September 15

“Uzbekistan GTL” mutaxassisi xalqaro standartlar ishlab chiqishda O‘zbekiston nomidan ishtirok etadi

Texnika fanlari nomzodi, “Uzbekistan GTL” MCHJ innovatsiya menejeri Navro‘z Sultonov GOST davlatlararo standartlarni ishlab chiqish bo‘yicha neft va gaz yo‘nalishida O‘zbekistondan yagona mas’ul ekspert etib belgilandi.

GOST — MDH mamlakatlarida qo‘llaniladigan yagona texnik me’yorlar tizimi bo‘lib, mahsulot sifati, xavfsizlik va ekologik talablari hamda sinov usullarini belgilaydi. Neft va gaz sanoatida ushbu standartlarga rioya etish ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifatini kafolatlaydi, sinov metodlarini uyg‘unlashtiradi va davlatlararo bozorlarda tan olinishini ta’minlaydi.

Navro‘z Sultonov:

- neft va gaz mahsulotlari uchun texnik normalarni ishlab chiqishda ekspert sifatida qatnashadi;

- amaliy tajriba asosida zamonaviy me’yor va talablarni shakllantirishda mas’ul bo‘ladi;

- davlatlararo hamkorlik doirasida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha takliflar beradi.

Bu nafaqat mutaxassisning professional kasbiy yutug‘i, balki Uzbekistan GTL jamoasining yuqori ilmiy salohiyatidan dalolat beradi. Shu bilan birga, O‘zbekiston nomidan ushbu yoʻnalish boʻyicha GOST standartlari ishlab chiqilishida bitta mas’ul mutaxassis sifatida qatnashish — katta mas’uliyat va iftixordir.

"O‘zbekneftgaz" jamoasi hamkasbimizning ushbu yutugʻidan faxrlanadi va samimiy tabriklagan holda Navroʻz Sultonovga mustahkam sogʻlik, oilaviy farovonlik, kelajakdagi ishlarida omad va muvaffaqiyatlar tilaydi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati