Joriy yilda 135 mln kVt*soat elektr energiyasi va 57 mln kub metr tabiiy gaz yoqilg‘isi tejaldi
“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan energiya resurslaridan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida amalga oshirilgan tadbirlar natijasida 135 million kVt*soat elektr energiyasi tejalib, reja prognozga nisbatan 107 foizga bajarildi. Bu o‘z navbatida elektr energiyasi ishlab chiqarish va iste’mol qilishda samaradorlikni oshirishga yordam berdi.
Elektr energiyasi iste’moli iqtisodini ta’minlash maqsadida 27,2 MVt quyosh fotoelektr stansiyasi, 113,9 ming litr quyosh suv qizdirgichi, 13 235 dona svetodiodli lampalar, 1 951 dona quyosh panelli yoritish chiroqlari va 1 103 dona sensorli datchiklar hamda 4 696 metr kvadrat gofra panellari o‘rnatildi.
Tabiiy gaz yoqilg‘isini tejashga qaratilgan tadbirlar natijasida 57 million kub metr tabiiy gaz yoqilg‘isini tejashga muvaffaq bo‘lindi. Bu prognozga nisbatan 120 foizga ko‘proq natija demakdir.
Tabiiy gazni tejash maqsadida syeolitli tozalash va quritish qurilmalari, oltingugurt olish qurilmalari, qozonxonalardagi bug‘ qozonlarini issiq zahiraga to‘xtatish orqali gaz sarflanishini tejash va bug‘ ishlatish samaradorligini oshirishga qaratilgan choralar amalga oshirildi.
Ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish va optimallashtirishga katta e’tibor berish natijasida nafaqat energiya sarflari kamaytirildi, balki atrof-muhitga bo‘lgan ta’sir ham minimallashtirildi.
Bundan tashqari, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Sho‘rtan” konida ishga tushirilgan ikkita quduq va qurilayotgan ikkita quduq usti kichik kompressor stansiyalari tashqi elektr ta’minoti uchun yangi 110 kV havo tarmog‘i va 110/35/6 kV “Sho‘rtan-40” podstansiyasi qurilib ishga tushirildi.
Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Somontepa” konida qurilishi rejalashtirilgan kichik kompressor stansiyalar tashqi elektr ta’minoti uchun yangi 110 kV havo tarmog‘i va 110/6 kV “Somontepa” podstansiyasida qurilish-montaj ishlari qariyb 95 foizga bajarildi.