July 18, 2023

Neft, gaz zaxiralarini xavfsiz va samarali o‘zlashtirish imkoniyatlari 

Ruscha

Rossiyaning Sterlitamak shahrida “O‘zbekneftgaz” AJ hamda “Belorusneft”AJ geologlari ishtirokida “Vzrivgeoservis” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan yer osti qatlamlarini teshish-portlatish komplekslarining dala sinovlari o‘tkazildi.

Tajriba-sinovlari ushbu komplekslarning sanoatda foydalanishdagi ishonchliligi, samaradorligi va ularning chuqur yer osti qatlamlarida ishlashdagi natijadorligini qat’iy talablar asosida baholash maqsadida amalga oshirildi.

Mutaxassislar qatlamlarni teshish-portlatish komplekslarning sanoat, ishlab chiqarish hamda inson salomatligi va hayotiga nisbatan xavfsizligini baholash bo‘yicha tadqiqotlar ham o‘tkazishdi.

Sinovlar natijasida “Vzrivgeoservis” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan besh turdagi qatlamlarni teshish-portlatish komplekslarining Rossiya Neft va gaz texnologiyalari tashabbuslari instituti tomonidan ishlab chiqilgan talab va standartlarga muvofiqligi tasdiqlandi.

Ushbu jarayonda biz Institut va ishlab chiqaruvchi kompaniyaning sinovlarga tayyorgarlik, ularni amalga oshirish hamda natijalarini baholashga qat’iy talablar asosida yondashuvlarini kuzatish bilan bir qatorda teshish-portlatish komplekslarini amalda qo‘llash bo‘yicha yangi texnologik tizimlar bilan tanishish imkoniyatiga ham ega bo‘ldik - deydi “O‘zbekneftgaz” AJ Geologiya departamenti boshlig‘i Anvar Gadoyev. – Institut bilan neft va gaz sohasiga doir standartlarni birgalikda ekspertizadan o‘tkazish va ularni takomillashtirgan holda ishlab chiqarishda qo‘llash borasida faol hamkorlikni davom ettirish niyatidamiz.

Sinovdan o‘tgan va Institutning tegishli sertifikatiga ega bo‘lgan teshish-portlatish komplekslari neft va gaz tarmog‘ida faoliyat yuritayotgan kompaniyalarga kon, yer osti qatlamlarida bajarilayotgan ishlar samaradorligining oshirilishiga, ularni geologik va geofizik jihatdan kompleks o‘zlashtirishga erishish imkoniyatini yaratadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube