Qissalar
April 27, 2020

Matonat (qissa)/1-qism

1

O‘shanda Tolibjon o‘n yetti-o‘n sakkiz yoshlarda edi. Murti sabza urib, yigit bo‘lib qolgan paytlari. Shahardagi bilim yurtida o‘qirdi. Har shanba uyiga kelib, yakshanbada qaytadi.

Qahraton qish olamga sovuq nafasini ufuradi. Osmon qovog‘i soliq odamdek tund. Qavat-qavat yoqqan qor muzlagan. Ko‘chalar oynadek yaltiraydi. Uydan chiqib nafas olishing bilan burun kataklari bir-biriga yopishib, muzlab qolayotgandek tuyuladi. Bu sovuqda tashqarida uzoq chidash mushkul. Onasi “kech bo‘ldi, ertaga ketarsan”, deyishiga qaramasdan, Tolibjon shaharga otlandi.

Katta yo‘lga chiqib, intizor-intizor bo‘lib yo‘lovchi avtobusni kuta boshladi. Aksiga olib, avtobus kelavermadi. O‘tayotgan yuk mashinalariga qo‘lini ko‘tara-ko‘tara sovuqda ancha qolib ketdi. Nimagadir ulardan ham birortasi to‘xtamasdi. Izg‘irin a’zoyi badanidan o‘tdi.

Shu payt yo‘l chetiga qaymoqrang “Moskvich” kelib to‘xtadi. Undan boshiga qalpoq kiygan, keng-mo‘l qora to‘niga o‘ranib olgan bir odam tushdi-da, o‘ng-so‘liga qaramasdan qishloq tomonga tez-tez yurib ketdi.

Haydovchi Tolibjonni oldiga chaqirdi. U shaharga yengil mashinada qaytmagandi. Yo‘l haqi qimmat-da. Ikkilanib, mashinaga yaqinlashdi. “O‘tir, uka, sovqotib qolibsan, avtobus narxini berarsan”, dedi haydovchi lablari sovuqdan qo‘kargan qoraqosh yigitchaga achinish bilan qarab. Tolibjon suyunib ketdi. Shoshib o‘zini mashinaga urdi, oldindagi, hozirgina bo‘shagan o‘rindiqqa o‘tirib oldi.

Mashinada to‘rt yo‘lovchi edilar. Haydovchi – o‘rta yoshlardagi, to‘ladan kelgan yigit isitgichni ishlatib qo‘ygan. Kabinadagi iliq, rutubatli havo kishini elitadi. Orqa o‘rindiqdagilardan kimdir xayol surib, kimdir mudrab, har kim o‘z holicha bormoqda. Hamma yo‘lovchilar qo‘pol qishlik kiyimlariga burkanib olishgan. Tolibjon g‘ira-shirada sheriklariga razm solib qaramadi. U tezroq shaharga, yotoqxonasiga yetib olishni o‘ylardi.

Kun kech bo‘lgan sari sovuq zabtiga olib, muzlamada mashinaning yurishi qiyinlasha boshladi. Haydovchi eski “Moskvich”ni goh tezlatib, goh sekinlatadi. G‘ildiraklar qiyaliklarda sirpanganida kabinada o‘tirganlarning yuraklari shuvullaydi. Mudrayotgan yo‘lovchilar hushyor tortib, ko‘zlarini katta-katta ochib olishdi. Tolibjon onasining maslahatiga quloq solmaganiga afsuslandi; uyida yana bir kecha yotib, shaharga saharlab jo‘nasa ham bo‘lardi-ku!

Ko‘chada mashinalar borgan sari siyraklashardi. Ilojsiz yo‘lga chiqqan haydovchilar ham bor chiroqlarini yoqib, mashinalarini yurak hovuchlab, ehtiyotlik bilan boshqarishardi.

Manzilning yarmiga yetganlarida chorrahadan bahaybat yuk mashinasi chiqib, yo‘lni to‘sib qoldi. Yo‘lovchilarning nafaslari ichlariga tushib ketdi. Oldinda o‘tirgan Tolibjon beixtiyor eshik tutqichiga yopishdi. Ilojsiz qolgan haydovchi jon-jahdi bilan tormozni bosdi. Tezligini kamaytirib ulgurmagan mashina to‘xtash o‘rniga muzlamada chirpirak bo‘lib aylana boshladi. Tolibjonning tomog‘i qaqradi. Ichidagi tarang tortilib turgan bir ip uzilib ketdi go‘yo. Na ovozi chiqadi, na qimirlay oladi. Ko‘z oldida onasining muloyim chehrasi paydo bo‘ldi. Qishlog‘i, maktabi, o‘rtoqlari, bilim yurti xayolidan o‘ta boshladi. Mashina esa hamon charxpalakdek aylanardi. O‘lim hissini uyg‘otadigan bu dahshatli girdob qo‘yib yuboray demasdi. Hammasi tuyqusdan, bir lahzada yuz berdi. Tolibjon shu lahzaning o‘zida butun hayotini qayta yashadi. Bu qanday yuz berishi mumkinligini keyinchalik ham aqliga sig‘dirolmadi.

Mashina hamon muzlamada shamolga tutilgan pirpirakdek aylanib, suvning oqimiga dosh berolmagan baliqdek noma’lum tomonga sirg‘alib borardi. Bir mahal to‘xtash o‘rniga birdan yo‘l chetidagi simyog‘ochga zarb bilan urildi. Tolibjon qarshisidagi oynada simyog‘och paydo bo‘lganini ko‘rishga ulgurdi, ko‘zidan o‘t chiqdi. Keyin qarsillagan ovoz eshitildi, oyog‘ida chidab bo‘lmaydigan qattiq og‘riq turib, ko‘ngli aynidi… Hammasi aralash-quralash bo‘lib ketdi…

Hushiga kelganida hanuz tomog‘i qaqrardi. “Hali tugamabdi, yo‘ldamiz, – deya o‘yladi. – Xayriyat, oyog‘idagi og‘riq bosildi. Nimadir qisib qolgan bo‘lsa, qo‘yib yuborgan… Bir qultum suv bo‘lsaydi, suv-v…”.

– Hozir, hozir o‘g‘lim, toychog‘im, hozir… Mana, suv!

“Axir, bu onasining ovozi-ku?!”.

Tolibjon og‘zida suv ta’mini sezdi. Suvning ham ta’mi bo‘larkan. Shu paytgacha bilmabdi-da? Xuddi qaymoqqa o‘xshaydi!

U yutinib ko‘zini ochdi. Tumanli bo‘shliqda o‘ziga tikilib turgan onasini ko‘rdi. Muslima opa xira oq parda ortida o‘tirganga o‘xshardi. Yuzlari oppoq, boshidagi ro‘moli ham. Egnigayam oq ko‘ylak, yo‘q, xalat kiyib olibdi. “U qayerda o‘zi?!”

 

* * *

 

– Oy-yi-i? – holsiz ingradi u.

Ko‘z oldidagi parda sekin-asta erigan qor tomchisidek havoga singib keta boshladi. Endi, oppoq xalatdagi o‘ziga termilib o‘tirgan onasini aniq ko‘rdi.

– Oyi, men qayerdaman? – dedi erkalanib xasta va titroq ovozda.

– Kasalxonadasan, bolajonim! Seni Xudo asradi… Joning omon qoldi, shungayam shukr qilaman!

Onasi hiqillab yig‘ladi. Mo‘ylabi sabza ura boshlagan o‘g‘lining so‘lg‘in yuziga beadog‘ mehr va kuyinchaklik bilan tikildi. Biroz o‘zini tutib o‘tirdi-da, ichidan vulqondek otilib kelayotgan yig‘ini bosish uchun ikkala kaftini yuziga bosdi.

– Men yaxshiman, oyog‘im ham og‘rimayapti, – Tolibjon onasini ovutmoqchi bo‘ldi.

Buning chinligini isbotlash uchun oyog‘ini ko‘tarishga urindi. Chap oyog‘i qimirladi. Nimagadir o‘ng oyog‘i… O‘ng oyog‘i unga bo‘ysunmadi. Yuragida bezovtalik, qo‘rquv paydo bo‘ldi.

– Oyi?! – u onasiga mo‘ltirab qaradi.

– Bir oyog‘ingdan ajralding, bolam! – Iztirob o‘tida kuyib-yonib o‘tirgan onasi labini qonatib yuborgudek qattiq tishladi, yoshli ko‘zlarini alam bilan yumdi. Muslima opa boshini sarak-sarak qilib, botinidan otilib kelayotgan faryodni bosishga behuda urinardi, achchiq o‘kirik bilan yig‘lab yubordi.

Tolibjon garangsib qoldi. Onasining aytgan gapi ongiga to‘liq yetib bormadi. O‘ng oyog‘ining uchlarini qimirlatib ko‘rdi, barmoqlari qimirlagandek bo‘ldi. Biroq qandaydir dahshatli voqea yuz berganini tushundi. Boshidan o‘tgan fojiani eslashga harakat qildi… Ko‘z oldida simyog‘och paydo bo‘ldi. Qarsillagan ovoz mashinaning qattiq silkinishi bilan qo‘shilib ketdi… Oyog‘ida chidab bo‘lmaydigan, juda-juda qattiq og‘riq turdi. Qumli sahrodagi jaziramada qolib ketgan odamdek tomog‘i qaqradi…

– Suv-v, – dedi yana.

– Hozir, mana, ich bolam, – hamon hiqillab o‘tirgan onasi titroq qo‘llari bilan qoshiqda suv tutdi.

– Oyi, o‘ng oyog‘im… yo‘qmi?! – Tolibjon yosh boladek yig‘lamsiradi.

Onasi uni boshi aralash quchoqlab, yuz-ko‘zlaridan cho‘lp-cho‘lp o‘pa boshladi. Bir o‘par, bir nimalardir deya pichirlardi:

– Sen qo‘rqma, bolam, men yoningdaman! Hech kimga xafa qildirib qo‘ymayman… Do‘mbog‘im, toychog‘im!

Onasi bolaligida doim “do‘mbog‘im, toychog‘im”, deb erkalardi. Anchadan buyon bunday erkalashini eshitmagandi, unutayozibdi…

Tolibjonning bir tekis maysadek kipriklar to‘sib turgan ko‘zlaridan yosh quyildi. U o‘ziga nima bo‘lganini fahmlay boshlagandi: endi bir oyog‘i yo‘q! Nega og‘rimayapti? Hech narsa sezmaydiyam. Faqat, boshi toshdek og‘ir, uyqusi keladi…Tolibjon ko‘zida yosh bilan yana uxlab qoldi…

Qancha uxlaganini bilmaydi: besh daqiqami yoki besh kunmi? Dorilar ta’sirida uxlar, uyg‘onganida do‘xtirlar yana igna sanchishardi. Har safar hushi o‘ziga kelganda onasi bilan bir-ikki og‘iz gaplashadi. Nimadandir zorlanadi, oldidan jilmayotgan onasi uni ovutadi. Nihoyat, bir kuni tiniqib uyg‘ondi. Ko‘z oldi ravshanlashdi. Qarshisida hamon ranglari oqarib, oq marmar haykaldek qimirlamay o‘tirgan onasini ko‘rdi.

– Oyi, boshqalar sog‘mi, mashinadagilar? – dedi o‘zinikiga o‘xshamagan zaif ovozda.

– Sog‘, hammalari sog‘. Sen o‘tirgan tomon simyog‘ochga urilgan.

– Endi men nima qilaman? Oyoqsiz…

– Senga oyoq yasab berishadi, do‘xtir aytdi, – alam bilan pichirladi onasi.

Tolibjon indamadi. Dahshatli hukm yuragiga o‘qdek sanchildi. Ichu tashida titroq turib, yana hushidan ketayozdi. Biroq qo‘rqinchli tushdek tuyulayotgan taqdiriga tan berishdan o‘zga iloji qolmagandi.

Bu taqdir uni shu paytgacha yashagan oddiy hayotidan mosuvo qildi. Yigitlikning totli, yoniq xayollaridan ayirdi. Za’faron, miskin o‘ylar girdobiga tushib qoldi. Ota­si kelib, oldida uzoq-uzoq o‘tirib ketardi. O‘rtoqlari holidan xabar olib turishdi, ko‘nglini ko‘tarishga urinishdi. Tez orada ularni ham yo‘qotganini tushundi. Endi ular yurgan yo‘llardan yurolmaydi, ular borgan joylarga sira-sira borolmaydi…

Uni ruhiy azobning ko‘zga ko‘rinmas omburdek beshafqat qo‘llari borgan sari qattiqroq iskanjasiga olardi. Qaytib bilim yurtiga ham borolmasligini tushundi.