July 16

Ozarbayjon kompaniyasi bilan hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJ hamda Ozarbayjonning "Master Tools" MCHJ kompaniyasi vakillari o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, xususan, asbob-uskunalar yetkazib berish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va neft-gaz sanoati ehtiyojlari uchun zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish masalalariga bag‘ishlandi.

Uchrashuv doirasida tomonlar sanoat kooperatsiyasi imkoniyatlari, ishlab chiqarish jarayonlarining samaradorligini oshirish va sohani texnik jihatdan qayta jihozlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar. Shuningdek, tajriba almashish va ilg‘or muhandislik yechimlarini joriy etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

“Master Tools” MCHJ mutaxassislari tomonidan mutaxassislarni payvandlashga o‘rgatish maqsadida qo‘shimcha elektrodlar va payvandlash kabellarini talab qilmaydigan innovasion qurilma taqdim etildi.

Kompaniya “Miller” brendi ostida payvandlash uskunalari hamda neft-gaz platformalari, qurilish, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, transport, energetika, tog‘-kon sanoati, mashinasozlik, kimyo va boshqa sohalar uchun zarur jihozlarni yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Shu bilan birga, dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik qiladi.

“Master Tools” MCHJ — AQSHning Miller, Hobart, Elga va Bernard brendlarining Kaspiy mintaqasidagi eksklyuziv rasmiy distribyutori hisoblanadi. Shuningdek, u “SOCAR”, “BP” kabi yirik kompaniyalarning asosiy yetkazib beruvchilaridan biri sanaladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar taqdim etilgan ma’lumotlarni yanada chuqurroq o‘rganish, takliflarni qo‘shimcha tarzda ishlab chiqish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni amalga oshirish bo‘yicha aniq yo‘nalishlarni belgilab olishga kelishib oldilar.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati