March 18

Muborakda ishlab chiqarish samaradorligi va intizom masalalari tanqidiy tahlil qilindi

Boshqaruv raisi boshchiligida Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida ishlab chiqarish va umumiy masalalarga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.

Unda 2026-yil uchun belgilangan ustuvor vazifalarning birinchi chorak ijrosi tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi. Yigʻilishda boshqarma faoliyati, xususan, qazib chiqarish koʻrsatkichlari, ishlab chiqarish jarayonlari va iqtisodiy samaradorlik atroflicha koʻrib chiqildi.

Muhokamalar davomida joriy yilda yuzaga kelgan avariyaviy toʻxtalishlar sabablari tahlil qilinib, ularni bartaraf etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan, kompressor stansiyalari nosozligi, elektr taʼminotidagi uzilishlar, quvurlardagi texnik nuqsonlar kabi omillar tanqidiy baholandi. Shuningdek, quduqlar ish rejimining oʻzgarishi, bosim tushishi va suvlanish holatlari muhokama qilindi.

Yigʻilishda 2026-yil uchun rejalashtirilgan ishlab chiqarish koʻrsatkichlariga alohida eʼtibor qaratildi. Unga koʻra, boshqarmada yil oxiriga qadar 22 ta quduqda burgʻilash, 17 ta quduqda mukammal taʼmirlash va 13 ta texnologik tadbirni amalga oshirish orqali qoʻshimcha 598 mln kub metr tabiiy gaz qazib olish rejalashtirilgani qayd etildi. Bunda har bir loyiha iqtisodiy samaradorlik asosida baholanishi, “koʻp son” tamoyilidan voz kechilib, aniq natijaga qaratilgan yondashuv joriy etilishi zarurligi taʼkidlandi.

Yigʻilish yakunida Boshqaruv raisi tomonidan ishlab chiqarish barqarorligini taʼminlash, avariyaviy holatlarning oldini olish, xarajatlarni optimallashtirish hamda xavfsizlik talablarini kuchaytirish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.

Shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, moddiy-texnika taʼminotini yaxshilash va barcha vazifalar ijrosini qatʼiy nazoratga olish boʻyicha masʼullarga shaxsiy javobgarlik yuklatildi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Axborot xizmati