Today

Quduqlar mahsuldorligini oshirishda AQSH texnologiyalaridan foydalaniladi

“O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2026” 28-xalqaro ko‘rgazma va konferensiyasi doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov AQSHning “Upwing Energy” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot avvalida “O‘zbekneftgaz” tomonidan amerikalik hamkorlar bilan munosabatlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, kompaniya neft-gaz sohasidagi ilg‘or texnologiyalarni jalb etish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha izchil ishlar olib borayotgani qayd etildi.

Muzokaralar davomida joriy yil aprel oyida “O‘zbekneftgaz”, “UNG Overseas” va “Upwing Energy” o‘rtasida imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv doirasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Asosiy e’tibor quduqlar mahsuldorligini oshirishga qaratilgan zamonaviy texnologiyalarni sinov tariqasida joriy etish masalalariga qaratildi. Shu maqsadda ayrim quduqlarda pilot loyihalarni amalga oshirish va ijobiy natijalarga erishilgan taqdirda, ushbu yechimlarni keng miqyosda tatbiq etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni izchil davom ettirish va pilot loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati