Ozarbayjon kompaniyasi bilan mahalliylashtirish bo‘yicha hamkorlik qilinmoqda
Ozarbayjonning "CDF" kompaniyasi o‘rtasidagi kimyoviy reagentlar va uskunalar ishlab chiqarish hamda burg‘ilash ishlari xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlikni amalga oshirishga doir “Yo‘l xaritasi”ga asosan xorijiy kompaniyaning bir guruh vakillari "O‘zbekneftgaz" AJda bo‘lishdi.
Tashrif doirasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash, shuningdek, burg‘ilash eritmalari va ularning kelajakdagi loyihalarda ishlatiladigan optimal tizimlari bo‘yicha ko‘plab muhim masalalar muhokama qilindi.
Dastlab, kompaniyalar rahbariyati tomonidan burg‘ilash eritmalarini ishlab chiqarish va ularni tayyorlashda xalqaro standartlarga muvofiqlik masalalarini ko‘rib chiqishdi.
Shundan so‘ng "CDF" kompaniyasining texnik mutaxassislari Qashqadaryo viloyatidagi "Chunagar" konida bo‘lib, u yerda burg‘ilash eritmalarini tayyorlash va ularni joriy etish bo‘yicha zarur texnik sharoitlarni tekshirdilar. Kondagi rezervarlar, burg‘ilash eritmasi ishlab chiqarish bloklari, o‘lchov va nazorat asboblari holatiga baho berildi. Shuningdek, burg‘ilash qurilmalari va ularning kelajakdagi ishlatilishi uchun zarur bo‘lgan tarmoqlarning tahlili olib borildi.
Maxsus guruh tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan ham muzokaralar qilindi. Unda "Trade Mega Asia", "Toshkent Polimer Sintez" va "Unique Chemistry" kompaniyalari bilan burg‘ilash eritmalari uchun kimyoviy moddalar lokalizatsiyasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar natijasida O‘zbekistonning mahalliy ishlab chiqaruvchilarini jalb etish orqali burg‘ilash eritmalarini tayyorlash va ularni ishlatishda samaradorlikni oshirishga qaratilgan yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvlar va strategik rejalar qabul qilindi.