Today

“Har bir xarid — shaffof”: “Oʻzbekneftgaz” tizim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi amaliy seminarlar oʻtkazildi

“Oʻzbekneftgaz” AJning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlaridagi tarkibiy korxonalarida xarid jarayoniga masʼul mutaxassislar uchun tizimli oʻquv seminarlari oʻtkazildi.

Maqsad — qonunchilikdagi soʻnggi yangiliklarni ishlab chiqarish amaliyotiga toʻgʻri tatbiq etish, belgilangan tartib-taomillarni chuqur oʻzlashtirish, xarid jarayonini yanada takomillashtirish hamda sohada korrupsiyaga qarshi murosasiz muhitni shakllantirish.

Jamiyat Boshqaruvi raisining koʻrsatmasiga binoan Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat departamenti hamda Xaridlar departamenti vakillaridan iborat maxsus ishchi guruh tomonidan tashkil etilgan mashgʻulotlarda oʻrganishlar davomida aniqlangan xarid va shartnomalar ijrosi boʻyicha kamchiliklar batafsil tahlil qilindi. Ular takrorlanmasligi uchun preventiv choralar koʻrish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Xarid boʻlinmalari xodimlari korrupsiyaga qarshi koʻrilgan qatʼiy choralar va murosasiz kurash natijalari bilan yaqindan tanishtirildi.

Shuningdek ishchi guruh vakillari hamda zavod va korxonalar rahbariyati oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda xarid jarayonlari, shartnomalar ijrosi va ichki nazorat tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida ishlab chiqarish maydonlarida boʻlishdi.

Ushbu tashabbus tizimda joriy etilayotgan korrupsiyaga qarshi komplayens-nazorat mexanizmlarining uzviy qismi boʻlib, davlat va jamiyat manfaatlariga tahdid solishi mumkin boʻlgan xatarlarning oldini olishga xizmat qiladi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ moliyaviy-xoʻjalik faoliyatida ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga qatʼiy amal qiladi. Har bir xarid qonuniy va halol oʻtkazilishini taʼminlash — jamiyatning ustuvor vazifasidir.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Axborot xizmati