December 12, 2023

Tajriba oqlandi: Burg‘ilash muddati ikki yarim baravargacha qisqarib, 13,2 mlrd so‘m iqtisod qilindi

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislari xorij tajribasini o‘rganib, gaz quduqlari burg‘ilash jarayonlarini nazorat qilishni raqamlashtirgani, sohada takomillashtirilgan uskunalarni qo‘llashi natijasida burg‘ilash muddati 65 kunga qisqardi.

Qayd etish lozimki, shu vaqtga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ustyurt hududida 4,5 ming metr bo‘lgan bitta gaz qudug‘ini burg‘ilashga o‘rtacha 180 -185 kun sarflangan. Rejaga ko‘ra, Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Quyi Sharqiy Berdaq” konidagi 17-sonli quduq ham 150 kunda burg‘ilab tugatilishi kerak edi. Nazorat to‘liq raqamlashtirilgani, soha fidoyilarining zaxmati bilan ushbu muddat 65 kunga qisqardi. Qazish ishlarining erta yakunlanishi hisobiga qariiyb 13,2 mlrd. so‘m tejab qolindi. Burg‘ilash yakunlangan quduqdan ayni paytda kuniga sanoat miqyosidagi 594,0 ming kub metr tabiiy gaz olinmoqda.

Qoraqalpog‘iston tabiatining injiqliklarida ishlash qanchalik qiyin bo‘lmasin o‘z vazifalarini a’lo darajada ado etgan burg‘ilash jamoasi ishchilarining samarali mehnati Jamiyat rahbariyati tomonidan munosib e’tirof etildi. Jumladan, burg‘ilash tezligini oshirish va brigadalar o‘rtasida raqobat muhitini shakllantirish maqsadida Boshqaruv raisi tashabbusi bilan ko‘chma kubok ta’sis etilib, ushbu brigada ko‘rsatgan natijalariga ko‘ra “Eng ilg‘or burg‘ilash jamoasi” ko‘chma kubogiga munosib deb topildi. Burg‘ilovchi brigadaning 36 nafar a’zosi pul mukofoti, “Tashakkurnoma” hamda ko‘chma kubog bilan taqdirlandi.

Marosimda “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining Geologiya va qazib chiqarish bo‘yicha o‘rinbosari Rustam Sherov va tegishli departament boshliqlari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, mazkur jamiyat a’zolarining mashaqqatli mehnati tufayli bunday natijaga erishildi. Endi bu tajribani respublika miqyosida keng yoyish rejalashtirilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati.

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook