Gaz qazib chiqarish samaradorligi tanqidiy tahlil qilindi
"Oʻzbekneftgaz" AJ Boshqaruv raisi Abdugʻani Sanginov boshchiligidagi ishchi guruhning Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga tashrifi doirasida "Shoʻrtan" koni shtabida kengaytirilgan ishchi yigʻilish oʻtkazildi.
Unda qazib chiqarish jarayonlarining bugungi holati, mavjud muammolar hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy-tahliliy asosda muhokama qilindi.
Yigʻilishda geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, yangi istiqbolli maydonlarni oʻzlashtirish, burgʻilash ishlarini jadallashtirish, ishchi quduqlardan maksimal darajada tabiiy gaz qazib olish, ishlab chiqarishga taʼsir qilayotgan texnik muammolarni bartaraf etish hamda kapital va joriy taʼmirlash ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash masalalari atroflicha koʻrib chiqildi.
Boshqaruv raisi har bir quduqning texnik holati, burgʻilash ishlarining borishi, geologik-texnik tadbirlar ijrosi va qazib chiqarish koʻrsatkichlari boʻyicha masʼullarning hisobotlarini tingladi. Mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydalanish, ishlab chiqarish intizomini kuchaytirish, qarorlar ijrosini qatʼiy nazorat qilish hamda har bir texnologik jarayonning samaradorligini oshirish yuzasidan mutasaddilarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek ishchilarning ijtimoiy holatini yaxshilash boʻyicha qilinayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatning energetik barqarorligini taʼminlashda "Shoʻrtan" koni alohida strategik ahamiyatga ega. Shu bois geologiya-qidiruvdan tortib burgʻilash, quduqlarni taʼmirlash va tabiiy gaz qazib chiqarishning har bir bosqichi Boshqaruv raisining shaxsiy nazorati ostida tashkil etilib, belgilangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan masʼullarga qatʼiy topshiriqlar berildi.