MURAKKAB SAVOLLARGA ODDIY JAVOBLAR
Insonlar doim murakkab savollarga javob izlagan. Biz qayerdan kelib qoldik? Borliq qanday paydo bo‘ldi? Buning barchasida biror ma’no va maqsad bormi? Borliqda bizdan boshqa yana kimdir bormi? Dunyoning yaralishi to‘g‘risidagi eski nazariyalar hozir o‘z dolzarbligi va ishonchliligini yo‘qotgan. Ularning o‘rnini “Yangi davr” va “Yulduzlar jangi” singari faqat uydirma deb atash mumkin bo‘lgan turli hikoyalar egallagan. Ammo haqiqiy fan ilmiy fantastikadan g‘aroyibroq va qoniqarliroq bo‘lishi mumkin.
Men olimman. Fizika, kosmologiya, Borliq va insoniyat kelajagiga chuqur qiziqishga ega olim. Ota-onam meni o‘ta qiziquvchan etib tarbiya qildilar va men otamga o‘xshab ilmiy izlanishlar olib borib, ilm-fan oldimizga qo‘yadigan savollarga javob berishga harakat qildim. Men butun umrimni xayolan butun Borliqni sayohat qilib o‘tkazdim. Nazariy fizika orqali bir nechta murakkab savollarga javob topishga muvaffaq bo‘ldim. Hatto, bir vaqt biz biladigan fizikaning oxirini ham ko‘raman, deb o‘yladim, lekin hozir o‘ylashimcha, Borliqning savollari men ketganimdan keyin ham uzoq vaqt insonlarni o‘ylantiraveradi. Biz ko‘p javoblarga yaqinmiz, ammo hali ularni topmadik.
Muammo shundaki, aksariyat odamlar asl ilm-fan o‘ta murakkab va uni tushunish qiyin, deb biladi. Menimcha, unday emas. Borliqni boshqarib turadigan asosiy qonuniyatlar yo‘nalishida izlanish qilish vaqt talab etadi, u esa ko‘plab insonlarda shunchaki yo‘q. Barchamiz nazariy fizika bilan shug‘ullanganimizda dunyo tezda boshi berk ko‘chaga kirib qolgan bo‘lardi. Lekin asosiy qonuniyatlarni tushunarli tilda tenglamalarsiz yetkazib berilsa, ko‘plab odamlar anglashga qodir. Men buning iloji borligiga ishonaman va butun umr shunga harakat qilish menga zavq bag‘ishlagan.
Hayot bo‘lgan va nazariy fizikada izlanish olib borgan vaqtlarim sharafli onlar bo‘ldi. Borlig‘imiz haqidagi tasavvurlar so‘nggi ellik yilda tubdan o‘zgardi va agar bunga hissa qo‘shgan bo‘lsam, chin qalbimdan juda xursandman. Fazo asri bizga bergan eng buyuk kashfiyotlardan biri shuki, u insoniyatni “biz” deb fikrlashga o‘rgatdi. Fazodan er sharini ko‘rsak, o‘zimizni bir butun, deb ko‘ramiz. Biz birdamlikni ko‘ramiz, tafovutlarni emas. Ajoyib ma’noga ega oddiy tasavvur: bir sayyora – bir insoniyat.
Jahon hamjamiyatimizga tahdid soluvchi asosiy muammolarga zudlik bilan yechim talab qiluvchilarga men ham o‘z ovozimni qo‘shib qo‘ymoqchiman. Umid qilamanki, odimlaganimiz sari, hatto men bo‘lmasam ham, qudratga ega insonlar ijodkorlik, jasorat va yetakchilik ko‘rsatadilar. Ular barqaror rivojlanish masalalariga ham yetib boradilar va shaxsiy emas, balki umumiy manfaatlardan kelib chiqib ish tutadilar degan umiddaman. Men vaqtning qadrliligini juda yaxshi bilaman. Fursatdan foydalanib qoling. Hoziroq harakat qiling.
***
Hayotim haqida oldin ham yozganman, lekin murakkab savollar tufayli qiziq o‘tganini eslar ekanman, ba’zi hayotiy tajribalarim yana qaytarishga arziydi.
Men Galileo o‘limidan roppa-rosa 300 yil o‘tib tug‘ildim va bu tasodif mening ilmiy hayotim aynan shunday o‘tganiga o‘z hissasini qo‘shgan, deb o‘ylagim keladi. Biroq mendan boshqa yana taxminan, ikki yuz mingta chaqaloq o‘sha kuni tug‘ilgan. Ularning birortasi keyinchalik astrologiyaga qiziqqanmi, yo‘qmi, buni bilmayman.
Men Londonning Haygeyt dahasida, baland va tor viktoriyancha uyda katta bo‘ldim. Uni ota-onam Ikkinchi jahon urushi vaqtida hamma Londonga bomba tushib, yer bilan yakson bo‘ladi deb o‘ylab yurganda arzon narxga sotib olishgan. Haqiqatdan ham V-2 raketasi bir necha uy nariga tushdi, biz onam va singlim bilan uzoqda edik, hayriyatki, otamga ham hech narsa qilmagan. Bomba tushgan joyda katta o‘yiq hosil bo‘lgandi. U yerda biz do‘stim Govard bilan bir necha yillar birga o‘ynadik. Biz portlash natijalarini katta qiziqish bilan tahlil qilardik. Xuddi shunday qiziqish meni butun umrim davomida tetiklashtirib turdi.
1950 yilda otamning ish joyi Londonning shimoliga, Mill Hillda yangi ochilgan Tibbiy izlanishlar Milliy Institutiga ko‘chdi. Biz uning yaqinidagi Sent-Albans shaharchasiga ko‘chib o‘tdik. Men o‘n yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalarni ham qabul qiladigan qizlar maktabida o‘qidim. Keyinchalik, Sent-Albans maktabiga bordim. Men sinfimizdagilarning yarim bilimiga ham ega emas edim – u juda aqlli bolalar sinfi edi, lekin sinfdoshlarim menga Eynshteyn, deb laqab qo‘yishgandi. Demak, ular menda yaxshiroq yana nimanidir ko‘ra olishgan. O‘n ikki yoshimda bir do‘stim boshqa do‘stim bilan mening hech kim bo‘la olmasligim ustida bir qop shirinlikka garov o‘ynagan.
Sent-Albansda olti-ettida yaqin o‘rtog‘im bor edi va biz ular bilan radio-boshqaruvli qurilmalardan tortib din ishlari masalalarigacha uzoq bahs va munozaralar olib borganimiz esimda. Biz bahslashgan murakkab savollardan biri – Borliqning yaralish manbasi, ya’ni uni yaratgan va yuritib turgan Xudo bor yoki yo‘qligi haqida edi. Uzoq galaktikalarning yorug‘ligi spektrning qizil tomoniga ko‘chgani va bu hodisa Borliq kengayishini anglatishini eshitgandim. Ammo qizil ko‘chishga boshqa sabab borligiga ishonardim. Balki, nur bizga yetib kelguncha charchab, qizarib ketar? Abadiy o‘zgarmas va cheksiz Borliq menga ancha tabiiyroq ko‘rindi. (Bir necha yillardan keyingina, doktorlik izlanishimga ikki yil davomida kosmik mikroto‘lqinli fonlarni qo‘shgach nohaqligimni angladim.)
Meni doim turli mexanizmlar qanday ishlashi qiziqtirib kelgan, buni bilish uchun ularni qismlarga ajratar edim, ammo ularni qayta yig‘ishni har doim ham o‘xshata olmas edim. Mening amaliy qobiliyatlarim hech qachon nazariy bilimlarimga tenglasha olmasdi. Otam meni ilm-fanga qiziqtirgan, Oksford yoki Kembrijga o‘qishga kirishimni istardi. Uning o‘zi Oksford Universiteti kollejida o‘qigan, shuning uchun men ham o‘sha yerga topshirim kerakligini aytardi. O‘sha paytda u yerda matematika yo‘nalishiga imtiyozlar yo‘qligi tufayli tabiiy fanlar bo‘yicha grantga topshirishdan boshqa tanlovim yo‘q edi. Muvaffaqiyatli o‘tganimdan o‘zim ham hayron qoldim.
O‘sha davr talabalari orasida sovuqqon munosabat urfda edi. Siz hech qanday qiyinchilikni ko‘rsatmasdan a’lochi bo‘lishingiz, yoki o‘z kamchiliklaringizni tan olib, to‘rtinchi darajaga rozi bo‘lishingiz kerak edi. Men buni deyarli hech narsa qilmasdan, faqat o‘qishga chorlov deb qabul qildim. Men bu bilan faxrlanmayman, shunchaki, o‘sha davrda bu narsa talabalarni farqlarga bo‘lib turardi. Kasallagimning natijasi – o‘qishga bo‘lgan munosabatimni o‘zgartirishim bo‘ldi. Inson erta o‘lim topishini bilsa, u o‘z umri tugashiga qadar juda ko‘p narsalar qilib qolmoqchi ekanini anglab yetadi.
Aytarlik dars tayyorlamaganim uchun, aniq bilim talab qiladigan savollardan o‘zimni olib qochib, nazariy fizikadagi muammolarga diqqatimni jamlash orqali yakuniy imtihondan o‘tib ketaman, deb rejaqilgandim. Ammo imtihondan bir kecha oldin umuman uxlamadim va yaxshi javob bera olmadim. Men birinchi va ikkinchi daraja o‘rtasida qolib ketdim. Men qaysi daraja bilan bitirishimni aniqlash uchun meni suhbatdan o‘tkazishlari kerak edi. Suhbatda mendan kelajakdagi rejalarim haqida so‘rashdi. Men ilmiy izlanish qilmoqchiligimni aytdim. Birinchi daraja bilan bitirsam Kembrijga ketardim. Ikkinchi daraja berishganda Oksfordda qolardim. Menga birinchi darajani berishdi.
Yakuniy imtihondan keyingi uzoq ta’til vaqtida kollej bir nechta sayohat grantlari taklif qildi. Qancha uzoqqa borishni tanlasam, uni yutib olish ehtimolim shuncha ko‘p bo‘ladi deb o‘yladim va Eronga bormoqchiligimni aytdim. 1962 yilning yozida yo‘lga tushdim, poyezdda Istanbulgacha bordim. So‘ng Turkiya sharqidagi Erzerumga, u yerdan Tabriz, Tehron, Isfaxon, Sheroz va qadimda Fors Qirolliklarining poytaxti bo‘lgan Persepolis shaharlariga bordim. Ortga qaytishda sayyoh sherigim Richard Chin bilan Rixter shkalasi bo‘yicha naqd 7.1 balli, 12000 ming insonning hayotiga zomin bo‘lgan Buin-Zahra zilzilasining deyarli epitsentriga tushib qoldik. Adashmasam, men zilzila epitsenteri yaqinida edim, ammo betobligim tufayli bundan bexabar edim, qolaversa, avtobus Eronning notekis yo‘llarida zilzilasiz ham sakrab-sakrab borardi.
Keyingi bir necha kunni Tabrizda qolib, kuchli dizenteriya hamda avtobus silkinib, meni oldingi o‘rindiqqa uloqtirib yuborganda singan qovurg‘amni davoladik. Forscha bilmaganimiz uchun fojiadan bexabar qoldik va Istanbulga yetib borgachgina nima bo‘lganini bildik. O‘n kundan beri mendan intiqlik bilan xabar kutayotgan ota-onamga xat yozdim. Negaki, ularga oxirgi yozgan xatimda Tehrondan zilzila sodir bo‘lgan shaharga ketayotganimni aytgandim. Bo‘lib o‘tgan fojiaga qaramasdan, menda Erondan iliq xotiralar qolgan. Shidditli qiziquvchanlik insonni ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin, ammo umrim davomida bu yagona shunday hodisa bo‘ldi.
1962 yilning oktyabrida Kembrijning amaliy matematika va nazariy fizika bo‘limiga kirganimda yigirma yoshda edim. O‘sha davrning mashhur Britan astronomi (astronom deyishimga sabab – u paytda kosmologiya hali rasman fan sifatida ma’lum emasdi) Fred Hoylning darslariga yozildim. Biroq Hoylning darslarida talabalar yetarli bo‘lgani uchun, baxtga qarshi, men hech qachon eshitmagan Dennis Siamaga biriktirildim. Shunday bo‘lsa ham, Hoylning talabasi bo‘lmaganim ayni muddao bo‘lgan, chunki, uning turg‘un olam nazariyasini himoyasiga ko‘milib ketgan bo‘lardim. Bu esa Breksitni munozaralaridan ham qiyin bo‘lgan bo‘lardi. Men esa nisbiylikning umumiy nazariyasi bo‘yicha eski darsliklarni o‘qiy boshladim – har doimgiday eng jiddiy va murakkab savollarga javob qidira boshladim.
Orangizda Eddi Redmeyn mening kelishgan ko‘rinishimni ijro etgan filmni ko‘rganlar bo‘lsa kerak. Xuddi shu filmdagi kabi, Oksfordda 3-kursligimda o‘zimda qandaydir “nosozlik” larni seza boshlaganman. Qaytaqayta yiqilib tushaverardim, ammo sababini bilmasdim. Qayiqda to‘g‘ri eshkak esholmay qolganimni ham o‘shanda sezdim. Menda qandaydir jiddiy muammo borligi ravshan edi va doktor menga pivoni tashlashni aytganda juda xafa bo‘ldim.
Kembrijga kelgan yilim qish juda sovuq edi. Rojdestvo ta’tilida, onam Sent-Albansdagi ko‘lda muz uchishimga men bunga yaramasligimni bilsam ham zo‘rg‘a ko‘ndirdi. Men yiqildim va qayta oyoqqa turishga o‘ta qiynaldim. Onam muammo jiddiyligini sezdi va meni doktorga olib bordi.
Londondagi Avliyo Varfolomey shifoxonasida bir necha hafta yotdim va ko‘plab tekshiruvlardan o‘tdim. 1962 yildagi tekshirishlar hozirgilar bilan taqqoslaganda o‘ta sodda edi. Qo‘limdan muskul to‘qimasi namunalarini olishdi, boshdan oyoq elektrodlar yopishtirib tashlashdi, umurtqamga rentgenda ko‘rinadigan suyuqlik yuborib, to‘shagimni oldiorqasini ko‘targanda, doktorlar uni ekranda goh tepaga, goh pastga yurishini tomosha qilardilar. Ular menga hech muammo nimadaligini aytishmasdi, lekin nima bo‘lganda ham jiddiy kasallik ekanini sezib turardim, shuning uchun so‘ragim ham kelmasdi. Shifokorlarning suhbatidan shuni angladimki, “u” – tushunarsiz kasallik, faqat og‘irlashib borishini, vitamin berishdan boshqa hech narsa qo‘llaridan kelmasligini anglab yetdim. Chindan ham, meni tekshirgan doktor qo‘lini yuvib, qo‘ltiqqa urdi, uni boshqa ko‘rmadim.
Bir kuni menga qo‘yilgan tashxis yonbosh amiotrofik sklerozi, bosh va orqa miyaning nerv to‘qimalari atrofiyalashib (kamayib), zarar ko‘rishi yoki qattiqlashishiga olib keladigan harakat neyronlari kasalligi ekanini bilib oldim. Yana shuni bildimki, bu kasallikka chalinganlar sekin-asta o‘z harakatlarini nazorat qilish, gapirish, ovqatlanish va nihoyat, nafas olish qobiliyatlarini ham yo‘qotishar ekan.
Kasalligim tez rivojlanayotgandek tuyilardi. Tabiiyki, tushkunlikka tushdim va doktorlik izlanishimni davom ettirishdan ma’no ko‘rmay qoldim. Chunki, uni tugatishga umrim yetish-etmasligini bilmasdim. Keyin kasallikning rivojlanishi sekinlashdi va menda ishlash uchun yana ishtiyoq paydo bo‘ldi. O‘ylaganlarimning hammasi yo‘qqa chiqqanidan keyin, har bir kun men uchun sovg‘a bo‘ldi. Men o‘zimda bor narsalarning qadriga yeta boshladim. Hayot bor ekanki, inson umid bilan yashaydi.
Qolaversa, men bazmda uchratib qolgan Jeyn ismli qiz ham bor edi. U birgalikda mening bu ahvolimni yengib chiqishimizga juda qattiq ishonardi. Uning ishonchi menga umid berardi. Unashtirildik va bu mening ruhimni tetiklashtirdi. Angladimki, agar turmush qurmoqchi bo‘lsak, men ishlashim va doktorlik dissertatsiyamni tugatishim kerak ekan. Qolaversa, o‘sha zalvarli hamda murakkab savollar hali ham meni oldinga undab turardi. Qattiq ishlashni boshladim va bunday rohatlanardim.
O‘qish vaqtida o‘zimni ta’minlash uchun Gonvil va Kiz kollejining ilmiy izlanish bo‘yicha stipendiyasiga hujjat topshirdim va ajablanarlisi, meni qabul qilishdi. Hozir ham uning olimlari safida turaman. Bu stipendiya hayotimga katta o‘zgarish kiritdi. Bu mening kuchayib borayotgan nogironligimga qaramasdan izlanish olib borishim mumkinligini, Jeyn bilan turmush qurishim mumkinligi anglatardi. 1965 yilda shunday qildik ham. Ikki yilcha turmushimizdan so‘ng birinchi farzandimiz Robert tug‘ildi. Undan taxminan uch yil o‘tib ikkinchi farzandimiz Lyusi, 1979 yilda esa Timoti dunyoga keldi.
Ota sifatida men doim savol berishning muhim ahamiyatga egaligini ta’kidlab kelaman. Bir kuni o‘g‘lim Tim suhbat paytida uning fikricha men ahmoqona deb biladigan savolni so‘rashga ikkilanganini aytdi. U bizning atrofimizda boshqa kichkina Borliqlar bo‘lish mumkin yoki yo‘qligi haqida bilmoqchi bo‘lgan. Men unga qanchalik ahmoqona (bu so‘zni men emas, u aytgan) bo‘lmasin, yangi fikr yoki farazlarni tatbiq etishdan qo‘rqmaslik kerakligini uqtirdim.
***
60 yillarning boshlarida kosmologiyaning eng asosiy savollaridan biri bu “Borliqning ibtidosi bormi” degan savol edi? Ko‘plab olimlar bu g‘oyaga instinktiv ravishda qarshi chiqishdi, chunki ularning nazarida yaratilish nuqtasi ilm-fanning nihoyasi bo‘lishi mumkin edi. Borliq qanday boshlanganligini aniqlashda insonlar odatda o‘z dinlari va Hudoga murojaat qilishardi. Bu esa mening nomzodlik dissertatsiyamni yakunlash uchun aynan kerakli bo‘lgan aniq bir fundamental savol edi.
Rojer Penrouz so‘nayotgan yulduz ma’lum bir radiusgacha qisqarganida, u yerda singulyarlik paydo bo‘lishi muqarrarligini, ya’ni fazo va vaqt buzilishini ko‘rsatib bergan edi. O‘ylaymanki, barchamiz hech narsa massiv sovuq yulduzning cheksiz zichligi darajasiga yetgunicha o‘z tortishish kuchi ostida parchalanishiga to‘sqinlik qila olmasligini bilamiz. Men shunga o‘xshash dalillarni olamning kengayishi uchun tatbiq qilish mumkinligini angladim. Ushbu holatda men, fazo va vaqt ibtidosining o‘ziga xos xususiyatlari borligini isbotlashim mumkin edi.
1970 yil, qizim Lyusi tug‘ilganidan bir necha kun o‘tib, menda g‘aroyib fikr tug‘ildi (evrika). Tunda nogironligim sabab sekin harakatlanib to‘shakka yotar ekanman, angladimki, men birlik teoremasi uchun tuzgan xoslik nazariyasini qora tuynuklar uchun qo‘llash mumkin ekan. Agar umumiy nisbiylik to‘g‘ri va energiya zichligi ijobiy bo‘lsa, u holda hodisalar gorizonti yuzasi maydoni – qora tuynuk chegarasi, unga qo‘shimcha moddalar yoki radiatsion nurlar ta’sir qilganda doimo o‘sib borish xususiyatiga ega. Bundan tashqari, ikkita qora tuynuk to‘qnashib, bir butunlik hosil qilsa, hosil bo‘lgan qora tuynuk atrofidagi hodisalar gorizonti maydoni boshlang‘ich qora tuynuklar atrofidagi hodisalar gorizonti maydonining yig‘indisidan kattaroq bo‘ladi.
Bu oltin asr edi. Biz qora tuynuklar nazariyasi bilan bog‘liq jiddiy muammolarning aksariyatini, hatto qora tuynuklarni kuzatish yordamida olinajak ma’lumotlar paydo bo‘lishidan oldin hal qilgan edik. Umuman olganda, biz nisbiylikning umumiy nazariyasini muvaffaqiyatli uddaladik va Jorj Ellis bilan “Fazo-vaqtning keng masshtabli strukturasi” (1973) nomli kitobimiz nashr etilgandan so‘ng, men bir munchavaqt ishsiz qoldim. Penrouz bilan hamkorligimiz shuni ko‘rsatdiki, umumiy nisbiylik nazariyasi singulyarlik uchun tegishli emas edi, shu sababli keyingi aniq qadam umumiy nisbiylik nazariyasini (juda katta nazariya) kvant nazariyasi (juda kichik nazariya) bilan birlashtirishga harakat qilish bo‘ldi. Xususan, yadrosi yosh Borliqda paydo bo‘lgan kichik birlamchi qora tuynukdan tashkil topgan atomlar bo‘lishi mumkinmi, deb o‘ylab qoldim. Mening tadqiqotlarim, tortishish va termodinamika o‘rtasida ilgari shubha qilinmagan chuqur bog‘liqlikni ko‘rsatdi va o‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida hech qanday natijasiz juda ko‘p tortishuvlarga sabab bo‘lgan paradoksni yecha oldi: qanday qilib qisqargan qora tuynukdan qolgan nurlanish u to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlarni olib yurishi mumkin? Men ma’lumot yo‘qolmasligini va shu bilan birga foydali ko‘rinishda qaytmasligini ham aniqladim. Bu ensiklopediya yoqilganda undan faqatgina tutun va kul qolishiga o‘xshaydi.
Bunga javob topish uchun, qora tuynuk kvant maydonlarini yoki zarrachalarni qanday yoyilishini o‘rganib chiqdim. Men to‘lqinlarning bir qismi surilishini, qolgan qismi esa yoyilib ketishini kutardim. Ammo eng ajablanarlisi radiatsiya qora tuynukning o‘zidan kelib chiqishini aniqladim. Avvaliga hisobkitobda xato qilgan bo‘lsam kerak deb o‘yladim. Aksincha, barchasi to‘g‘ri, radiatsiya qora tuynukning entropiyasi bilan hodisalar gorizonti ayni ekanligini aniqlash uchun zarur narsa edi. Tizim faoliyati buzilishining o‘lchovi hisoblangan entropiya ushbu oddiy formulada
𝑆 =(𝐴𝑘𝑐3)/(4𝐺ħ)
gorizont maydoni va uchta asosiy fizik konstantalar parametrlari orqali ifodalangan. Bunda c – yorug‘lik tezligi, G – Nyutonning tortishish doimiyligi va ħ – Plank doimiysi.
Qora tuynukdan chiqadigan issiqlik radiatsiyasi endi “Xoking radiatsiyasi” deb atalardi va men uni kashf qilganimdan faxrlanaman.
1974 yilda men Qirollik jamiyatining a’zosi etib saylandim. Bu mening hamkasblarim uchun kutilmagan hodisa bo‘ldi, chunki men yosh edim va oddiy ilmiy xodim, deb hisoblanardim. Ammo uch yil davomida men professor darajasigacha ko‘tarildim. Qora tuynuklar ustida olib borgan ishlarim menda biz “Borliq nazariyasi” ni yarata olamiz degan umidni uyg‘otdi va bu maqsad meni harakatda davom etishga undadi.
O‘sha yili do‘stim Kip Torn meni va yosh oilamni bir guruh aspirantlar bilan birgalikda Kaliforniyaning texnologiya instituti (Kaltex) ga umumiy nisbiylik nazariyasi ustida ishlashga taklif qildi.
O‘tgan to‘rt yil mobaynida men mexanik nogironlar aravachasini, shuningdek velosiped tezligida harakatlanuvchi ba’zida noqonuniy yo‘lovchilarni olib yuradigan uch g‘ildirakli mitti moviy elektr avtomobilni ishlatardim. Kaliforniyaga kelganimda, Kaltex kompaniyasi yaqinidagi mustamlaka uslubida qurilgan binoga joylashdik va u yerda birinchi marta elektr nogironlar aravachasidan bemalol foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Bu menga keng erkinlikni taqdim etdi, bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlardagi binolar va yo‘lakchalar Buyuk Britaniyadagilari bilan solishtirganda imkoniyati cheklanganlar uchun ancha moslashtirilgan edi.
1975 yilda Kaltexdan qaytganimizda, dastlab o‘zimni biroz tushkun his qildim. Amerikadagi qaynoq hayot tarziga qaraganda Britaniya menga barchasini cheklab, chegaralab qo‘yganday tuyilardi. O‘sha paytda atrof muhit “Niderlandiya qayrag‘ochi” kasalligi tufayli nobud bo‘lgan daraxtlar bilan to‘lib toshgan va mamlakat zarbalar ostida edi. Biroq mehnatim samarasini ko‘rganimda o‘zimni anchayin yaxshi his qilardim va 1979 yilda bir vaqtlar ser Isak Nyuton va Pol Dirak egallangan Lukasiya matematika professorligi lavozimiga saylandim.
70 yillarda asosan qora tuynuklar ustida ish olib borardim, ammo kosmologiyaga bo‘lgan qiziqishim yosh Borliqning xuddi Britaniya evropa Ittifoqi tarkibidan chiqishi uchun ovoz bergan paytdagi narxlar ko‘tarilgani singari misli ko‘rilmagan sur’atlar bilan doimiy o‘sib borayotgan inflyatsion kengayish davrini boshdan kechirgan degan faraz tufayli yangicha tus oldi. Bir muncha vaqt Jim Xartl bilan birgalikda “chegarasiz” deb nomlangan Olamning yaralishi nazariyasini ishlab chiqdik.
80 yillarning boshlarida ahvolim yomonlashishda davom etdi. Og‘iz bo‘shlig‘imning mushaklari zaiflashgani va ovqatlanish paytida o‘pkaga taom bo‘laklarining o‘tganligi sababli uzoq vaqt nafasim siqilib turardi. 1985 yilda Shveysariyada joylashgan Yadro tadqiqotlari bo‘yicha evropa tashkilotiga (SeRN) qilgan safarim paytida pnevmoniya kasalligiga chalinib qoldim. Bu hayotimni o‘zgartirib yuborgan hodisa edi. Meni zudlik bilan Lyutsernadagi Kantonal shifoxonasiga olib kelishdi va sun’iy nafas beruvchi qurilmaga ulashdi. Shifokorlar Jeynga vaziyat imkonsiz darajaga yetganini va qurilmani o‘chirib, hayotimga nihoya yasash kerakligini maslahat berishdi. Ammo Jeyn buni rad etdi va meni tez yordam samolyoti bilan ortga Kembrijdagi Addenbruk klinikasiga olib kelishdi.
Sezib turganingizdek bu juda og‘ir damlar edi, lekin shukurki Addenbruk shifokorlari meni Shveysariyaga safarim oldidan qanday bo‘lgan bo‘lsam shunday holimga qaytarishga muvaffaq bo‘lishdi. Ammo hiqildog‘im hali ham taom va tupurikni o‘pkaga o‘tkazayotganligi sababli nafas olish yo‘llarimda jarrohlik amaliyoti (traxeotomiya) o‘tkazishlarikerak edi. Ma’lumki, traxeotomiya odamni gapirish qobiliyatidan mahrum qiladi. Bilamizki, ovoz juda ham katta ahamiyatga egadir. Agar nutqingiz menikidek tushunib bo‘lmaydigan darajada bo‘lsa odamlar sizni aqliy zaif deb o‘ylashadi va shunga mos ravishda munosabat bildirishadi. Traxeotomiyadan oldin nutqim shu qadar tushunarsiz ediki, uni faqatgina meni yaxshi biladigan insonlargina tushunishlari mumkin edi. Farzandlarim ham buni eplay oladigan odamlar qatorida edilar. Traxeotomiyadan keyin biroz vaqt o‘tgach atrofdagilar bilan muloqot qilishning yagona yo‘li qoshlarimni ko‘tarib alifbo varag‘idagi to‘g‘ri ko‘rsatilgan harflarni tasdiqlash edi.
Baxtimga Kaliforniyadagi Uolt Uoltos ismli dasturchi mening qiyinchiliklarimdan habar topibdi. U o‘zi yaratgan “Ekvalayzer” deb nomlangan kompyuter dasturini menga yubordi. Dastur nogironlar aravachasiga o‘rnatilgan kompyuter ekranidagi menyudan qo‘llarimdagi tugmachani bosish orqali bir nechta to‘liq so‘zlarni tanlash imkonini berardi. Yillar davomida tizim rivojlanib bordi. Bugun men Intel tomonidan ishlab chiqilgan Akat dasturidan foydalanaman: uni men yonog‘imning harakatlari orqali ko‘zoynagimdagi kichik datchik yordamida boshqaraman. U menga internetga kirish huquqini beradigan uyali aloqa vositasiga ega. Ishonch bilan ayta olamanki, men dunyodagi turli qurilmalardan eng ko‘p foydalanadigan odamman. Men asl nutq sintezatorini uning amerikacha talaffuziga qaramay ovozi menga tanish bo‘lganligi va unikidanda mukammalroq iboralar hali eshitmaganligim sababli saqlab qoldim.
Ilk bor, Borliq haqidagi mashhur ilmiy kitob yozish g‘oyasi 1982 yilda, uning cheksizligi to‘g‘risida o‘ylab ko‘rganimda paydo bo‘ldi. Shu yo‘l bilan men farzandlarimning ta’lim olish va ko‘payib borayotgan parvarish xarajatlarimni qondirish uchun ozgina moliyaviy hissa qo‘shish niyatida edim, lekin hammasidan ham muhimrog‘i Borliq to‘g‘risidagi tushunchamiz qanchalik rivojlanganligini ko‘rsatmoqchi edim: Borliq va undagi barcha narsalarni tasvirlaydigan to‘liq nazariyani yaratishga biz allaqachon juda yaqin bo‘lishimiz mumkin edi. Asosiysi faqatgina savol berish yoki savollarga javob izlash emas, olim sifatida o‘zim o‘rganayotgan narsalar haqida dunyoni xabardor qilish men uchun muhim, deb bilardim.
1988 yil 1 aprel, hazil kunida “Vaqtning qisqacha tarixi” nashr etilganligi diqqatga sazovor edi. Darhaqiqat kitobni dastlab “Katta portlashdan tortib qora tuynuklargacha: vaqtning lo‘ndagina tarixi” deb nomlamoqchi edik. Lekin sarlavha kichraytirildi va “lo‘nda” “qisqacha” ga o‘zgartirildi, qolgani esa sizga ma’lum.
Men “Vaqtning qisqacha tarixi” bunchalik muvaffaqiyatli bo‘lishini sira ham kutmagan edim. Qanday qilib imkoniyatlarim cheklanganligiga qaramay, men nazariy fizik olim va shu bilan birga eng ko‘p sotilgan asar muallifi bo‘lishga muvaffaq bo‘ldim, shubhasiz, bunga odamlarning qiziqishi yordam berdi. Hamma ham kitobni oxirigacha o‘qib tugatmagan yoki o‘qiganlarini barchasini tushunmagan bo‘lishi mumkin, lekin ular hech bo‘lmaganda bizning mavjudligimiz bilan bog‘liq bo‘lgan murakkab savollardan biriga javob topishdi va biz ratsional qonunlar bilan boshqariladigan Borliqda yashayotganimizni, fan orqali kashf eta olishimiz va tushunishimiz munkinligini anglashdi.
Hamkasblarim uchun men oddiy bir fizikdirman, lekin keng omma uchun men dunyodagi eng taniqli olimga aylangandim. Bu bir tarafdan Enshteyndan boshqa olimlar rok yulduzlaridek mashhur emasliklari va yana bir tarafdan meni nogiron-daho stereotipiga mos kelishim bilan bog‘liq edi. Men o‘zimni yasama sochu, qora ko‘zoynaklar bilan yashira olmaymayman bunga nogironlar aravachasi imkon bermaydi. Mashhur va taniqli bo‘lishning o‘ziga yarasha afzalliklari va kamchiliklari bor, ammo uning afzallik jihatlari kamchiligiga qaraganda anchayin ko‘proq. Odamlar meni ko‘rishlaridan chin ma’noda xursand ekanliklari sezilib turadi. 2012 yil London Paralimpiya o‘yinlarini ochib berganimda hayotim davomida eng ko‘p tomoshabin yig‘ishga muyassar bo‘lgan edim.
Men bu sayyorada ajabtovur hayot kechirdim, shu bilan birga onggim va fizika qonunlarga tayangan holda Borliq uzra aqlan sayohat qildim. Men galaktikamizning eng olis burchaklarida bo‘ldim, qora tuynuk bo‘ylab sayohat qildim hamda vaqtning ibtidosiga qaytdim. erda men hayotningbaland-pastlarini, xotirjamlik va qiyinchiliklarini, muvafaqqiyat va zahmatini boshdan kechirdim. Men kambag‘al va boy, jismonan sog‘lom va nogiron bo‘ldim. Meni maqtashdi va tanqid qilishdi, lekin hech qachon e’tibordan chetda qoldirishmadi. Izlanishlarim orqali Borliqni anglashimiz uchun hissa qo‘sha olgan bo‘lsam, bu men uchun sharafdir. Ammo agar men sevadigan va meni sevgan odamlar bo‘lmaganida, bu chindan ham bo‘m-bo‘sh bir olamga aylanib qolgan bo‘lar edi. Ularsiz men bu mo‘jizani yaratishdan mahrum bo‘lgan bo‘lardim.
Nihoyat, shunisi aniqki mayda fundamental zarralar to‘plami bo‘lgan insonlarning bizni va koinotimizni boshqaruvchi qonuniyatlarni tushunishga muvaffaq bo‘lganliklari bu juda katta g‘alabadir. Men ushbu murakkab savollar yuzasidan olib borgan izlanishlarimdagi hayajonimni va xursandchiligimni sizlar bilan bo‘lishmoqchiman.
Umid qilamanki, kun kelib biz bu savollarning barchasiga javob topamiz. Ammo sayyoramizda javobi topilishi kerak bo‘lgan boshqa qiyinchiliklar va muhim savollar mavjud, bunda bizga fanni tushunadigan, qiziqish va ishtiyoq bilan ishlaydigan yangi avlod zarur bo‘ladi. O‘sib borayotgan aholini qanday boqamiz? Qanday qilib barchani toza suv bilan ta’minlash, qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarish, kasalliklarning oldini olish va davolash, global iqlim o‘zgarishinisekinlashtirish mumkin? Umid qilamanki, fan va texnologiya ushbu savollarga javob topadi, ammo buni amalga oshirish uchun bilimli va idrokli insonlar kerak bo‘ladi. Keling, har bir ayol va erkak sog‘lom bo‘lishi, xavfsiz hayot kechirishi, barcha qulayliklarga ega bo‘lishi va muhabbatga to‘lib toshib yashashi uchun kurashaylik. Biz barchamiz kelajakka birgalikda sayohat qiluvchi vaqtlar aro sayohatchilarmiz. Biroq o‘sha biz yetishishni hohlagan kelajakni barpo etish uchun bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilmoqligimiz darkor.
Dadil, tirishqoq va qat’iyatli bo‘ling, qiyinchiliklarni yengib o‘ting. Shunda barchasini uddalaysiz.
Bolaligingizdagi orzungiz nima edi va uni amalga oshira oldingizmi?
Men buyuk olim bo‘lishni xohlardim. Ammo maktab chog‘larimda unchalik ham yaxshi o‘quvchi bo‘lmaganman, kamdan-kam hollarda o‘rtacha darajadan yuqori o‘qirdim. Tartibsiz ishlardim va husnixatim ham talabga javob berarli darajada emas edi. Lekin maktabda mening chin do‘stlarim bor edi. Biz hamma narsa haqida suhbatlashardik, xususan, Borliqning paydo bo‘lishi to‘g‘risida ham. Mening orzum shu yerdan boshlangandi va men o‘z maqsadimga erishganimdan juda baxtliman.