March 18

Doktorlik dissertatsiyalari uchun eksperimental ma’lumotlar to‘plandi

Ruscha

Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi Markaziy laboratoriyasida Buxoro davlat texnika universiteti professor-o‘qituvchilari ilmiy malaka oshirishdi. Amaliyot Prezidentimizning "Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi.

Qayd etish joizki, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi laboratoriyasi respublikamizdagi eng ilg‘or sinov laboratoriyalaridan biri hisoblanadi. Bu yerda zamonaviy uskunalar bazasi, yuqori aniqlikdagi tadqiqot usullari hamda tajribali mutaxassislar bilan ishlash imkoniyati mavjud.

Ilmiy amaliyot davrida universitetning Neft va gazni qayta ishlash texnologiyasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari va doktorant xodimlari majmua markaziy laboratoriyasida tabiiy gazni qayta ishlash va polietilen granulasi ishlab chiqarish jarayonlarida bajariladigan analitik nazorat ishlari bilan tanishdi. Shuningdek, tabiiy gazni nordon gazlardan tozalash hamda regeneratsiya qilishni nazorat qilish ko‘rsatkichlarini o‘rganish hamda kuzatuvlar olib borishdi.

Hozirgi kunda majmuada turli maqsadlarda foydalanishga mo‘ljallangan polietilen granulasining bozor talablaridan kelib chiqib, 20 dan ortiq markasi ishlab chiqariladi. Ishlatilish sohasiga qarab polietilen granulalari o‘ziga xos bo‘lgan bir necha sinovlardan o‘tkaziladi. Eng zamonaviy asbob-uskunalar yordamida aniqlash jarayonlarini kuzatish ilmiy xodimlarga qimmatli ma’lumotlarni olish imkonini berdi.

Amaliyot yakunida oliy ta’lim muassasalari vakillari doktorlik dissertatsiyalari uchun eksperimental ma’lumotlar to‘plaganliklarini ta’kidladilar. Bunday ilmiy hamkorlik natijasida muassasa vakillari ishlab chiqarish tajribasiga ega bo‘lish bilan birga, ilmiy izlanishlar amaliy samaradorligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

“Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ Matbuot xizmati