April 8

Quyi tizim matbuot xizmati xodimlari uchun o‘quv-seminar o‘tkazilmoqda

Ruscha

Joriy yilning 10–11 aprel kunlari Buxoro shahrida “O‘zbekneftgaz” AJ quyi tizim matbuot xizmati xodimlari uchun “Media va axborot savodxonligi, mobilografiya, sun’iy intellekt va virtual instrumentlardan samarali foydalanish masalalari” mavzusida o‘quv-seminar o‘tkazildi.

Unda Jamiyat tasarrufidagi korxona va tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan matbuot xizmati xodimlari ishtirok etdi.

Bugungi kunda axborot xabari nafaqat tezkor, balki ishonchli, ta’sirchan va yuksak texnologik talablarga javob beradigan shaklda bo‘lishi talab etilmoqda. Seminarning asosiy maqsadi ham axborot xizmatlari faoliyatini zamonaviy mediatrendlar asosida takomillashtirish, mobil jurnalistika va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish orqali kontent sifati va tezkorligini oshirishdir.

Ikki kunlik seminar davomida axborot xizmatlarining zamonaviy faoliyatida muhim bo‘lgan - matbuot materiallarini tayyorlash va tahrirlash, smartfon orqali foto va video kontent yaratish, mobil ilovalardan samarali foydalanish, sun’iy intellekt yordamida kontent tayyorlash amaliyoti, ChatGPT vositasida matnli materiallar tayyorlash yo‘nalishlaridagi mavzular qamrab olindi.

Seminar kun tartibida nazariy bilimlarni o‘zlashtirish bilan birga amaliy mashg‘ulotlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Seminar yakunida ishtirokchilar tomonidan fikr almashinuv va savol-javob sessiyasi o‘tkazildi. Barcha ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi.

Bunday o‘quv dasturlari nafaqat axborot xizmatlari faoliyatini takomillashtirish, balki korporativ axborot siyosatini yanada samarali yo‘lga qo‘yish hamda o‘zaro tajriba almashishga ham xizmat qilishi shubhasiz.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati