April 3

Ishlab chiqarish obyektlarida zamonaviy ultraovozli gaz hisoblagichlar sinovdan o‘tkaziladi

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan sanoat kooperatsiya aloqalarini yanada rivojlantirish, mahalliy bozorlarda talabga javob beruvchi mahsulot ishlab chiqarish maqsadida kompleks ishlar olib borilmoqda. Shu maqsadda Rossiyaning "Kuybishev Telekom-Metrologiya" ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi mutaxassislari bilan ikki tomonlama uchrashuv tashkil etildi.

Unda Rossiya kompaniyasi vakillari tomonidan o‘zlarining mavjud ishlab chiqarish imkoniyatlari va quvvatlarini namoyish etuvchi taqdimot o‘tkazildi.

Qayd etish joizki, “Kuybishev Telekom-Metrologiya” — gaz va suyuqliklarni hisobga olish asbob-uskunalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxona o‘zining ilmiy-texnik markaziga ega. Uning KTM Smart Stream nomli maxsus dasturiy ta’minoti davlat reyestriga kiritilgan bo‘lib, ishlab chiqarilgan vositalarni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimi bilan birgalikda ishlatish imkonini beradi.

Hozirda kompaniya tomonidan ishlab chiqariladigan hisoblagichlar, eng og‘ir shart-sharoitlar, xususan, yuqori bosimlar (55 MPa gacha) va yuqori haroratlarga (+710°S) bardoshli bo‘lib, suyultirilgan tabiiy gaz va boshqa kriogenik muhitlarda -196°S gacha ishlaydi va aniq o‘lchov olish imkonini beradi.

Kompaniya mahsulotlari orasida eng kichik diametrdagi hisoblagichlardan to diametri 15 metrgacha bo‘lgan katta chiqish trubalarini hisobga olish uchun mo‘ljallangan uskunalar ham mavjud.

Muhokamalar yakunida gaz o‘lchashning ultraovozli hisoblagichlarini Jamiyat ishlab chiqarish obyektlarida sinovdan o‘tkazish imkoni yuzasidan kelishib olindi.

Shuningdek, Rossiya kompaniyasi ishlab chiqarish obyektlariga oliy malakali mutaxassislarini yuborish va O‘zbekistonda nazorat-o‘lchash uskunalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qiziqish bildirdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati