“O‘zbekneftgaz” AJda dolzarb 100 kunlik e'lon qilindi
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov ishtirokida neft va gaz sohasini rivojlantirishning qisqa va uzoq muddatli strategiyasini belgilab olishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Kun tartibidan davlatimiz rahbari tomonidan Jamiyat oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalarni bajarish, neft va gaz qazib olish hamda uni qayta ishlash hajmlarini oshirish, sohada samaradorlik va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash masalalari o‘rin oldi.
Boshqaruv raisi o‘z nutqida Jamiyatning barcha faoliyat yo‘nalishlarini o‘zaro bog‘lagan holda yagona rivojlanish strategiyasi va uni amalga oshirishga qaratilgan aniq dastur ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.
Kompaniyani barqaror rivojlantirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda iqtisodiy qiymat yaratishga qaratilgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Jamiyat faoliyatining 10 ta ustuvor yo‘nalishi belgilab olindi.
Ushbu yo‘nalishlar Kompaniyaning qisqa va uzoq muddatli strategiyasini shakllantirish, davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarishga xizmat qiladi.
1. Strategik faoliyat bilan operatsion boshqaruvni bir-biridan ajratish
Bunda Jamiyatning strategik va kundalik operatsion faoliyatini ajratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu rahbariyatni ortiqcha hujjat aylanmasi va joriy masalalardan xalos etib, strategik qarorlar qabul qilish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
2. Strategiya ofisi tashkil etiladi
Boshqaruv raisiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunuvchi Strategiya ofisi (SPO) tashkil etilishi rejalashtirilgan. Mazkur ofis Jamiyat strategiyasining ishlab chiqilishi, uning amalda bajarilishi, shuningdek, loyihalar portfelining strategik maqsadlarga mosligini ta’minlash bilan shug‘ullanadi.
3.Investitsiya siyosatida samaradorlik ustuvor ahamiyat kasb etadi
Investitsiya dasturlariga faqat iqtisodiy jihatdan samaradorligi isbotlangan, loyiha oldi hujjatlari to‘liq ishlab chiqilgan loyihalarni kiritish amaliyoti joriy etiladi. Bu Kompaniya uchun birinchi navbatda moliyaviy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlaydi.
4.Qazib olishda yangicha yondashuv
Konlarda neft va gaz qazib olishda “hajm orqasidan quvish” amaliyotidan voz kechilib, qiymat yaratish va rentabellik tamoyiliga o‘tiladi. Har bir konning iqtisodiy samaradorligi va rentabelligi asosiy mezon sifatida qaraladi.
Shuning uchun avvalo mazkur maqsadlarda ajratiladigan xarajatlarni maqbullashtirish, loyihalashtirish, geofizika, geologik-qidiruv ishlari (burg‘ilash) narxlari va normalarini 20 foizga qisqartirish lozimligi qayd etildi.
5.Geologik-qidiruv ishlari xarajatlarini maqbullashtirish
Geologik-qidiruv va burg‘ilash ishlariga ajratilayotgan xarajatlar qayta ko‘rib chiqilib, narx va me’yorlarni qisqartirish orqali samaradorlikni oshirish choralari ko‘riladi. Bu borada xarajatlar optimallashtirilib, tizim kapitalizatsiya qilinishi qayd etildi.
Gazni chuqur qayta ishlashga ustuvorlik beriladi. Xususan, “GTL” zavodi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish orqali yuqori qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, importni kamaytirish va eksport salohiyatini kengaytirish maqsad qilingan.
7.Moliyaviy shaffoflikni to‘liq ta’minlash
Kompaniya faoliyatida moliyaviy shaffoflikni oshirish uchun moliyaviy hisobotning xalqaro standartlar (MHXS)ini joriy etish, xaridlar tizimini inventarizatsiyadan o‘tkazib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarni cheklash choralari ko‘riladi.
8.Kredit yuklamasini keskin kamaytirish
Kreditlarni samarali boshqarish, qarz yuklamasini pasaytirish hamda 2026 yil uchun moliyaviy model ishlab chiqish orqali Jamiyatning moliyaviy barqarorligi mustahkamlanadi.
TOP-menejmentni yo‘lga qo‘yish orqali rahbar xodimlarni rotatsiya qilish, ularning faoliyatini aniq KPI ko‘rsatkichlari asosida baholash tizimi qayta ko‘rib chiqiladi.
10.Raqamlashtirish va sun’iy intellekt
Raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt texnologiyalari boshqaruv va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga xizmat qiladigan darajada joriy etiladi. Barcha raqamlashtirish loyihalari aniq natija va iqtisodiy foydaga yo‘naltiriladi.
Yig‘ilish yakunida ushbu belgilangan chora-tadbirlar mamlakat neft-gaz sohasining barqaror rivojlanishini ta’minlash, shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJni zamonaviy, samarali va raqobatbardosh kompaniyaga aylantirishga xizmat qilishi ta’kidlanib, bu ishlarni bajarish uchun dolzarb 100 kunlik joriy etilgani ma’lum qilindi.