“O‘zbekneftgaz” mutaxassisi Yevropaning eng baland cho‘qqisini zabt etdi
“O‘zbekneftgaz” AJ Burg‘ilashni boshqarish markazi yetakchi mutaxassisi Mahmud Hamidov Yevropaning eng baland nuqtasi — 5642 metr balandlikdagi Gʻarbiy Elbrus cho‘qqisini zabt etdi.
Tog‘ turizmi ishqibozi Hamidov uchun bu sayohat shunchaki dam olish emas — balki irodani sinash, o‘z imkoniyatlarini kashf etish va shaxsiy yutuq sari intilish yo‘li bo‘ldi.
Mahmud Elbrus tog‘iga chiqishni aniq rejalashtirib, safarni tog‘ etagidagi Terskol qishlog‘idan boshladi. Ilk ikki kun 2350 metr balandlikda iqlimga moslashish bilan o‘tdi. Keyinroq 3500 metrgacha ko‘tarildi, so‘ng 4000 metrdan yuqorida joylashgan “Priyut 11” tunash qo‘nog‘iga joylashdi. Maqsad uchun zarur jihoz va oziq-ovqatlar oldindan 4050 metrga yetkazib qo‘yilgan edi.
To‘rtinchi kuni 4700 metr balandlikdagi Pastuxov qoyalarida tanani chiniqtirdi. Beshinchi kuni dam, oltinchi kun soat 23:00 da cho‘qqiga qarata yurishni boshladi.
8 soatlik mashaqqatli ko‘tarilishdan so‘ng Hamidov 5325 metrdagi Sedlovina — Gʻarbiy va Sharqiy Elbrus o‘rtasidagi dovonga yetib bordi. Qisqa hotirjamlikdan so‘ng yana ikki soatlik harakat natijasida 18 iyul, soat 12:40 da Elbrus cho‘qqisiga muvaffaqiyatli yetib bordi. Umumiy ko‘tarilish 13 soat 40 daqiqa davom etdi.
Bu sayohat davomida u nafaqat jismoniy, balki ruhiy sinovlarni ham yengib o‘tdi. Qiyin ob-havo, qorli shamol va toqat sinovlari — barchasi yuqori darajadagi tayyorgarlik va sabr talab etdi.
— Men cho‘qqi fonida suratga tushish uchun emas, balki ichki g‘alabani his qilish uchun Elbrusga chiqdim. Uddalay olganimni anglagan lahza — men uchun eng oliy mukofot, — deydi Mahmud Hamidov.
Hamidovning ushbu yutug‘i nafaqat shaxsiy muvaffaqiyat, balki “O‘zbekneftgaz” mutaxassislarining matonatini ifoda etadi.