O‘zbekiston mintaqada barqaror energiya ekotizimini barpo etishda yetakchi integrator sifatida faol harakat qilmoqda
O‘zbekiston xalqaro energetika forumi doirasida o‘tkazilayotgan yalpi majlisning ikkinchi qismida energiya resurslarini iste’mol qilishda geografik, iqtisodiy va ijtimoiy jihatlar, yoqilg‘ilararo raqobat va muvozanat, diversifikatsiya, yangi texnologiyalar va infratuzilmaga bag‘ishlangan mavzular muhokama qilindi.
Unda “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi, “KazMunayGaz” AJ Boshqaruv raisi, “Air Products”ning Markaziy Yevropa va Osiyo bo‘yicha vise-prezidenti, “Unigaz Arabia” raisi, “Vision Invest” katta vise-prezidenti, “OPEC” tahlilchisi, “Topsoe” kompaniyasining Markaziy Osiyo direktori spiker sifatida ishtirok etdi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Markaziy Osiyodagi yoqilg‘i raqobatining hozirgi holati, qayta tiklanuvchi energiya manbalari evaziga raqobat kuchayib borayotgan bir paytda kompaniya tomonidan o‘z mavqeini saqlab qolish uchun ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumot berdi.
- Biz raqobatni qiyinchilik sifatida emas, balki texnologik yangilanish va institusional transformatsiyaga turtki sifatida ko‘ramiz, - dedi B.Sidiqov. - Keng ko‘lamli modernizatsiya dasturi doirasida Jamiyat raqamli yechimlarni joriy etmoqda, infratuzilmani xalqaro standartlar bo‘yicha rivojlantirmoqda va ishlab chiqarish-sotish zanjirining barcha bosqichlarida uglerod izini tizimli ravishda kamaytirmoqda.
Boshqaruv raisi o‘z nutqida davlat rahbari tomonidan ochiqlik borasida olib borayotgan islohotlar natijasida korporativ boshqaruv, ekologik barqarorlik va operasion samaradorlik sohalaridagi joriy etilayotgan eng yaxshi jahon tajribalariga ham to‘xtaldi.
Chuqur transformatsiya ostonasida turgan O‘zbekiston energetikasida markazlashgan modeldan raqamli, barqaror va moslashuvchan tizimga o‘tish jarayonida “O‘zbekneftgaz”ning faol ishtiroki qayd etildi.
Shuningdek, Boshqaruv raisi O‘zbekistonda energiya iste’moliga ta’sir etuvchi geoiqtisodiy omillar va mintaqaviy sheriklik haqida ham ma’lumot berdi.
O‘zbekistonda sanoatlashuv, urbanizatsiya va iqtisodiy o‘sish tufayli energiya iste’moli ortmoqda. Bu holat shunchaki quvvatlarni oshirish emas, balki butun energetika modelini yangilashni talab etmoqda, - dedi Jamiyat raisi.
Bu borada “O‘zbekneftgaz” AJ mintaqada yangi energetika arxitekturasini shakllantirishda yetakchi rol o‘ynamoqda. Hamkorlar bilan raqamlashtirish, xavf-xatarlarni boshqarish, dekarbonizatsiya va investitsiya yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
O‘zbekiston mintaqada o‘zaro bog‘langan, texnologik, barqaror energiya ekotizimini barpo etishda yetakchi integrator sifatida faol harakat qilmoqda, - deb qayd etdi B.Sidiqov.