“O‘zbekneftgaz” AJda raqamlashtirish dasturi doirasida kompleks tizimlarni joriy etish ishlari davom ettirilmoqda
Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish, xo‘jalik boshqaruvi va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirishda muhim omillardan hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari tomonidan soha va tarmoqlarni raqamlashtirish, ishlar chiqarish jarayonlarini yanada optimallashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Iqtisodiyot tarmoqlarida xarajatlar, qolaversa, ijro intizomini nazorat qilishda inson omili ishtirokini kamaytirishga faqat raqamlashtirish orqali erishish mumkinligi, jumladan, yurtboshimiz tomonidan “Raqamlashtirishdan bosh tortayotgan rahbar – korrupsiyani yo‘q qilishga intilmagan rahbar” deb ta’kidlangan.
Jamiyatdagi har bir biznes-jarayonni raqamlashtirish ishlari, jumladan, ERP (Enterprise Resource Planning) – Korxona resurslarini rejalashtirish tizimini joriy etish ishlari jadallashtirilmoqda.
Bu borada “O‘zbekneftgaz” AJ va uning tasarrufidagi korxonalarlarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar, vazifa va topshiriqlarni masofadan sifatli va aniq nazorat qilish maqsadida “UNG-DOCFLOW” axborot tizimida “Loyihalar boshqaruvi” moduli ishga tushirildi.
2024 yil 18 yanvar kuni Jamiyat Markaziy apparati xodimlari uchun ushbu modulning funksional imkoniyatlari, ishlash prinsiplari va qulayliklarini yoritib berish maqsadida seminar bo‘lib o‘tdi.
Qayd etish joizki, mazkur tizim “O‘zbekneftgaz” AJ ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib ishlab chiqilgan. Tizimda ichki hujjatlar aylanishi, yig‘ilishlar, xabarlar almashish, topshiriqlar, so‘rovnoma, loyihalar boshqaruvi, 360 daraja baholash, xodimlar jadvali, turniket va yangiliklar modullari ishlab chiqilgan bo‘lib, ularning afzalligi topshiriqlar ijrosi samaradorligini oshirish bilan bog‘liqdir. Shu bilan birga, loyihalar, chora-tadbirlar va topshiriqlar ijrosi bevosita KPI tizimiga bog‘lanadi.
Xususan, tizim xodimlarning hujjatlarni shakllantirish, qayta ishlash, tasdiqlashga sarflaydigan vaqtini qisqartirish, shuningdek, hujjat aylanishining optimallashtirish imkonini beradi. Bu esa jismoniy mehnatni qisqartirish, real vaqt rejimida vazifalar holatini kuzatish, shuningdek, tarkibiy bo‘linmalar ishtirokisiz statistik ma’lumotlarni yig‘ishga zamin yaratadi.
Bundan tashqari, buyurtmalarni qayta ishlash tezligini oshirish, qog‘oz, printer siyoh kabi boshqa sarf materiallarini tejash hisobiga qo‘shimcha xarajatlarni 2 barobargacha kamaytirish nazarda tutilgan.
Ijro intizomini nazorat qilish imkoniyatining avtomatlashtirilishi inson omilini kamaytirib, turli tushunmovchiliklarning oldini oladi. Bunda har bir xodimning topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarish holatini operativ nazorati o‘rnatiladi.
Albatta, bunday qulayliklar hujjatning tezkorlik bilan o‘z vaqtida ijro etilishini ta’minlaydi. Hujjatlar korxonaga tegishli bo‘lgan serverlarda saqlanadi. Tizimga faqat foydalanuvchilar maxsus parol va elektron raqamli imzo orqali kira olishi mumkin.
Ayni paytda modul sinov tarzida ishga tushirilgan bo‘lib, keyinchalik uning mobil versiyasini ham ishlab chiqish rejalashtirilgan. Bugungi kunda mazkur tizimni takomillashtirish jarayonlari davom ettirilmoqda.
ASKUG – gazni hisobga olishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini ishlab chiqilib, gaz hisoblash qurilmalaridan ma’lumotlar kunlik va soatlik uzatilgan gaz hisobini tahlil qilish imkoniyati yaratildi. Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 202Z yil 24 maydagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish va “Raqamli energonazorat” tizimini joriy etish to‘g‘risida” PF-77-son Farmoniga muvofiq Energetika vazirligi tomonidan yoqilg‘i-energiya resurslarini ishlab chiqarish, qayta ishlash (qazib olish), uzatish (tashish), saqlash, taqsimlash va iste’mol qilish, ularni miqdor jihatidan saqlash jarayoniga joriy etilayotgan “Raqamli energonazorat” tizimiga integratsiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Raqamlashtirish va avtomatlashtirish doirasida, E-KON – gazni qazib chiqarishni raqamlashtirish, UNG-PMS – quyosh fotoelektr stansiyalaridan ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi hisobi va holatini monitoring qilish avtomatlashtirilgan tizimlari hamda Nedra Digital - Burg‘ilash ishlarini boshqarish dasturiy kompleksini joriy etish ishlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, Jamiyat tasarrufidagi zavod va boshqarmalarda ta’mirlash ishlarini tizimli tartibga solish maqsadida UNG-CMMS (texnik xizmat ko‘rsatish va ta’milashni boshqarish) tizimini, ehtiyojlarni shakllantirish va omborxonalarni boshqarish tizimini joriy qilish rejalashtirilgan.
ERP tizimi joriy etish holati, yuqorida qayd etilgan va istiqbolda joriy etish rejalashtirilgan tizimlar yuzasidan kelgusida batafsil ma’lumot berib boriladi.