Sanoat xavfsizligi sohasida xalqaro mutaxassislar Toshkentda uchrashdi
"O‘ZLITINEFTGAZ" AJ "O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining bazaviy tarmoqlarida ishlab chiqarish quvvatlarini ishlatish uchun yangi xavfsizlik tizimlari" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazdi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad xavfli ishlab chiqarish ob’yektlarining sanoat xavfsizligini ta’minlash, avariya va jarohat yetkazilishi bo‘yicha ma’lumotlarni tahlil qilish samaradorligini oshirish, avariyalar kelib chiqishi sabablarini belgilab beradigan omillar va bu boradagi qonunchilikni tadqiq etish, xavfli ishlab chiqarish ob’yektlarini hisobga olish va identifikatsiyalashni ilmiy jihatdan ta’minlashdir.
Tadbirda asosiy e’tibor sanoat va yong‘in xavfsizligi, jarayonlarni raqamlashtirish, bashoratli tahlil va robotlashgan tizimlar sohasidagi ilg‘or texnologiyalar va yechimlar muhokamasiga qaratildi.
Ishtirokchilar xavflarni kamaytirish, uskunalarning ishlash ishonchliligini oshirish va inson omilini minimallashtirish bo‘yicha innovasion yondashuvlarni taqdim etdilar. Shuningdek BIM, VR, neyro-tarmoq texnologiyalari va avtomatlashtirilgan komplekslarni joriy etish istiqbollarini muhokama qildilar. Eng asosiysi, konferensiya tajriba almashish, ilg‘or ishlanmalarni taqdim etish va mutaxassislar, korxonalar hamda ilmiy jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun platforma bo‘lib xizmat qildi.
So‘nggi yillarda texnologiyaning jadal rivojlanishi va xavflarni samarali boshqarish talablarining ortishi sharoitida ishlab chiqarish quvvatlarini ishlatishdagi xavfsizlik masalalari mamlakat uchun tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu munosabat bilan zamonaviy sanoat xavfsizligi tizimlarini joriy etish, shuningdek, ushbu sohada tajriba va bilim almashish mehnat unumdorligini oshirish hamda ishlab chiqarishdagi avariyalarni minimallashtirish yo‘lidagi muhim qadamdir.