February 4

Kadrlar tayyorlash va ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha hamkorlik muhokama qilindi  

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJ delegatsiyasi Malayziyaga tashrifi doirasida “PETRONAS” texnologiya universiteti rahbariyati bilan ham ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.

Unda universitet faoliyati, erishgan yutuqlari hamda ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Neft-gaz sohasida kadrlar tayyorlash uchun ixtisoslashtirilgan treninglar va kurslarni taklif etadigan «Ilg‘or va kasb-hunar ta’lim markazi» (UTP) faoliyati bilan tanishildi. «O‘zbekneftgaz» AJ vakillari markazning ilg‘or ta’lim uslublari va tadqiqot tashabbuslari bilan qiziqib, ularni mamlakatimizga moslashtirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Tomonlar ta’lim dasturlarini kengaytirish, jumladan, qo‘shma akademik kurslar, malaka oshirish va almashuv dasturlarini yaratish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.

Uchrushuv yakunida bakalavriat va magistratura dasturlari, ixtisoslashtirilgan treninglar, shuningdek, ilmiy-tadqiqot loyihalarini qamrab olgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu esa o‘z navbatida mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va neft-gaz sohasida ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun, PETRONAS Texnologiya universiteti neft-gaz va energetika sohalari bo‘yicha bakalavr, magistratura va PhD dasturlarini taklif etadi. U Osiyodagi eng yaxshi texnik universitetlar qatoriga kiradi va QS World University Rankings reytingiga ko‘ra yetakchi Malayziya xususiy universiteti sifatida tan olingan.

"O‘zbekneftgaz" AJ Matbuot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook