December 11

“O‘zbekneftgaz” AJ ilk bor ESG reytingini oldi

“Sustainable Fitch” xalqaro reyting agentligi “O‘zbekneftgaz” AJning ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) yo‘nalishlaridagi faoliyatini kompleks o‘rganib, kompaniyaga ilk ESG reytingini taqdim etdi.

Mazkur reytingning berilishi Jamiyatning ushbu yo‘nalishda amalga oshirayotgan ishlari “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili”ga hamohang ekanini ko‘rsatadi.

Agentlik xulosalariga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” AJ “3” va 50 ball darajasidagi ESG reytingiga loyiq deb topildi. Bu neft-gaz sanoati uchun yuqori natija hisoblanib, kompaniyaning barqaror rivojlanish, ekologik mas’uliyat va boshqaruv samaradorligi borasidagi izchil islohotlarini aks ettiradi. Sohaga ekologik talablar yuqori bo‘lgan bir sharoitda bunday baho “O‘zbekneftgaz” AJning barqaror biznes modeli sari dadil qadam tashlayotganini ifodalaydi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, ESG reytingi “1” (eng yuqori) dan “5” gacha bo‘lgan besh pog‘onali tizim asosida baholanadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ olingan natijani korporativ barqarorlik strategiyasini yanada takomillashtirish yo‘lidagi muhim bosqich sifatida baholaydi. Kelgusida kompaniya reyting darajasini saqlab qolish, yanada mustahkamlash hamda xalqaro hamkorlar ishonchini oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettiradi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati