Today

Sinovdan o‘tgan mahalliy mahsulot uchun 182 mln so‘mlik shartnoma tuzildi

“O‘zbekneftgaz” AJ mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikni kuchaytirib, import o‘rnini bosuvchi mahsulot va xizmatlarni o‘zlashtirish ishlarini jadallashtirmoqda.

Qashqadaryo viloyatidagi qator ishlab chiqarish obyektlariga mahalliy kompaniyalar – “EASY860” MCHJ, “Lab Creator” QK MCHJ va “Rapid Rise Technoprom” MCHJ rahbar va mutaxassislari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Unda gaz qazib chiqarish hamda qayta ishlash jarayonlarida qo‘llanadigan mahsulot va xizmatlarni mahalliylashtirish masalalari muhokama qilindi.

Ishlab chiqaruvchilar tomonidan suvni tozalash uchun korroziyaga qarshi kimyoviy reagentlar, laboratoriya jihozlarini ta’mirlash, burg‘ulash va quduqlarni kapital ta’mirlash uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha takliflar berildi.

Jumladan, “EASY860” tomonidan ishlab chiqarilgan va sanoat sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan antiskolant mahsuloti uchun 182 mln so‘mlik shartnoma tuzildi. “Lab Creator” tomonidan laboratoriyalardagi xromotograflarni ta’mirlash xizmatlari bo‘yicha takliflar bildirildi. Shu bilan birga, “Rapid Rise Technoprom” quduqlarni kapital ta’mirlash uchun zarur uskunalarni mahalliylashtirish ishlari rejalari muhokama etildi.

Ushbu hamkorlik sohada mahalliy ishlab chiqarish ulushini oshirish, import xarajatlarini qisqartirish va iqtisodiy samaradorlikka erishishda muhim qadam bo‘lmoqda.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati