Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati o‘rganildi
2023-2024 yil kuz-qish mavsumini barqaror va betalofat o‘tkazish maqsadida hududlarda joylashgan korxonalarda olib borilayotgan ishlar "O‘zbekneftgaz" aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisi boshchiligidagi Ishchi guruh tomonidan doimiy nazorat qilib borilmoqda.
Qashqadaryo viloyati Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi Sho‘rtan konidagi shtabda o‘tkazilgan yig‘ilishda tabiiy gaz qazib chiqarish, siquv kompressor stansiyalari va gazni tayyorlash hamda qayta ishlash qurilmalarini kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlashga qaratilgan tadbirlar ijrosi tanqidiy, tahliliy muhokama qilindi.
Xususan, mavsumga puxta hozirlik ko‘rish maqsadida siquv kompressor stansiyalari ehtiyoji uchun 2 ta NK-16/18std rusumli gaz turbinali dvigatel Rossiyaning «KMPO» AJ kompaniyasida ta’mirlanib yetkazib kelindi. 2 ta General Electric kompaniyasining
LM-2500 gazogeneratori ta’mirlash uchun yuborilgan bo‘lib ularni tezlashtirish bo‘yicha zarur qarorlar qabul qilindi.
Shuningdek, Janubiy Tandircha konida yangi siquv kompressor stansiyasini qurish ishlarini jadallashtirish, “Ye-KON” loyihasi doirasida yig‘uv joylarida gazni dastlabki tayyorlash qurilmalari qurish va quduqlarni zarur nazorat o‘lchov vositalari bilan jihozlash ishlarini jadallashtirish yuzasidan tegishli departamentlar boshliqlariga kerakli topshiriqlar berildi.
Shuningdek burg‘ilash ishlari hamda uglevodorod qazib chiqarish jarayonlarida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham tanqidiy muhokama qilinib, tegishli rahbar va mutaxassislarga ularni bartaraf etish, material-texnik resurslar ta’minotini tezkor hal qilish, qisqa muddatlarda tadbirlar samaradorligini oshirish bo‘yicha ham zarur ko‘rsatmalar berildi.