September 14, 2023

Import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar o‘zlashtirildi

Ruscha

Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ va Chirchiq shahrida joylashgan “UNGM-DR Servis Syentr” MCHJ qo‘shma korxonasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Bugungi kunda ushbu qo‘shma korxona tomonidan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalaridagi qurilmalar uchun xorijdan import qilinayotgan ehtiyot qismlar ishlab chiqarilib, ta’mirlash xizmatlari ko‘rsatilmoqda.

Jumladan, 2021-2023 yillar mobaynida qo‘shma korxona bilan Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining turbodetander agregatlarining ehtiyot qismlari, nasos vallari, kompressor uskunalari shtoklari, gaz haydash kompressor uskunalari rotorlari, almashtiriladigan oqim qismlarini tayyorlash va ta’mirlash uchun 45ga yaqin shartnoma tuzilgan.

Shartnoma shartlariga ko‘ra, qo‘shma korxona tomonidan ehtiyot qismlarni ishlab chiqarish hamda ta’mirlash xizmatlari o‘z vaqtida bajarilib kelinmoqda.

Joriy yilda mazkur korxona tomonidan Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli siquv kompressor stansiyalarining “PCL-504” va “224GS2-162/18-41M12” rusumli gaz haydash kompressor uskunalarining 3 dona almashtiriladigan oqim qismi ta’mirlandi. Uskunalar muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilib, hozirda bir maromda betalofat ishlatilib kelinmoqda.

Shuningdek, “ND 223GS-350/5-14,5M1”, “ND 244GS-260/7,5-26M12456” va “VD 204GS2-80/29-75M1245” markali gaz haydash kompressorlarining rotorlari ham sifatli ta’mirlanib, boshqarmaga o‘z vaqtida yetkazib berildi. Buning natijasida jamiyat mablag‘larini iqtisod qilishga erishildi.

"O‘zbekneftgaz" aksiyadorlik jamiyati mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan yangi turdagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zlashtirish va sanoat kooperatsiya aloqalarini yanada kengaytirish borasida doimiy ishlar olib bormoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube