydi. Dom-daraksiz halok bo‘lishdan yomoni yo‘q. Sashenka, – u xotinining chehrasini ko‘z oldiga keltirdi. – Jajji Sashenkam va katta Sashenkam... Endi halok bo‘lish yarashmaydi. Endi qanday bo‘lmasin, omon qolish yo‘lini tutish kerak. Yolg‘iz o‘zing bo‘lsang, oson, unda halok bo‘lishdan ham uncha qo‘rqmaysan kishi. O‘g‘ling bilan diydor ko‘rishgandan so‘ng halok bo‘lish esa – dahshat. Sevgan qon-qarindoshlari qo‘lida tinchgina jon berdi, deb romanlarda yozganlar tentaklardir. O‘z bola-chaqalarining qo‘lida o‘lish, ularni so‘nggi bor ko‘rish, ularning yaqinligini sezish va shu hol so‘nggi bor yuz berayotganligini, bundan keyingi holat qop-qorong‘i dunyo va qarindosh-urug‘lar dog‘i-hasratda qolishini tushunishdan dahshatliroq narsa bo‘lmasa kerak...»