September 10

“O‘zlitineftgaz” konlarni qanday boshqaradi?

Tabiiy resurslardan oqilona foydalanish – nafaqat iqtisodiy, balki ekologik va strategik ahamiyatga ega vazifa. “O‘zlitineftgaz” AJ bu yo‘nalishda ilg‘or tajribalarni qo‘llab, uglevodorod konlarini samarali boshqarish va ularning ekspluatatsiya muddatini uzaytirishga katta e’tibor qaratmoqda.

Kompaniya tarkibidagi loyihalash va monitoring bo‘limi konlar holatini to‘liq nazorat qiladi. Uning vazifalari konlar ekspluatatsiyasi ko‘rsatkichlarini tizimli tahlil qilish, geologik-gidrodinamik nazorat olib borish, loyiha hujjatlarini yangilash, texnologik og‘ishlarga tezkor javob berish, yangi quduqlarni burg‘ilash va qo‘shimcha ob’yektlarni ishga tushirish bo‘yicha takliflar tayyorlashdan iborat.

Konlarda qazib olish hajmining pasayishi, quduqlarning suvlanishi yoki zaxiralarning notekis o‘zlashtirilishi kabi muammolar yuzaga kelganda bo‘lim mutaxassislari bu holatlarga moslashuvchan yechimlar taklif qiladi.

“O‘zlitineftgaz” faoliyatida raqamlashtirish muhim o‘rin tutadi. Geomodellashtirish, avtomatlashtirilgan ma’lumot yig‘ish va analitik platformalar orqali prognoz aniqligi oshadi, qarorlar esa tezroq qabul qilinadi. Bu kompaniyaning resurs bazasini barqaror rivojlantirishga yo‘l ochadi.

“O‘zlitineftgaz” AJ nafaqat uglevodorod zaxiralaridan samarali foydalanish, balki muhandislik yechimlari, ilmiy yondashuv va intellektual salohiyatni rivojlantirish orqali barqaror taraqqiyot tamoyillariga asoslangan faoliyat yuritmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati