Strategik obyektlarda xavfsizlikni ta’minlashning muhim jihatlari muhokama qilindi
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida “O‘ta muhim toifalangan obyektlarda fuqaro muhofazasi va yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlarni takomillashtirish” mavzusida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Favqulodda vaziyatlar vazirligi, yong‘in xavfsizligi xizmati, tibbiyot bo‘linmalari xodimlari, safarbarlik bo‘yicha mutaxassislar, shuningdek, zavod ishchi-xodimlari ishtirok etib, strategik obyektlarda xavfsizlikni ta’minlashning muhim jihatlarini muhokama qildilar.
Tadbir fuqaro muhofazasi kuch-vositalari, taktik va qutqaruv operatsiyalarining ko‘rgazmali chiqishlari bilan o‘zi ishini boshladi.
Dastlab, fuqaro muhofazasi sohasida mutaxassislar tayyorlash va zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha Fuqaro muhofazasi institutining tajribasi bilan o‘rtoqlashildi.
Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilish uchun raqamli texnologiyalar va avtomatlashtirilgan monitoring tizimlaridan foydalanish imkoniyatlari taqdim etildi.
Taqdimotlar ishtirokchilarga o‘ta muhim va toifalangan obyektlarning himoya darajasini oshirish bo‘yicha faol olib borilayotgan yondashuv va strategiyalarni yaxshiroq tushunish imkonini berdi.
Nazariy qismdan so‘ng zavodning ishlab chiqarish obyektida maxsus-taktik mashg‘ulot o‘tkazildi.
Unda favqulodda vaziyatlarda harakat qilish algoritmlari, jumladan shartli yong‘inni o‘chirish, xodimlarni evakuatsiya qilish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish va gaz sizib chiqishi oqibatlarini bartaraf etish jarayonlari namoyish etildi.
Bir so‘z bilan aytganda mazkur tadbir kasbiy aloqalarni mustahkamlash, fuqaro muhofazasi va yong‘in xavfsizligi sohasida o‘zaro tajriba almashish va ilg‘or yechimlarni joriy etish maydoniga aylandi.