October 24, 2023

Gaz quvurlariga yashirin o‘rnatilgan xomut va hovuzlar fosh etildi

Ruscha

Joriy yilning oktyabr oyida “O‘zbekneftgaz” AJ aloqa kanallariga gaz quvuri mexanik ravishda teshilib, mahsulotni o‘g‘irlash uchun xomut o‘rnatilgani haqida ma’lumot kelib tushdi.

Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasidan Gazli gazni qayta ishlash zavodiga kondensat yetkazib beruvchi ushbu quvur “O‘zbekneftgaz” AJning hududiy komplayens inspektorlari va Boshqarmaning qo‘riqlash bo‘limi xodimlari tomonidan zudlik bilan o‘rganib chiqildi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda quvurdan taxminan 600 metr uzoqlikda qumga ko‘milgan rezina shlang hamda polietilen plyonka bilan qoplangan, o‘lchami 2x4 metr kavlangan chuqur aniqlandi.

Kuzatuvlar jarayonida xodimlarda Boshqarmaga qarashli uzunligi 66 km bo‘lgan magistral quvur yo‘nalishida noma’lum shaxslar boshqaruvidagi, davlat raqami yashirin bo‘lgan “UAZ” rusumli avtoulovlarning serqatnov bo‘lib qolgani shubha uyg‘otdi.

O‘rganishlar natijasida mazkur yo‘nalishdagi quvurga o‘rnatilgan yana bitta xomut va undan taxminan 700 metr uzoqlikgacha tortilgan shlang hamda polietilen plyonka bilan qoplangan hajmi 10x2,5m bo‘lgan hovuz topildi.

Ushbu holatlar bo‘yicha tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube