January 16

Eng ustuvor vazifa ishchi-xizmatchilar sharoitini yaxshilash

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli olis hududlarda joylashgan konlarda ishlaydigan oddiy ishchi-xodimlar bilan samimiy muloqot qildi.

Qayd etish joizki, ayni paytda boshqarmada jami 3625 nafar xodim mehnat qilmoqda.

Boshqaruv raisi yurtimiz energetik xavfsizligini ta’minlash, iste’molchilarga neft va gaz mahsulotlarini barqaror yetkazib berish, Jamiyatni raqobatbardosh hamda nufuzli kompaniyaga aylantirish maqsadida hammani bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilishga chaqirdi.

Boshqarmaning oddiy ishchi-xodimlari holidan xabar olish, vaxta rejimida faoliyat olib borayotganlarning yashash sharoiti, ularni qiynayotgan muammolar bilan yaqindan tanishish bugungi o‘rganishning asosiy maqsadlaridan biri ekanligi ta’kidlandi.

Abdug‘ani Sanginov boshqarma o‘zining ishga solinmagan zaxira va imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali olingan qo‘shimcha daromadlar hisobiga, avvalo, kunlik ish rejimida ishlaydigan (vaxta usulida mehnat qiladiganlardan tashqari)larni bir martalik issiq ovqat bilan ta’minlash, zararli va xavfli mehnat sharoitlarida ishlaydigan xodimlar uchun to‘lanadigan qo‘shimcha haq va imtiyozlar ajratilishini qayta tiklash bo‘yicha tegishli tashkilotlarga taklif kiritish, zamonaviy avtobuslar sotib olish, maxsus kiyim-kechak yetkazib beruvchilar orasidan eng sifatli mahsulot tayyorlovchi korxonani tender asosida tanlab, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va aprel oyida barcha tizim xodimlarining ish haqlarini oshirish masalalari bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi. 

Hozirda boshqarmada faoliyat yuritayotgan 138 dan ziyod o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shamoqchi bo‘lgan pensiya yoshidagi ishchi-xodimlarga  korxonadagi ish stajiga qarab, pullik kompensatsiya to‘lash bo‘yicha ham ko‘rsatma berildi.

Muloqotda boshqarmada mehnat qilayotgan xotin-qizlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ular bilan ishlash tizimi va mas’ul rahbarlarning bu boradagi yondashuvi ham muhokama qilindi.

Neft va gaz sohasida mehnat qilish boshqa tarmoqlarga nisbatan mashaqqatli bo‘lishiga qaramay, boshqarmada ishlayotgan ayollar dardini eshitadigan, bevosita ishlaydigan tizim mavjud emasligi tanqid qilindi. Mas’ullarga ma’naviyat-ma’rifat, davlat tili va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha alohida shtatni yo‘lga qo‘yish yuzasidan ko‘rsatma berdi.

Shuningdek, ayollarning chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rigini malakali shifokorlar va zamonaviy diagnostika asosida tashkil qilish, sport bilan shug‘ullanishlari uchun mashg‘ulot zali qurib berish bo‘yicha choralar ko‘rilishi belgilandi. Iqtidorli, faol yoshlarni rivojlangan davlatlardagi nufuzli neft va gaz kompaniyalariga malaka oshirishga yuborish, uy-joy olishida ssudalar ajratish masalalari bo‘yicha mas’ullarga zarur topshiriqlar berildi. Tizim xodimlari bilan muloqotlar ertaga davom etadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati