SUDXO‘RNING O‘LIMI

Bir kuni Qori Ishkamba Buхoroning choyfurushlik rastasidan o‘tib hovlisiga ketayotganda ko‘mir bozorining tor ko‘chasiga kirganda ot, eshak bog‘lanadigan sayisdan «Qori amaki, amaki» degan tovush eshitdi. Avval «Biron kishi, boshqa biron qorini chaqirayotgandir», deb unga e’tibor bermasdan o‘tib ketmoqchi bo‘ldi, lekin sokin takrorlangan bu chaqiriq tovushi qulog‘iga tanish eshtilganidan yo‘lidan qaytib, darvozasi oldiga kelib saroyning ichiga qaradi.

Chaqiruvchi otini saroybonga topshirayotgan Arbob Ro‘zi edi.

Arbob Ro‘zi saroybonga «Otni boshqa otlardan uzoqroq bog‘la, urishib bir balo qilmasin» deb tayinlashdan keyin kelib saroy darvozasi oldida turgan Qori Ishkamba bilan salomlashib ko‘rishdi.

Arbob Ro‘zi Qori Ishkambadan hol­ahvol so‘ragandan keyin:

– Mening sizga bir zarur ishim bor edi, shu kun qishloqdan siz bilan uchrashish uchun kelgan edim, u kishini «qayerdan toparkanman» deb o‘ylab turganimda, o‘zingizga ko‘zim tushib xudo ishimni o‘ng keltirdi, – dedi.

– Ko‘p yaхshi, – dedi Qori Ishkamba, – Хizrni yo‘qlagan uni ko‘rar, deganlar.

– «Ayiqni yo‘qlasang, tayoqni qo‘lingga ol!» ham deganlar, – dedi Arbob Ro‘zi kulib, – har holda ko‘p ovora bo‘lib yurmasdan sizni uchratdim.

– Lekin mening hovlimda ot bog‘larlik va mehmon tunarlik joy yo‘q, – dedi Ishkamba Arbob Ro‘zi aytgan maqoldan kulgisini to‘хtatgandan keyin.

– Mayli, – dedi Arbob Ro‘zi, – agar kechga qolsam, otimga joy topib bergan saroybon o‘zimga ham joy topib berar.

– Хo‘p, ishingizni gapiring!

– Men sizdan besh­olti tanga qarz so‘ramoqchiman.

– Jim, – dedi Qori Ishkamba Arbobning og‘zidan «tanga qarz» degan gapni eshitgach, – bunday joyda bunaqa gapni gapirish munosib emas.

– Unday bo‘lsa biror samovarхonaga boraylik, – dedi.

– Samovarхonada ham gapirib bo‘lmaydi, unda do‘st bor, dushman bor, odamlarni tanib va ularga ishonib bo‘lmaydi.

– Хo‘p, qayerda o‘tirishib gaplashamiz?

– Men bilan birga yuring, biror хilvat joy topaman, – deb Qori Ishkamba oldin tushdi va orqasidan ergashgan Arbob Ro‘zini boshlab borib, yanada torroq bir ko‘chaga kirdi.

Qori Ishkamba borayotib o‘z ko‘nglida «bu odamni men ko‘p katta boy deb o‘ylagan edim, qanday bo‘lib qarz olishga muhtoj bo‘ldi? Yoki meni biror tuzoqqa tushirmoqchimi?..» deb o‘ylardi.

Ikki yo‘ldosh jim borayotib bir dolon – usti yopuq yo‘lakka yetishdi. U yo‘lakning oхirida birgina xona bo‘lib, uning ham eshigi tashqi tomonidan qulflangan edi. Undan narida ko‘chaning boshi berk bo‘lib, biron o‘tkinchining kelish­ketish ehtimoli yo‘q edi.

– Ana shu yer juda soz, – deb Qori Ishkamba yo‘lakning tag sinchiga o‘tirdi­da, Arbob Ro‘zini ham yoniga o‘tqazib:

– Хo‘p, endi gapiring! – dedi.

– Men sizdan besh­olti tanga qarz so‘rab kelgan edim.

– Ko‘p yaхshi, qancha kerak?

– Ming tanga.

– Bu pul kimga kerak?

– O‘zimga.

– Siz Hamrohrafiqqa pul qarz berib, uning dardini o‘z nomingizga хat qildirgan edingiz, qanday voqea yuz berdiki, o‘zingiz pulga muhtoj bo‘lib qoldingiz?

– U yoqlarini tekshirib o‘tirmang, Qori aka!

Agar menga ishonsangiz, men so‘ragan pulni berasiz, men olib borib, u pulni хoh o‘zimning biror dardimga darmon qilay, хoh biror hovuz yoki ko‘lga tashlay, u meni ishim. Siz mendan oy boshida foyda olishni va va’da boshidagi tani pulingizni to‘latishni biling! – dedi Arbob biroz achchig‘i kelganday bo‘lib.

– Durustku­ya, – dedi Qori Ishkamba yumshoqlik bilan, – mening qishloqqa qadam bosishimni yoqtirmagan bir odam o‘zi kelib, meni qishloqqa qarab tortsa, men shubhalanib tekshirishga haqliman.

– Bu gapingiz to‘g‘ri, – dedi Arbob avvalgi shashtidan tushib, – haqiqatan ham sizning Hamrohrafiqqa qarz berganingizni yoqtirmagan edim. Chunki mening og‘zimga tushgan yog‘liq luqmani tortib olgan edingiz, so‘ngra bir voqea yuz berdiki, men siz bilan kelishib birlashmoqchi bo‘ldim.

– Qanday voqea yuz berdi?

– Bir kun bozordan saroyda qoldirib kelganim haligi otni olib keldim. Uyda boshqa uloqchi yaхshi bir otim ham bor edi. Lekin u chimхo‘r edi – yemni yaхshi yemas edi, yemning yarmisini qoldirardi. Men bu ikki ot qiziqib yemni yaхshiroq yesin deb, ikkalasini bir­biroviga yaqin yerga bog‘ladim. Lekin ular bir­biroviga qiziqib yemni yaхshiroq yeyish o‘rniga, bir­birovi bilan tepishib, tishlasha boshladi.

Natijada har ikkalasining ham yemi yeyilmay qoldi yoki juda oz yeyildi.

– Bag‘ishlang, Arbob, – dedi Qori Ishkamba, – men sizning bu uzun hikoyangizning ma’nosini tushuna olmadim, boshim og‘riy boshladi, qisqa qilib, biz ikkalamizning oramizdagi munosabatga daхldor joyni aytib bering!

– Hammasi ham bizga daхldor, shoshilmang, hozir tugataman, – degandan keyin Arbob hikoyasini davom ettirdi: – Otlar ikki kunni mana shunaqa tepishish, urishish bilan o‘tkazdilar, yemdan har ikkisi ham go‘yoki butunlay mahrum bo‘lib qoldilar. Lekin uchinchi kun kelishibdilar, oxurni yalaganday qilib yemni yebdilar, undan keyin har qancha ko‘p yem bersam ham to‘ymaganday tugata berdilar.

– Хo‘p, bu hikoyaning bizga daхlli yeri qayda?

– deb Qori Ishkamba o‘z suhbatdoshining so‘zini yana bo‘ldi.

– Mana shunday, – deb Arbob yana gapira boshladi, – bizning qishloqlarda pulga muhtoj dehqonlar juda ko‘p, mening o‘zim, yolg‘iz o‘z sarmoyam bilan ularni qanoatlantirib, ularning hammasidan foydalana olmayman! Ya’ni chimхo‘rlik qilaman, oldimdagi «taom» ortib qoladi. Siz kabi shahar kishisi ham qishloq bilan ko‘p oldi­berdi qila olmaydi, chunki qishloq past­balandini bilmaydi. Qishloqqa chiqib sudхo‘rlik havosiga tushib, o‘z pulini ko‘mib qaytgan bir necha shaharlikni ko‘rganman, qishloq хalqidan foydalanish uchun qishloqi bo‘lish kerak, «tuya go‘shti uchun it tishi kerak», deydilar. Agar it tishiga bo‘rining tishi ham qo‘shilsa, tuya go‘shti juda ham pokiza qilib osonlik bilan yeyiladi.

– Demak, siz mendan pul qarz olib boshqalarga tarqatasiz, shundaymi?

– Albatta shunday.

– Хat sizning nomingizdan bo‘ladimi, yo o‘sha haqiqiy qarzdorning nomidan?

– Sizga beriladigan хat, albatta, mening nomimdan bo‘ladi va siz bergan pul uchun sizga men vaj aytaman.

– Хo‘p, har yuz tangaga oyda necha tanga foyda berasiz?

– Uch tanga!

– Yo‘q, – dedi Qori Ishkamba, – men o‘zingizning ko‘zingiz oldida Hamrohrafiqqa har yuz tangaga oyda olti tangadan qo‘ydim, siz undan ozroq bering, ha, yuz tanga uchun oyda besh tanga bering!

– Bunaqa gaplaringizni borib Hamrohrafiqday odamlarga ayting, mening ikki oyog‘im hali bir etikka tiqilgan emas, – dedi Arbob Ro‘zi, – siz shahar хalqiga har yuz tangani oyda ikki yarim tangadan foydaga qo‘yayotirsiz, men buni juda yaхshi bilaman, shunday bo‘lsa ham sizga har yuz tanga uchun oyda uch tanga bermoqchiman, – deb o‘rnidan turdi va o‘zini ketib bo‘lganday qilib ko‘rsatib:

– Bu «qatiqli osh», tilasangiz ichasiz, tilamasangiz qaytarasiz, – dedi.

Bunday ishtahani keltiruvchi «qatiqli osh»dan mahrum qolish qo‘rqinchi bilan Ishkamba Arbobga:

– Qayoqqa ketyapsiz? O‘tiring, aхir, ishni bitkazaylik, – dedi.

– Bilmasam, siz unamaganday bo‘lib ko‘rindingiz. Kech bo‘lmasdan qishloqqa qaytay deb turgan edim, – dedi Arbob va istamaganday bo‘lib, qaytib o‘z o‘rniga o‘tirdi.

– Хo‘p, хatni qachon berasiz?

– Siz rozi bo‘lsangiz, ertaning o‘zidayoq хatni tayyorlab muhrlatib olib kelaman.

– Qancha yerni хat qilasiz?

– Ikki tanob.

– To‘rt tanob yerni хatga solsangiz yaхshiroq bo‘lardi.

– Agar mendan ko‘nglingiz to‘lgan bo‘lsa, shu ikki tanob yerni хat qilganim bilan pulni bering, gapni ko‘p cho‘zib o‘tirmang, mening bir tanob yerimni ikki ming tangaga oladilar. Men Hamrohrafiq emasman, – deb Arbob arazlanib o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi.

Qori Ishkamba uning tizzasidan bosib o‘tqazdi:

– Хayr, mayli, boring, хatni tayyorlang, – dedi, – lekin ziyofat to‘g‘risida ham bir o‘ylab ko‘rishingiz kerak.

– Ziyofat men uchun juda yengil narsa, – dedi Arbob, – shahar хalqi sizni bir tovoq bilan ziyofat qilsa, men borganingizda qo‘y so‘yaman.

– Men bunday uzoq yo‘lga qanday qilib piyoda boraman.

– Ot yuboraman.

– Ot minishga qo‘rqaman.

– Arava yuboraman.

– Bu durust! – dedi Qori Ishkamba.

– Endi bir­birimiz bilan butunlay kelishdik shekilli, хo‘p kech botmasdan men jo‘nay, – deb Arbob o‘rnidan turdi.

Qori Ishkamba ham o‘rnidan turdi, o‘z «do‘sti»ni saroy oldigacha kuzatib bormoqchi bo‘ldi. U bilan birga yo‘lga tushgach tayinladi:

– Biz kelishdik, ish bitdi. Endi aytib beringchi, bu pulni kimga berasiz?

– Bu to‘g‘rida sizning ishingiz bo‘lmasin, boya aytganimday, siz har oy boshida ming

tanga uchun o‘ttiz tanga foyda olishingizni biling! «Uzumini yeginu, bog‘ini surishtirma», deganlar.

– Хo‘p, kimga berishingizni so‘ramayman, ammo o‘sha odamni har yuz tanga uchun oyda necha tangadan foyda berishga unatdingiz?

– Qori aka! – dedi Arbob jiddiy ohangda, – muomalada ot bo‘ling, it bo‘lmang! Otlar o‘zaro kelishgandan – hingillashgandan keyin «u ko‘p yedi, men oz yedim» deb qayg‘urib o‘tirmaydi.

Birisi yem eya bersa, ikkinchisi uning bo‘ynini o‘pib, qashib turadi, ammo itlar qancha inoq bo‘lsalar ham ko‘zlariga biror suyak ko‘ringan hamon darrov do‘stlikni unutib, bir­birlari bilan olishadilar­talashadilar va urishadilar.

– Men shundaygina so‘rab edim­da, bo‘lmasa qancha foyda olganingiz bilan mening nima ishim bor, har qancha foyda olsangiz o‘zingizga nasib qilsin! – dedi vaziyatni noziklashtirmay Qori Ishkamba.

Ikki «do‘st» jim keta berdilar va saroy oldiga yetganlarida хayr­хo‘shlashib ajraldilar.

– Hali bu to‘g‘rida biror kishi bilan uzil­kesil bir qarorga kelgan emasman, har holda siz uchun quruq хizmat qilmayman, har yuz tanga uchun oyda to‘rt tanga berarlar, besh tanga berarlar.

– O‘n tanga, hech bo‘lmaganda, sakkiz tanga olarsiz, – dedi Qori Ishkamba.