“Oʻzbekneftgaz” va Xitoyning yirik “CNPC” korporatsiyasi oʻrtasida muhim kelishuvlarga erishildi
Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga muvofiq, joriy yildan boshlab “Oʻzbekneftgaz” AJ geologiya-qidiruv ishlari va quduqlarni burgʻilash boʻyicha koʻlami jihatidan tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan keng qamrovli dasturni amalga oshirishga kirishmoqda. Bu dastur Jamiyat resurs bazasini kengaytirish va energetik xavfsizlikni mustahkamlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Shu munosabat bilan, Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirilgan xizmat safari doirasida “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdugʻani Sanginov boshchiligidagi delegatsiyaning “CNPC” korporatsiyasi direktorlar kengashi raisi Day Xoulyan bilan ham uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Unda neft-gaz sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, yangi yirik qoʻshma loyihalarni amalga oshirish hamda uzoq muddatli kelishuvlarga erishish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Muloqotda “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan joriy yilda kamida 6 500 kvadrat kilometr maydonda 3D seysmik tadqiqotlar oʻtkazish, shuningdek, turli chuqurlikdagi quduqlarni burgʻilash rejalari maʼlum qilindi. Ilk bor bunday keng koʻlamli ishlar kompleks tarzda, bir vaqtning oʻzida bir nechta yangi bloklarda amalga oshirilishi koʻzda tutilayotgani qayd etildi.
Uchrashuvda “CNPC” guruhiga kiruvchi kompaniyalar bilan qator yirik shartnomalarni imzolash rejalari ham muhokama qilindi.
Tomonlar burgʻilash qurilmalari, butlovchi qismlar, dolotalar va quvurlar kabi texnologik uskunalarni xarid qilish, shuningdek uglevodorod qazib olish sohasida tajriba almashish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratdilar.
Uchrashuv davomida "CNPC" tarkibidagi "Kunlun Digital Technology" kompaniyasi bilan raqamli yechimlar va sunʼiy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etish, chuqur burgʻilash, 3D seysmik qidiruv yoʻnalishlarida "XIBU", "BGP”(Bi-Ji-Pi), "CNLC" bilan yoʻlga qoʻyilayotgan hamkorlikga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlar kompaniyalar oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi, shuningdek Oʻzbekiston–Xitoy strategik sherikligini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.