Jamiyatning asosiy maqsadlaridan biri korxona va boshqarmalarda energiya samaradorlikni oshirish
“O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati va Yaponiyaning “Yokogawa Electric Corporation” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda tomonlar ilg‘or texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan masalalarni muhokama qildilar.
Uchrashuvda muhim mavzulardan biri “O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislarini eng so‘nggi texnologiyalar bilan tanishtirish maqsadida Yaponiyada o‘qitish masalasi bo‘ldi. O‘quv jarayonlarini Yaponiyaning neft va gaz loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash dasturi - JCCP moliyaviy ko‘magi asosida amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Ta’kidlash joizki, hozirgi kunda “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari va zavodlarda “Yokogawa Electric Corporation” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan bir qator uskunalardan foydalanilmoqda. Bu texnologiyalar ishlab chiqarish jarayonlarini tezkor nazorat qilish, jarayonlarni avtomatlashtirish va xavfsizlikni ta’minlash imkonini bermoqda.
Ayni vaqtda yapon kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan takliflar “O‘zbekneftgaz” AJ departamentlari mutaxassislari tomonidan o‘rganilmoqda.
Jamiyat ishlab chiqarish quvvatlarining energiya samaradorligini oshirish maqsadida dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda.