May 8

Muborak gazni qayta ishlash zavodida “Uch avlod” memorial monumenti ochildi

9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan "Oʻzbekneftgaz" AJ Boshqaruv raisi tashabbusi asosida Muborak gazni qayta ishlash zavodida "Uch avlod" memorial monumentining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Mazkur tashabbus yurtimizda inson qadrini ulugʻlash, mehnat faxriylariga ehtirom koʻrsatish, soha rivojiga munosib hissa qoʻshgan ustozlar mehnatini qadrlash hamda avlodlar vorisligini taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻldi.

Monument uch muhim avlod — zavod poydevorini yaratgan faxriylar, bugungi ishlab chiqarish salohiyatini taʼminlayotgan mutaxassislar hamda kelajak vorislari boʻlgan yosh kadrlarni maʼnan birlashtiruvchi timsol sifatida barpo etildi. Bu esa korxonada ustoz-shogird anʼanalari, tajriba va bilimlar uzviyligi izchil davom etayotganini anglatadi.

Tadbir davomida soʻzga chiqqan nuroniylar zavodning ilk faoliyat yillari, choʻl hududida yirik sanoat majmuasini barpo etish jarayonidagi mashaqqatli mehnat va tarixiy xotiralar haqida soʻz yuritdilar. Ayniqsa, soha rivojiga munosib hissa qoʻshgan faxriylarning mehnati eʼtirof etilgani ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Bugungi kunda zavodda amalga oshirilayotgan modernizatsiya ishlari, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va yosh mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar mamlakatimiz neft-gaz sanoatidagi keng koʻlamli oʻzgarishlarning muhim qismi hisoblanadi.

“Uch avlod” memorial monumenti esa ana shu taraqqiyot yoʻlida mehnat qilgan insonlarga hurmat, yosh avlod uchun esa ibrat va masʼuliyat ramzi boʻlib xizmat qiladi.

Tantanali marosimda “Oʻzbekneftgaz” AJ masʼullari, korxona rahbariyati, ishchi-xodimlar, mehnat faxriylari, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Tadbir yakunida badiiy-sahnaviy chiqishlar namoyish etildi va mehnat faxriylariga esdalik sovgʻalari topshirildi.

“Muborak gazni qayta ishlash zavodi” MCHJ Matbuot xizmati