Asarlar
April 11, 2020

OSHKORA QOTILLIK

Avvalgi qismi

Singlim yig‘lab yubormaslik uchun lablarini tishlaganicha uyga diltang kirib keldi. Onam oshxonada kuymalanar, mabodo yepiskop siymosini ko‘rish nasib etsa, dog‘da qolmay deya bozor kuni kiyadigan ko‘k gulli ko‘ylagini ustiga ilib olgan edi; u o‘zicha ishq­u jazmanlik xususidagi portugal xalq qo‘shig‘ini xirgoyi qilardi. Singlim dasturxonga bir kishilik ortiqcha nasiba qo‘yilganini aytgandi, onam:

– Bu Santyago Nasarniki, – dedi. – Qizim, axir uni o‘zing nonushtaga taklif etgansan­ku.

– Olib qo‘ying, – dedi Margot qat’iy.

U onamga ko‘chada eshitganlarini bir­bir aytib berdi. «Onam hamma gapni biladi, deb o‘ylagandim, – dedi singlim menga. – Chunki unga bir narsani ayta boshlasang, yarmiga bormay turib, oxiri nima bilan tugashini fahmlab olardi. Ammo bu mash’um xabar onamga ham birmuncha chigal tuyilib, hattoki u ham nochor ahvolda qoldi». Nasarning avlodiga tug‘ilganida onamning ismi bilan Santyago deb atashgandi, chunki onam uni cho‘qintirgan volida edi. Sharmandayi sharmisor kelinning onasi Pura Vikarioga ham onamning qarindoshchiligi bor edi. Onam singlimning bidirlashini oxirigacha eshitmay, azalarga kiyadigan qora ridosini, poshnador poyabzalini kiydi. Otam hali o‘rnidan turmagandi, oradagi gap­so‘zni eshitib, kutilmaganda, tungi xalatida u ham oshxonaga kirib keldi va xavotirlanib, onamdan qayoqqa otlanganini so‘radi.

– Boyaqish jigarim Plasidadan xabar olay, – dedi u. – Barcha xaloyiqqa egizak qassoblar uning o‘g‘lini o‘ldirmoqchi ekani ayon­u, u bechoraning uyi kuyib, hech narsadan bexabar o‘tiribdimish. He, dunyoning tashvishiyam qurib ketsin­a!

– Nasarlar ham, Vikariolar ham biz uchun qora ko‘zday yaqin va aziz, o‘ylab ish tutgin, onasi, – dedi otam.

– Har doim boshiga falokat tushganlarga qayishgan yaxshidir, – dedi onam.

Narigi xonadan ukalarim chiqib kelishdi. Kichkinalari yomon bir ish bo‘lganini sezib, yig‘lab yuborishdi. Onam, umrida birinchi marta bo‘lsa kerak, na hiqillayotgan dilbandlariga, na otamga e’tibor qildi. Otam uning nihoyatda qayg‘urayotganini anglab:

– To‘xtab tur, menam kiyinib olay, – dedi.

Onam bu paytda ko‘chaga chiqib ulgurgandi. Ukam Xayme ham kiyinib, maktabga jo‘nashga taraddudlanardi. Otam unga:

– Onang bilan birga bor, – deb buyurdi.

Nima gapligidan, qayoqqa borishayotganidan bexabar, Xayme onamning izidan chopa ketdi va unga yetib, qo‘lidan mahkam ushlab oldi. «U o‘zo‘zi bilan so‘zlashib borardi, – dedi menga Xayme. – Onam, bu salloh o‘lgurlar hayvondanam battar, turgan­bitgani falokat, – dedi past ovozda». U ukamni yetaklab borayotganini ham sezmagan. «Odamlar ahvolimni ko‘rib, bu xotin aqldan ozibdi deyishgandir, deya zorlandi onam menga keyin. – Olisdagi shovqin­suronni eshitganim esimda, nazarimda to‘y qaytadan boshlangan­u, olomon yana maydon tarafga chopib borayotganday tuyildi». U o‘zida yo‘q shoshib borarkan, butun g‘ala­g‘ovurning boisi qil ustida turgan inson hayoti ekanligini fahmlab, jon­jahdi bilan maydonga talpingan, biroq yo‘lda o‘tib ketayotgan allakim unga, azbaroyi rahmi kelganidan:

– Luisa Santyago, shoshmay qo‘ya qoling! – deya qichqirgan. – Uni o‘ldirib bo‘lishdi.

Bayyardo San Roman, bokira chiqmagan xotinini onasinikiga eltib tashlagan kuyov, bu makonda o‘tgan yilning avgustida, to‘yidan rosa olti oy oldin paydo bo‘lgan edi. U shaharchamizdagi bandargohda haftasiga bir marta to‘xtab o‘tadigan kemada kelgandi: o‘shanda uning oshlangan teridan tikilgan ikkita kumushbandli to‘rvasi­yu, kumush to‘qali tasmasi, etigi va qup­quruq bo‘yi bor edi, xolos. Aftidan yoshi o‘ttizlarda edi, ammo alp qomatligi uni navqiron qilib ko‘rsatardi, ko‘zlari tilladay tiniq, chaqnoq, rang­ro‘yi ham olovda toblanganday toza, yoqimli edi. Egnidagi ixcham kostyumi, torgina shimi asl novvos terisidan, echki terisidan tikilgan qo‘lqoplari esa kostyumiga hamrang edi. Kemada birga kelgan Magdalena Oliver butun yo‘l davomida undan ko‘z uzolmagan. «Qizlarga xos husnli yigit ekan, – dedi u menga. – Esiz­esiz! Shunaqayam yoqimliki, bir piyola suvga qo‘shib yutib yuborsam, deysan odam!» Avvaliga sho‘rlik Magdalena ham, ko‘pchilik kaltabin kimsalar ham Bayyardo San Romanning uncha­muncha xotin zotining tishi o‘tmaydigan toshyong‘oqligini fahmlashmagan.

Onam menga, maktabimga avgustning oxirlarida yuborgan xatida: «Bu yerga ajoyib bir yigit keldi», – deya shunchaki eslab o‘tgandi. Keyingi maktubida esa: «Uning ismi Bayyardo San Roman ekan, aytishlaricha, g‘oyatda jozibali yigit emish, biroq men hali o‘zini ko‘rmadim», – deb yozdi. Uning nima sababdan bizning joylarga qadam ranjida qilganini hech kim bilmagan. To‘y arafasida kimdir, uni sinash uchunmi, shu xususda so‘raganida, u: «Men kimga uylanay ekan, deb shaharma­shahar kezib yurgandim, chamamda, taqdir nasibamni shu yerga qo‘shgan ekan», – deb qo‘ya qolgan. Bu gap rost bo‘lishiyam mumkin, ammo u ichidagini sirtiga chiqarmaslik uchun har qanaqa yolg‘onniyam yamlamay yutib, mardumni ishontirib, laqillatib ketaveradigan yigitlar xilidan edi.

U birinchi kuniyoq, kechasi kino ko‘rib o‘tirishganda, odamlarga bu yerda tezda temir yo‘l qurish kerakligini, ana o‘shanda butun shahar ahli daryoning qosh­qovog‘iga qarab o‘tirmasdan, istagan paytda xohlagan tomoniga ketaverishi mumkinligini aytib, o‘zining temiryo‘l qurilishi bo‘yicha muhandis ekanligini pisanda qilgan. Ertasiga telegramma yubormoq niyatida telegrafxonaga kirgan, uskunani o‘z qo‘li bilan ishlatib, kerakli gaplarni o‘zi xabar qilgan, keyin telegrafchi qizga kuchsizlangan batareyalarni qanday quvvatlantirish lozimligini tushuntirgan. Qo‘shinga askar to‘plash maqsadida bizning shaharchaga kelgan harbiy shifokor bilan esa chegarada uchrab turadigan turli xastaliklarni qanday davolash haqida dadil suhbatlashgan. Unga tongotargacha cho‘ziladigan shavqli­shovqinli bazmlar yoqarkan, o‘zi ham mayxo‘rlikni qiyib qo‘yarkan, janjallashib qolganlarni ustomonlarcha yarashtirar, qimorda g‘irromlik qiluvchilar bilan chiqisholmas ekan. Bir kuni, yakshanba ibodatidan so‘ng, suzong‘ich yigitlardan ikkitasini chaqirtirgan­da, suzong‘ichlar bizning joylarda ko‘p bo‘ladi, daryoning u yog‘idan bu yog‘iga kim o‘zarga suzishgan va hariflaridan zo‘rini yigirma sarjin orqada qoldirib, g‘olib chiqqan. Onam menga bir nomasida shu xususda yozarkan, o‘z odaticha hovliqib: «U oltin­u tillalar ichida ham shunday suzsa kerak», – deya mahobat qilgandi. Inchunun, u odamlar orasidagi shov­shuvga – Bayyardo San Roman behad moliyaviy imkoniyatlarga ega, beli baquvvat, qo‘li uzun, istagan ishini qila oladi, degan gaplarga ham ishongan.

Onam menga oktabrda yozgan xatida uni rosa maqtagan va: «Odamlar uni judayam yaxshi ko‘rishadi, chunki halol, ko‘ngli toza yigit; o‘tgan yakshanbadagi ibodatda u cho‘kka tushib, munojot qildi, lotincha hamd o‘qishdayam o‘zini ko‘rsatdi, baraka topgur», – degan edi. O‘sha paytlari cherkov ishlari lotin tilida yuritilardi, obidalarning tik turib ibodat qilishi taqiqlangani hammaga besh qo‘lday ayon edi, biroq agar bir narsaning tagiga yetishni istasa yo biror narsa yoqib qolsa, onamning ana shunday keraksiz tafsilotlarga urg‘u beradigan odati bor edi. Bu yigit behad ulug‘langan ana shu xatdan keyin onam menga yana ikkita maktub yo‘lladi, biroq ularda, garchand bu davrga kelib, Bayyardo San Romanning Anxela Vikarioga uylanayotganini butun el­yurt eshitgan bo‘lsa­da, bu haqda biror og‘iz so‘z demagan edi. Mash’um to‘ydan keyin, ancha vaqt o‘tgach, o‘sha kunlari Bayyardo bilan yaqindan tanishganini, taassufki, u aks taassurot qoldirganini va o‘sha – oktabrda yozgan xatida xato qilganiga, muloqot asnosida yigitning oltinga o‘xshash sariq, yiltiroq ko‘zlarini ko‘rib, qo‘rquvdan titrab ketganiga iqror bo‘ldi.

– Ko‘zimga ajinaga o‘xshab ko‘rindi, o‘lsin, – dedi onam menga. – Axir o‘zing aytganding­ku, bunday narsalarni oq qog‘ozga yozib o‘tirmang, deb, shuning uchun indamay qo‘ya qolgandim.

Men Bayyardo San Roman bilan onamdan sal keyinroq, rojdestvo hayiti munosabati bilan ta’tilga kelgan kunlarimda tanishgandim, u menga vahima qilganlariday g‘alati, favqulodda inson kabi tuyilmagandi. Chindanam yoqimtoy, xushraftor edi, ammo Magdalena Oliver og‘iz ko‘pirtirganiday vali­yu vallomat emasdi. Fikri ojizimcha, mayda­chuyda qiliqlaridan qat’i nazar, jiddiy shaxs edi, xush­xandon paytlarida ham ichidagi bir dard zarbi chehrasida aks etib turardi. Mening nazarimda, mahzun­u dardkash bir inson edi. O‘shanda u Anxela Vikario bilan unashtirilgandi.

Ularning qanday, qachon tanishib­topishganlari xususida hech kim menga biror aniq ma’lumot berolmadi. Bayyardo San Roman yashagan bo‘ydoqlar istiqomatgohi sohibasining aytishicha, u ayni qiyom paytida, oromxonadagi halinchakda tebranib, mudrab o‘tirganida, sentabr oyining oxirlari ekan, qog‘oz gullar solingan savatni ko‘tarib, Anxela Vikario va uning onasi maydonni kesib o‘tishgan. Bayyardo San Roman ko‘zlarini yarim ochib, boshdan­oyoq qora kiyingan ikki motamzadani ko‘rgan, quyosh nurlari jivirlab, sarobiy to‘lqinlar jilvalanayotgan maydondan o‘tayotgan ana shu ikki qora sharpa yigitning nazarida atrofdagi birdan bir tirik jonzotday tuyilgan. U musofirxona sohibasidan qizning kimligini so‘raganida, xotin uning Anxela Vikarioligi, yonidagi onasi, u kenja qiz ekanini aytgan. Bayyardo San Roman ikkala o‘tkinchini maydon hadiga yetgunicha kuzatib turgan. So‘ngra:

– Ismi jismiga monand ekan*, – degan u.

  

--------------

* So‘z o‘yini: ispancha, angel – farishta, lotinchada, vikarius – yordamchi, o‘rinbosar degani.