January 28

Ozarbayjon kompaniyasi bilan hamkorlik aloqalari yanada kengaymoqda

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJ ishchi guruhi Boku shahridagi “CDF” injinering kompaniyasining ishlab chiqarish maydonlarida bo‘lishdi.

Tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasida burg‘ilash suyuqliklarini tayyorlash, yetkazib berish va texnik kuzatish tizimini joriy etish hamda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishga qaratilgan muzokaralar olib borildi.

Ushbu kompaniya har xil turdagi burg‘ilash suyuqliklarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya og‘ir sharoitlarda, masalan, og‘ish burchagi 80 darajadan ortiq bo‘lgan quduqlar, shuningdek, yuqori harorat va bosim sharoitida olib boriladigan kichik burg‘ilash va ikkilamchi yonbosh burg‘ilash ishlarini olib borishda katta tajribaga ega. Bugungi kunda Ozarbayjon, Hindiston, Malayziya, Turkiya, Xitoy va Yevropa mamlakatlaridagi "SOCAR AQS", "Gulf Drilling FZE", "DH NST", "CS Oilfield Turkey", "Azneft IB" kabi yirik kompaniyalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib beruvchisi hisoblanadi.

Tashrif doirasida “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati vakillari kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatlari va infratuzilmasi, shu jumladan burg‘ilash suyuqliklari uchun kimyoviy reagentlarni saqlash omborlari, quduqlarni tugatishda foydalaniladigan uskunalar va ishlab chiqarish liniyalari bilan yaqindan tanishdilar.

Burg‘ilash suyuqliklarini qayta ishlash, tozalash tizimlari va jihozlarga texnik xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan o‘zaro kelishuvlarga erishildi

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook