Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha navbatdagi o‘quv-seminar o‘tkazildi
Jamiyatda shaffoflik va adolatni ta’minlash, fuqarolarning ishonchini mustahkamlash, shuningdek, tashkilotlarda komplayens nazorat tizimini rivojlantirish maqsadida Buxoro neftni qayta ishlash zavodida “Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati va murojaatlarni qabul qilish hamda qayta ishlashning samarali reglamenti" mavzusida navbatdagi o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminar davomida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha qabul qilingan me’yoriy hujjatlar, ichki siyosat, xodimlar uchun belgilangan axloq kodeksi, manfaatlar to‘qnashuvi holatlari va ularni aniqlash mexanizmlari keng muhokama qilindi.
Maxsus axborot kanallari orqali kelib tushayotgan murojaatlar, bildirilgan shikoyat va takliflarni qabul qilish, ularni to‘g‘ri tahlil qilish hamda belgilangan tartibda qayta ishlash bo‘yicha reglament talablariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, xalqaro amaliyotlar va mahalliy me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida samarali komplayens tizimini joriy etishning muhim jihatlariga to‘xtalib o‘tildi.
Seminar so‘ngida ishtirokchilar o‘rtasida savol-javoblar, amaliy keyslar va fikr almashinuvlar tashkil etildi. Xodimlar korrupsiyaga qarshi kurashda o‘z mas’uliyatini yanada teranroq anglab yetishi uchun qo‘shimcha metodik tavsiyalar ham berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurash — bu faqat rasmiy hujjatlar emas, balki har bir xodimning shaxsiy mas’uliyati va hayotiy pozisiyasidir.