Qadimiy shaharlar bo‘ylab sayohat
Xabaringiz bor, "O‘zbekneftgaz" AJ va uning tizim tashkilotlarida ichki turizmni yanada rivojlantirish, xodimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida tizimli ravishda tarixiy qadamjolarga turli sayohatlar tashkil qilib kelinadi.
Prezident raisligida o‘tkazilgan hududlarning turizm salohiyatini yanada oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda har oyning bitta shanba va yakshanbasi – “oila va mehnat jamoasi bilan sayohatga chiqish” kuni, deb e’lon qilinishi munosabati bilan bu boradagi ishlar yangi bosqichga chiqdi.
Shu munosabat bilan Sho‘rtan va Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari xodimlari tarixiy shaharlarga sayohatga olib borildi.
Safar manzillari — tarix va tamaddun beshigi, Markaziy Osiyoning yuragi sanalmish Samarqand, sohibqiron Amir Temur ona shahri Shaxrisabz bo‘ldi.
Bunday sayohatlar nafaqat madaniy meros bilan tanishish, balki do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Xodimlar Amir Temur buyuk davrini yodga soluvchi Registon majmuasi, Ulug‘bek, Tillaqori va Sherdor madrasalaridagi betakror naqqoshlik va me’morchilik san’ati bilan tanishdi.
Nafosat va salohiyatning yorqin namunasi bo‘lgan Bibixonim masjidi, Temuriylar sulolasi tarixini o‘zida mujassam etgan Go‘r Amir maqbarasi xodimlarda chuqur taassurot qoldirdi.
Ular o‘z bilimlarini tarixiy ma’lumotlar bilan boyitish, yangi do‘stlar orttirish imkoniga ham ega bo‘ldilar.
Bu safar har bir ishtirokchi uchun esda qolishga arziydigan, ruhlantiruvchi voqealarga boy bo‘ldi.