Shoʻrtan gaz kimyo majmuasida xodimlar murojaatlari tinglandi
“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisining yoshlar va xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchilari hamda Kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi ishtirokidagi ishchi guruhning navbatdagi ochiq muloqoti Shoʻrtan gaz kimyo majmuasida boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi — ishchi-xodimlarning taklif va murojaatlarini bevosita tinglash, ularni qiynayotgan masalalarni joyida muhokama qilish hamda amaliy yechimlar belgilashdan iborat boʻldi.
Muloqot avvalida “Oʻzbekneftgaz” AJ rahbariyati tomonidan ishchi-xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish va jamoada sogʻlom muhitni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, tizimdagi keng koʻlamli islohotlar, ijtimoiy loyihalar hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar xodimlar hayotida muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Shundan soʻng ochiq savol-javob shaklida muloqot davom ettirilib, ishchi-xodimlar oʻzlarini qiziqtirgan masalalar, mavjud muammolar va takliflar yuzasidan erkin fikr bildirdilar. Barcha murojaatlar eʼtibor bilan tinglanib, ularga asosli javoblar berildi. Ilgari surilgan takliflar Boshqaruv raisiga yetkazilishi va belgilangan tartibda koʻrib chiqilishi qayd etildi.
Bunday muloqotlar ishchi-xodimlarning mehnatga boʻlgan munosabatini mustahkamlash, ijtimoiy faolligini oshirish va jamoada oʻzaro ishonchni kuchaytirishga xizmat qiladi.