Yesterday

Sunʼiy intellektdan oltingugurtgacha: yoshlar nima taklif qilmoqda?

“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi tarmoqda yoshlar salohiyatidan samarali foydalanishni ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab, barcha obyektlarda yosh kadrlarning taklif va mulohazalarini tinglash amaliyotini izchil davom ettirmoqda.

Shu maqsadda soha poydevorini tashkil etuvchi ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlarida faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan yaqindan muloqot qilish, ularning gʻoya va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan navbatdagi “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi “Oʻzlitineftgaz” AJda boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvning asosiy maqsadi — gaz qazib chiqarishda yoshlarning bugungi hissasini tahlil qilish, ularning takliflari asosida aniq “yoʻl xaritasi”ni shakllantirishdan iborat.

Qayd etish joizki, ayni paytda jamiyatda 30 yoshgacha boʻlgan 110 nafar yosh xodim faoliyat yuritmoqda (shundan 4 nafari rahbar lavozimida), ularning 96 nafari erkak, 14 nafari ayol boʻlib, 8 nafari chet davlatlarda tahsil olgan, 16 nafari esa malaka oshirgan. Loyihalashtirish, raqamlashtirish, ilmiy tadqiqot va innovatsiya yoʻnalishlaridagi muhim loyihalarda yoshlarning ulushi qariyb 80 foizni tashkil etmoqda.

Ochiq muloqot jarayonida yoshlar tomonidan qator amaliy takliflar ilgari surildi. Xususan, “Oʻzbekneftgaz” AJ xavfsizlik talablariga javob beradigan, ichki maʼlumotlar bilan ishlash imkonini beruvchi oʻz sunʼiy intellekt platformasiga ega boʻlishi zarurligi taʼkidlandi. Bu platforma orqali mutaxassislar yagona maʼlumotlar bazasidan xavfsiz va samarali foydalanishi mumkinligi qayd etildi.

Shuningdek, yoshlar gaz qazib chiqarish va qayta ishlash jarayonlariga doir aniq takliflarni ham bildirdi. Jumladan, Gazli gazni qayta ishlash zavodida oltingugurt uskunalarini oʻrnatish taklif etildi. Bu bir tomondan gazni tozalash samaradorligini oshirsa, ikkinchi tomondan, iqtisodiy jihatdan qimmatbaho mahsulot olish imkonini beradi.

Yosh kadrlar tomonidan til oʻrganish kurslarini tashkil etish, IT va sunʼiy idrok sohasida taʼlim dasturlarini kengaytirish, ilmiy anjumanlarda ishtirok etish uchun vaqt va sharoit yaratish kabi takliflar ham bildirildi.

“Oʻzbekneftgaz” AJda yosh kadrlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga ishonch bildirish va kasbiy oʻsishi uchun zarur sharoitlar yaratish ustuvor vazifa etib belgilangan. Jamiyat salohiyatli yoshlarni aniqlash va ularning gʻoya hamda tashabbuslarini amaliyotga tatbiq etishni tizimli yoʻlga qoʻyish tarafdori. Bu borada rahbariyat va yoshlar oʻrtasida oʻtkazilayotgan ochiq muloqotlar samarali qarorlar qabul qilish va tarmoqning barqaror rivojini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Axborot xizmati