September 15

25 yillik tarix, yangi marralar sari

Chorak asrlik taraqqiyot, inson qadri va kelajakka ishonch mujassam boʻlgan yubiley tantanasi

“Tadbirli boʻlsang, taqdir seniki.”

Xalq maqoli.

Qashqadaryo zaminida bunyodkorlik, mehnat va fidoyilik timsoliga aylangan “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” oʻzining 25 yillik taraqqiyot bosqichini munosib nishonladi.

Chorak asr — bu shunchaki taqvimdagi sana emas. Bu ustozlarga ehtirom, minglab insonlarning mehnati, izlanishi, kasbiy mahorati, masʼuliyati va sadoqati bilan yaratilgan ulkan tarixdir.

2026-yil 12-sentabr kuni SHGKM Ishchilar shaharchasida oʻtkazilgan tantanali tadbir ana shu tarixni yod etish, ustozlarga ehtirom bildirish, marhum hamkasblarni qadrlash, asosiysi bugungi yutuqlarni eʼtirof etish va kelajak marralarga yangi ruh bilan qadam qoʻyish ramziga aylandi.

Tadbirda majmua xodimlari, soha faxriylari, mahalliy hokimiyat vakillari, hamkor korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda tarmoq masʼullaridan iborat 1 200 nafardan ortiq kishi ishtirok etdi.

Mehmonlarni kutib olishdan tortib, tadbirning yakuniy qismiga qadar har bir jarayon yuqori tashkiliy saviyada, milliy qadriyatlar va zamonaviy korporativ madaniyat uygʻunligi asosida tashkil etildi.

Yubiley tantanasining eng muhim jihatlaridan biri - tarixni yaratgan insonlarga hurmat, inson qadri va mehnatga boʻlgan yuksak ehtiromning namoyon boʻlganidadir.

Tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi M. Azimov, “Oʻzkimyosanoat” AJ raisi O. Temirov, “Oʻzbekneftegaz” AJ Boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari S. Hamrayev, Energetika vaziri maslahatchisi S. Qurbonov, tarmoq kasaba uyushma kengashi raisining oʻrinbosari O. Ismoilov ishtirok etib, majmua mehnat jamoasini qutladilar.

Mehnat jamoasi uchun bu tabriklar oddiy tilaklar emas, balki 25 yil davomida yaratilgan mehnat natijalariga berilgan yuksak baho boʻldi. Ayniqsa, uzoq yillar davomida majmua taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshgan xodimlarni ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Tadbirda majmua tarixini yaratgan faxriylar eʼzozlandi, 100 nafarga yaqin ilgʻor xodim munosib ragʻbatlantirildi. Ularga koʻkrak nishonlari, faxriy yorliqlar, xorijiy sihatgohga yoʻllanmalar, muzlatkichlar, televizorlar va gilamlar topshirildi.

Bu ragʻbatlar zamirida bir muhim gʻoya — mehnat qadrlansa, inson yangi marralar sari yanada katta ishonch bilan intiladi, degan hayotiy haqiqat mujassam.

Yubiley munosabati majmua muzeyi ham mehmonlar eʼtiborida boʻldi. Ular korxonaning tarixi, uning shakllanish va taraqqiyot bosqichlari, mehnat jamoasi erishgan natijalar bilan tanishdilar.

Qashqadaryo viloyat hokimi M.Azimovning Faxriy mehmonlar kitobiga qoldirilgan minnatdorchiligi va ezgu tilaklari esa majmua tarixiga boʻlgan hurmatning yana bir ifodasi boʻldi. Zero, muzeyda saqlanayotgan har bir eksponat ortida muayyan davr, inson taqdiri va mehnat mashaqqati bor.

Tadbir davomida ekranda gavdalangan 25 yillik solnoma - maxsus hujjatli film namoyish etildi va 25 yillik tarixini yana bir bor koʻz oʻngimizda gavdalantirdi. Unda korxonaning shakllanishi, rivojlanish bosqichlari, mehnat jamoasining izlanishlari va erishilgan yutuqlar oʻz aksini topdi. Ekrandagi har bir lavha bir haqiqatni eslatdi. Yirik sanoat korxonasining tarixi, avvalo, uni barpo etgan va uning rivojiga hissa qoʻshgan insonlar tarixidir. 25 yillik solnoma — raqamlar va sanalar yigʻindisi emas, balki, uch avlodning mehnat maktabi, tajribasi va hayot yoʻli ekanligi katta taassurotga ega boʻldi.

Koʻp yillik faxriylar, sohadosh hamkorlar va xodimlar bir dasturxon atrofida dildan suhbatlashishdi. Bu bayram hammaning korporativ va ahil jamoaviy ruhini togʻdek koʻtardi. Xizmat koʻrsatish, dasturxon, ovoz va yorugʻlik tizimlari — xullas, hammasi risoladagidek boʻldi.

Tantanali kechaning badiiy qismi ham yubileyning yuksak maqsadiga munosib tarzda tashkil etildi. Sahnadagi teatrlashtirilgan koʻrinishlar, milliy raqslar, folklor chiqishlari va konsert dasturi tadbir ishtirokchilariga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.

Kechaning eng katta quvonchi sahnada emas, jamoa qalbida namoyon boʻldi. Chunki bir maqsad atrofida birlashgan insonlar uchun bayram — bu, avvalo, umumiy tarix va umumiy gʻurur tuygʻusidir.

Bugun zamonaviy majmua muvaffaqiyati faqat ishlab chiqarish hajmi yoki iqtisodiy koʻrsatkichlar bilan emas, balki uning inson kapitali, korporativ madaniyati va jamoadagi sogʻlom muhit bilan ham belgilanadi.

Shu nuqtayi nazardan, 25 yillik yubiley tadbiri “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi”da shakllangan jamoaviy birdamlikning yorqin ifodasi boʻldi.

Tadbir xodimlar oʻrtasidagi oʻzaro hurmat va hamjihatlikni yanada kuchaytirdi, yosh avlodda korxonaga daxldorlik tuygʻusini mustahkamladi, faxriylar va bugungi avlod oʻrtasidagi maʼnaviy bogʻliqlikni jipslashtirdi. Eng muhimi — har bir xodim oʻz mehnati majmua tarixining bir qismi ekanini yana bir bor his qildi. “Daraxt ildizi bilan, inson doʻstlari va safdoshlari bilan qudratlidir” -degan aytimlar tadbirning tub mohiyatini o`zida aks ettirdi.

Bugun “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” oldida yangi vazifalar turibdi. Ilg`or texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, mehnat unumdorligini yuksaltirish, texnologik va ekologik barqarorlikni taʼminlash, inson kapitali salohiyatidan yanada samarali foydalanish, kam xarajat bilan koʻp foyda olish — kelgusi taraqqiyotning muhim omillaridir.

Kechagi avlod yaratgan poydevor bugungi avlod uchun tajriba boʻlsa, bugungi natijalar ertangi avlod uchun yangi imkoniyatlar manbaiga aylanadi.

Zero, katta natijalar ortda katta jamoaning mehnati turadi. 25 yillik tarixni raqamlar bilan ifodalash mumkin. Ammo uning haqiqiy qiymati — insonlar mehnati, sadoqati va ishonchida. Shoʻrtanning bugungi salohiyati ham, ertangi taraqqiyoti ham ana shu insonlarga bogʻliq.

Kasaba uyushmasi aʼzosi sifatida meni eng quvontirgani — xodimlarning yuzidagi tabassum va ularga koʻrsatilgan yuksak eʼtibor boʻldi. Ilgʻor hamkasblarimizning rahbariyat tomonidan munosib ragʻbatlantirilishi butun jamoaga juda katta motivatsiya va yangi kuch bagʻishladi.

Fursatdan foydalanib, ushbu katta toʻyni tashkil etishda bizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlagan “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi, “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” va Birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasi rahbariyatga va ahil jamoamizga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman. 25 yillik ildizimiz yanada baquvvat boʻlib, yangi marralarni birgalikda zabt etaveramiz.

Habibulla Azizov,

“Oʻzbekneftgaz” AJ Birlashgan kasaba uyushmasi

qoʻmitasi raisi oʻrinbosari