Tatariston rasmiy vakillari bilan manfaatli hamkorlik istiqbollari belgilab olindi
“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov Tatariston Respublikasining Oʻzbekistondagi rasmiy vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Tataristonning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari A. Axtareev boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan muloqot davomida tomonlar ikki davlat oʻrtasida neft-gaz sohasida shakllangan koʻp yillik samarali hamkorlik aloqalarini yuqori baholadilar.
Xususan, hamkorlar bilan Oʻzbekiston hududida qator qoʻshma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilgani qayd etildi. Shuningdek, AYOQSHlar tarmogʻini rivojlantirish, raqamlashtirish, sanoat xavfsizligi, atrof-muhitni muhofaza qilish va dekarbonizatsiya yoʻnalishlarida hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan memorandumlar izchil amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar konstruktiv muloqot va oʻzaro manfaatli sheriklikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirib, ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha qoʻshma loyihalarni davom ettirish va hamkorlik koʻlamini yanada kengaytirishga kelishib oldilar.