Asarlar
April 14, 2020

Raqamli qal'a

«Menga turmushga chiqasanmi, jonginam?»

Mehmonxona balkonidan olis tog’larga termulganicha o’ylar og’ushiga g’arq bo’lgan Syuzanning hayollarini Devidning qulog’I ostida shivirlab aytgan so’zlari to’zg’itib yubordi. Hayajon ichra yigitning muhabbat ufurib turgan moviy ko’zlariga tikilarkan, Syuzan butun hayotini bag’ishlashi mumkin bo’lgan inson ro’parasida turganini his qilib, yuragi hapqirib ketdi. Dil rozini bildirishga chog’langan mahalida bexos jiringlagan telefon apparatining tovushidan cho’chib ortiga qaradu. Ko’zi bilan telefonni xonadan axtarib topolmagach, hayron bo’lganicha savol so’rash ilinjida Devidga o’girildi. Lekin hozirgina quchog’ida turgan yigit allaqayerga g’oyib bo’lgandi.

Hamon jiringlayotgan telefon qo’ng’irog’I Syuzan Fletcherni uyqudan butunlay uyg’otib yubordi. O’rnidan turib, esnagancha karavotga o’tirar ekan, Syuzan ko’rganlari aslida tush ekanini o’ylab, bir muddat shirin entikdi va erinchoqlik bilan go’shakni ko’tardi:

- Eshitaman, kim bu?

- Syuzan, azizam, bu men, Devidman. Uyg’otib yubormadimmi seni?

Oshig’ining ovozini eshitib, Syuzanning yuziga mayin tabassum yugurdi:

- Hozirgina sizni tushimda ko’rayotgan edim, Devid. Qachon ko’rishamiz? Balki hozir kelarsiz?

Devid kulib yubordi:

- Syuzan, axir tashqari qop-qorong’u bo’lsa, hali tong otmadi-ku hatto.

- Mmm… - Syuzan ma’noli tomoq qirib qo’ydi. – Aynan shuning uchun ham hoziroq kelishingiz kerak yonimga. Yo’lga chiqquncha uxlab olishga vaqtimiz bor haliyam, azizim.

Go’shakdan Devidning chuqur xo’rsingani eshitildi:

- Syuzan, gapimni eshit. Aynan safarimiz masalasida qo’ng’iroq qilyapman. Men… men uni kechiktirishimga to’g’ri keladi.

- Nima?!

Devidning gapidan keyin Syuzanning ko’zlari moshdek ochilib, uyqusi butunlay o’chib ketdi.

- Kechir, kechir meni. Zudlik bilan shahardan jo’nab ketishim kerak, ish yuzasidan. Lekin ertaga tongda yo’lga chiqsak ham ikki kunimiz bo’larkan. Hechdan ko’ra yaxshi-ku bu, nima deysan, Syuzan?

- Lekin men allaqachon hamma narsaga buyurtma berib qo’yganman… Chiptalar, mehmonxona… Hammasi bekor bo’ladimi endi? – dedi Syuzan ovozi titrab, yig’lab yubormaslik uchun labini tishlarkan.

- Bilaman, Syuzan, holatingni his qilyapman, lekin…

- Bugun biz uchun unutilmas kun bo’lishi kerak edi, axir unashtirilganimizga olti oy to’ladi bugun, Devid, esingizda bormi o’zi bu?

- Syuzan, - Devid chuqur uh tortdi. – Hozir uzoq gaplasholmayman sen bilan, tashqarida mashina kutib turibdi, ketishim zarur. Senga samolyotdan qo’ng’iroq qilaman va hammasini tushuntiraman. Sabr qil iltimos.

- Nima? Samolyot? Yana qanaqa samalyot? Uzoqqa ketyapsizmi? Nimalar bo’lyapti o’zi, Devid? Universitetingiz bil…

- Bu universitet bilan bog’liq emas, - Syuzanning gapni bo’ldi Devid. – Aytyapmanku, keyinroq qo’ng’iroq qilaman va hammasini tushuntiraman deb. Haqiqatan ham ketishim kerak, ular meni chaqirishyapti. Aloqada bo’lib turamiz, va’da beraman. Iltimos, havotirlanma.

- Devid, jin ursin, nima gap o’zi…

Syuzan baqirdi, lekin gapini oxiriga yetkazolmadi, chunki eshitilayotgan qisqa-qisqa tovushlar Devid allaqachon telefonni o’chirganini bildirardi.

Tushunmovchilik va savollar girdobida uyqusi butunlay qochgan Syuzan Fletcher Devidning qayta qo’ng’iroq qilishini kutib soatlab joyidan jilmadi. Ammo telefon qaytib jiringlamadi.

 * * * * * * * * * * * * * * * * * *

Syuzan tushlikdan so’ng vannada g’amgin o’tirarkan, atrofida suzib yurgan ko’piklarni parishonxotirlik bilan o’ynab, bugungi rejalari barbod bo’lganini unutishga tirishardi. Biroq baribir «Qayerda bo’lishi mumkin u? Nimaga qaytib qo’ng’iroq qilmadi?» kabi miyasidagi g’ujg’on savollar iliq suvdan rohatlanib cho’milishga imkon bermasdi. O’y-fikrlar o’gushida Syuzan necha soat o’tganini payqamadi ham, suv sovib, etni junjiktirayotganini sezgandan keyingina vannada chiqmoqchi bo’lib turgan mahali qo’l telefoni tilga kirib unga qo’ng’iroq bo’layotganidan xabar berdi. Yuragi hovliqib ketgan qiz suvni yonga sachratganicha suvdan turib telefonga yugurdi.

- Devid, sizmisiz?

- Bu men, Stratmorman, - tanish ovoz eshitildi go’shakdan.

- Oh… - Syuzanning tarvuzi qo’ltig’idan tushdi.

- Xayrli kun, komandor, - dedi u past ovozda, hafsalasi pir bo’lganini yashirolmasdan.

Syuzanning kayfiyatini sezib, go’shakning narigi tarafidagi odam xandon otib kuldi:

- Yoshroq yigitni kutyotganmiding?

- Yo’q, janob, - Syuzan uyalib ketdi. – Bu siz o’ylagandek…

- Bu aynan men o’ylagandek, - ovoz egasi yana kuldi. – Devid Bekker yaxshi odam. Uni ehtiyot qil.

- Rahmat, janob.

Komandorning ovozi jiddiylashdi:

- Syuzan, yordaming kerak, shu sabab qo’ng’iroq qilyapman. Ofisga yetib kel.

Qiz to’zg’ib ketgan fikrlarini jamlashga urindi:

- Bilaman, - janob berdi komandor bosiqlik bilan. – Bu favqulodda holat.

Syuzan ajablanganidan o’tirib qoldi. Favqulodda holat? U hech qachon bu so’zni kamondorning og’zidan eshitmagandi.

Favqulodda holat? Kriptoda favqulodda holat? Bu nima bo’lishi mumkin ekanligini qizning miyasi hecham tasavvur qilolmasdi.

- X-xo’p bo’ladi, janob.

So’ng biroz o’ylanib turib qo’shib qo’ydi:

- Iloji boricha tezroq yetib borishga harakat qilaman.

- Hoziroq yo’lga tush, - dedi komandor qat’iy ohangda. Aloqa uzildi.

 * * * * * * * * * * * * * * * * * *

 Syuzan Fletcher sochiqqa o’ralganicha bugungi safar uchun mo’ljallab kecha kechqurun tartib bilan taxlab qo’ygan kiyimlariga bir muddat tikilib turdi. U Shimoliy Karolinaning mashhur Smoki Mauntin tog’lariga Devid bilan amalga oshirmoqchi bo’lgan safarlarini ozmuncha kutmagandi. Bir necha haftadan beri tayyorgarlik ko’rayotgandi; hech narsa yodidan chiqmagandi. Taxlanib yotgan tog’ sayriga mo’ljallangan maxsus shortlar, salqin oqshomlarda asqatadigan issiq sviterlar hamda Devidga unitilmas kechalarni taqdim qilish uchun ataydan sotib olgan pen’yuarlarga qararkan, Syuzanning bo’g’ziga achchiq nimadir tiqildi, xo’rligi kelib, kiyinish shkafi tomon odimladi. Shu on uning hayoliga komandor bilan bo’lgan suhbat kelib, alamli xayollarni quvib chiqardi. «Favqulodda holat! Kriptoda favqulodda holat!» Shu ikki so’z miyasida tinmay aylangan holda faromushlik bilan zinalardan pastga tusharkan, Syuzan bugun uni yana qanday yangiliklar kutayotganidan bexabar edi.

 * * * * * * * * * * * * * * * * * *

Okean sathidan to’qqiz ming metr balandlikda Devid Bekker Learjet 60 samolyotining mitti derazasidan tashqariga tikilib o’tirardi. Kabinada telefondan foydalanish mumkin emasligi haqida ogohlantirishgani uchun Syuzanga qo’g’iroq qilish imkonini topolmagan yigit biroz asabiylashayotgandi.

«Jin ursin, o’zi nimalar qilyapman bu yerda?» - g’udranib o’zidan-o’zi so’radi Devid, savolning javobini yaxshi bilsa-da: rad javobini berib bo’lmaydigan odamlar Devidni olib ketayotgan edi.

- Janob Bekker, - radiokarnay g’ichirlab ovoz berdi. – O’ttiz daqiqada manzilga yetib boramiz.

Bekker xo’mrayganicha «tushundim» degandek boshini silkidi. Ajoyib. U deraza pardasini tushirib, uxlashga harakat qildi. Lekin xayollari yigitni beixtiyor Syuzan tomon yetakladi…